Berlinda Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayyerning muzokaralari bo‘lib o‘tdi
3 may kuni Berlin shahridagi Belvyu saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari federal prezidentga Germaniyaga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Faol siyosiy, gumanitar va ishbilarmonlik muloqotlari davom etmoqda. Tomonlar nufuzli xalqaro institutlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish muhimligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi. Prezidentlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Prezidentlar umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiya-texnologiya bitimlari imzolanishi bilan yakunlangan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalarini olqishladi.
Berlinda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va farovonlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholanmoqda. Shu ma’noda, Germaniya mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini, shu jumladan Yevroittifoqning “Global darvoza” tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.
Tomonlar mintaqada, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordam ko‘rsatish, bunda chegaraoldi Termiz shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma imkoniyatlaridan ham foydalanish muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar Berlin shahrida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlab noyob ko‘rgazma ochilayotganidan mamnunligini bildirdilar. O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlash, shu jumladan mamlakatimiz hududlarida Gyote Instituti faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayyerni mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Mavzuga oid
20:19
2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshi oshiriladi
18:47
Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024