Jamiyat | 23:04 / 01.05.2023
52400
6 daqiqa o‘qiladi

Ikki erkak tergov jarayonida qiynoqqa solingani aytilmoqda. IIV munosabat bildirdi

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ta’kidlashicha, qiynoqqa solingani iddao qilinayotgan shaxslar og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib qo‘lga olingan va tezkor tadbir chog‘ida qattiq qarshilik ko‘rsatishgani sababli maxsus xizmatlar tomonidan ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanov feysbukdagi sahifasida tergov organlari tomonidan fuqarolar qiynoqqa solinayotgan holatlar mavjudligi haqida yozdi.

“O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatiga murojaat qilgan Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini iddao qilgan.

Surishtiruv, advokatlari va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Dildoshjon To‘raxo‘jayev haqiqatan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, qora maxsus kiyimdagi “ajal farishtalari” va tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solingan”, deyiladi “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmati nomidan tarqatilgan xabarda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov yirik uyushgan jinoiy guruh tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelgani, ular ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlangani hamda nihoyatda tajovuzkor ekani sababli maxsus kuchlarni jalb etgan holda qo‘lga olinganini bildirdi.

“2023 yilning 12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruhning 10 nafar a’zolari qo‘lga olingan.

Guruh a’zolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldindan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan ta’minlangan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Abdurahmon Tashanov ayni paytda jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan yana bir erkakka nisbatan qiynoq qo‘llanganini ta’kidlab, har ikki holatga doir suratlarni ham e’lon qilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi JKning 251-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qoldi. Uning badaniga elektroshoker vositasida yetkazilgan zarar siz ko‘rayotgan rasmlarda ham aks etgan. Uning momataloq badanidagi jarohatlar hanuz ketgani yo‘q”, deya ta’kidlaydi huquq faoli.

IIV matbuot kotibi tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda qiynoqqa solingani iddao qilinayotgan shaxs qo‘lga olinayotganda qattiq qarshilik ko‘rsatgani, shu sababli maxsus xizmatlar tomonidan unga jismoniy kuch ishlatilgani, erkakning tanasidagi momataloq ishlari shuning asoratlari ekani keltiriladi.

“Joriy yilning 6 aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan.

Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251- prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan ta’minlangan”, deyiladi bayonotda.

Abdurahmon Tashanov tomonidan e’lon qilingan suratlarda Hasanboy Abdunabiyevning badanida elektroshoker qoldirgan izlar yaqqol ko‘ringan.

“Ezgulik” jamiyati qiynoqqa solingani iddao qilinayotgan shaxslarning advokatlariga tayanib, ushbu qonunbuzarliklarni yashirishga urinishlar bo‘layotganini bildirib, Bosh prokuraturani yuqoridagi holatlar bo‘yicha chuqur tekshiruvlar o‘tkazish hamda Qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmlar guruhi faoliyatiga huquqiy baho berishga chaqirgan.

Shohrux G‘iyosov har ikki holatda gumondorlarning muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelgani, ilgari ko‘chada turli mushtlashuvlarda qatnashgani aniqlangan bo‘lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotgani haqida ma’lumotlar mavjudligi, har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan. 

Mavzuga oid