Forbes dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilarini e’lon qildi
Forbes talqini bo‘yicha eng yuqori daromadli erkak sportchilar reytingida yetakchi o‘zgardi - bu yil ro‘yxatni Krishtianu Ronaldu boshqarib turibdi. O‘tgan yilgi yetakchi Lionel Messi bu safar ikkinchi o‘rinni egalladi. Dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan sportchilar uchligiga faqat futbolchilar kiradi.
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Amerikaning Forbes jurnali tomonidan tuzilgan eng yuqori daromadli sportchilar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Uning so‘nggi 12 oydagi umumiy daromadi 136 million dollarga baholangan. Ronaldu bu mablag‘ning atigi uchdan bir qismini – 46 million dollarni futbol maydonida ishlab topgan. Portugaliyalik futbolchi 2022 yil noyabr oyida «Manchester Yunayted»ni tark etib, 2023 yil yanvarida Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga o‘tgan edi. Yana 90 million dollar — Ronalduning stadiondan tashqaridagi, shu jumladan reklamadan tushgan daromadi.
Reytingning ikkinchi qatorida uning o‘tgan yilgi yetakchisi - 35 yoshli argentinalik futbolchi Lionel Messi joy oldi. Uning yillik daromadi o‘zgarmagan – 130 million dollar. Bu qiymatning yarmini Adidas, Budweiser, PepsiCo va boshqa brendlar bilan tuzilgan reklama shartnomalaridan olgan.
Yana bir futbolchi, 24 yoshli fransiyalik Kilian Mbappe dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilari uchligiga kirdi. U o‘tgan yili 120 million dollar ishlab topgan bo‘lsa, shundan 100 million dollari futbol maydonidan kelgan.
Shuningdek, reytingdan uchta basketbolchi, jumladan, «Los-Anjyeles Leykers»dan Lebron Jyeyms (to‘rtinchi o‘rin, 119,5 million dollar), «Golden Steyt Uorriors»dan Stefen Karri (sakkizinchi o‘rin, 100,4 million dollar) va «Finiks Sans»dan Kevin Dyuran (10, 89,1 million dollar) o‘rin olgan.
Reytingga ikki golfchi ham kirdi: amerikalik Dastin Jonson (oltinchi qator, 107 million dollar) va Fil Mikkelson (yettinchi qator, 106 million dollar). Forbes ularning reytingga kirishini kutilmagan syurpriz deb ataydi va buni Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtiriladigan PGA Tour musobaqasiga o‘tishi bilan baholaydi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Mikkelson shartnomani imzolash uchun 200 million dollar kafolat olgan, Jonson esa 125 million dollar.
Reytingning o‘rtasida - beshinchi pog‘onada - meksikalik bokschi Kanelo Alvares (110 million dollar). Shveytsariyalik tennischi Rojyer Federer 95,1 million dollar bilan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.
Reytingni tuzishda Forbes 2022 yilning 1 mayidan 2023 yilning 1 mayigacha sportchilarning ish haqi va barcha mukofot pullari va bonuslarini hisobga olgan.
Dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi o‘n nafar sportchining yillik umumiy daromadi 1 milliard dollardan oshgan.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:42 / 06.10.2024
Forbes eng ko‘p maosh oladigan davlat rahbarlarini e’lon qildi
21:08 / 26.09.2024