O‘zbekiston | 15:21 / 08.05.2023
10810
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston bunga loyiq» - Yevropa Ittifoqi elchisi «Yevropa kuni» va O‘zbekistondagi loyihalar haqida

O‘zbekistonda «Yevropa kuni» nishonlandi. UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili va Yevropa Ittifoqi elchisi festivalda o‘zbekistonliklar bilan yaqindan gaplashish imkonini bergan, jumladan, Suriya va Iroqdan qaytgan ayollar va bolalarning qayta tiklanishi, migrantlarning farzandlarinini qo‘llab-quvvatlashga oid loyihalar haqida gapirib berdi.

Yevropa kuni — «Shuman deklaratsiyasi» imzolangan sana har yili bayram qilinadi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Robert Shuman o‘zining tarixiy nutqini 1950 yil 9 mayda so‘zlagan va u Yevropa Ittifoqining tashkil etilishiga olib kelgan. Uning nutqi Deklaratsiyaga aylandi, hujjat imzolangan sana esa Yevropada tinchlik va birdamlikni saqlab qolishga xizmat qiluvchi sana sifatida har yili nishonlanadi.

Hozirda Yevropa kuni barcha Yevropa mamlakatlarida, shuningdek hamkor mamlakatlar, xususan O‘zbekistonda ham ommaviy nishonlanadi. (Mavzuga doir: Kuni-kecha Ukraina prezidenti 9 may Ukrainada bundan buyon Yevropa kuni sifatida nishonlanishi haqida farmonni imzoladi).

6 may kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida tashkillashtirilgan, 5000 dan ziyod odam tashrif buyurgan festivalda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 40ga yaqin loyiha taqdim etildi. Loyihalar Yevropa Ittifoqi va Yevropa jamoasi tomonidan moliyalashtiriladi.

«O‘zbekistonda Yevropa kunini tashkil qilish biz uchun juda muhim. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan bir qancha ishlarni amalga oshiryapti. Bizning dasturlarimiz xilma-xil va ularning hammasi O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Festival odamlarni bizning dasturlarimizdan xabardor qilish, ular bilan gaplashish, ayniqsa, yoshlar bilan kommunikatsiya qilish, g‘oyalar almashish imkoniyatidir. Biz qo‘limizdan kelgan eng yaxshi ishlarni qilishga harakat qilyapmiz, ishonamizki, O‘zbekiston ham bunga loyiq», – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian

Festivalda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning Markaziy Osiyoda, jumladan Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishi va barqarorlik, O‘zbekistonda gender tenglik va ayollar huquqlarini ilgarilatish uchun fuqarolik jamiyati, hamjamiyatlar va hokimiyat organlari qadriyatlarining mustahkamlanishi, qattiq chiqindilarni qayta ishlash tizimlarining rivojlanishi, Erasmus+ ta’lim dasturlari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha faoliyat, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqalar kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.

UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzoda Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Yevropa Ittifoqi bilan UNICEF birgalikda amalga oshirgan va oshirayotgan loyihalar haqida gapirib berdi.

«Turli dasturlarga qo‘shilishimiz har doim muhim, chunki biz Yevropa Ittifoqi bilan birga bolalar huquqlarini himoya qilish va boshqa masalalarda rivojlanish kabi o‘xshash qadriyatlarga egamiz. Biz hozirda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida bir qo‘shma dasturni amalga oshiryapmiz. O‘tgan yilning sentabr oyida Surxondaryoda inklyuziv ijtimoiy xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan dasturni amalga oshirdik», — dedi Mammadzoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, UNICEF Surxondaryo viloyatidagi nochor qatlam, jumladan, u yerdagi afg‘onlarga ham e’tibor qaratadi. Ular ta’lim, ijtimoiy himoya xizmatlarini yaratishga harakat qilishmoqda. 

UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzoda.

«Shuningdek, Suriya va Iroqdagi to‘qnashuv zonalaridan qaytgan ayollar va bolalarning qayta tiklanishini va jamiyatga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarimiz bor. Bunda Yevropa Ittifoqi bizni qo‘llab-quvvatlovchi hamkorlardan biridir. Ayollar va bolalarning oilalarga qaytishlari va jamiyatga kirishib ketishlari hamda xizmatlardan foydalanishlariga yordam beramiz. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarga ketib ishlayotgan migrant ota-onalarning bolalarini qo‘llab-quvvatlashga doir maqsadli dasturlarni ishlab chiqqanmiz», — deydi Munir Mamadzoda.

Taqdim etilgan loyihalar qatorida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashishga oid loyiha ham bor. Bu loyiha Yevropa Ittifoqi ko‘magida 2020 yilda boshlangan.

«Bu besh yillik loyiha O‘zbekistonning jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi orqali iqtisodiyotni modernizatsiya qilish bo‘yicha rivojlanish rejalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Undan ko‘zlangan maqsad — mamlakatda JST qoidalariga mos keladigan savdo tartibini o‘rnatish uchun O‘zbekistonga yordam berish», — deydi loyiha milliy koordinatori Adham Akbarov.

Loyiha doirasida hukumat JSTga a’zo bo‘lish uchun muayyan masalalarda maslahat bera oladigan xalqaro konsultantlarni jalb qilishi mumkin. Bunga loyihaning O‘zbekistondagi ofisi ko‘mak beradi.

Festivalda namoyish etilgan yirik loyihalardan biri Xalqaro yuristlar komissiyasidir.

«Biz sudyalar uchun treninglar, inson huquqlari borasida ekspertlar bilan ochiq muhokamalar tashkil qilamiz, turli broshyuralar nashr qilamiz, targ‘ibot ishlarini amalga oshiramiz.

Yuristlar xalqaro komissiyasi O‘zbekistonda 18 yildan beri ishlaydi. 2021-2024 yillarda qiymati 350-400 ming yevro bo‘lgan ikkinchi loyihani amalga oshiryapmiz», — deydi loyiha koordinatori Dilfuza Qurolova.

Festivalda 2003 yilda ishga tushirilgan BOMCA (border management program in Central Asia) loyihasi ham ishtirok etdi. Aytish kerakki, loyiha Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi eng yirik loyihalaridan biridir.

Yevropa Ittifoqi tomonidan Latviya va Litva hamkorligida moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyo chegaralarini boshqarishga ko‘maklashish dasturi Osiyo mintaqasi salohiyatni oshirish, institutsional rivojlanish, savdo yo‘laklarini rivojlantirish va savdoni osonlashtirish, chegaralarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish hamda Markaziy Osiyo hududida giyohvand moddalarni yo‘q qilishga qaratilgan.

Festival keng omma uchun ko‘ngilochar qismni ham o‘z ichiga oldi. Unda o‘zbek estradasi yulduzlari, mavzuviy fleshmoblar, mahorat saboqlari, ijodiy va sport tadbirlari, shuningdek raqs hududlari tashkil etildi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid