Jahon | 22:12 / 09.05.2023
39408
20 daqiqa o‘qiladi

Qatlga 2 soat qolganda o‘z joniga qasd qilgan Herman Gyoring. Natsistlarni qanday sud qilishgan edi?

1945 yilning noyabr oyida Germaniyaning Nyurnberg shahrida tarixda birinchi marta o‘n millionlab odamlarning umriga zomin bo‘lgan jahon urushini qo‘zg‘agan siyosiy rejimning jinoiy qilmishlari ko‘rib chiqiladigan sud jarayoni boshlandi. Ushbu sud Yevropa mamlakatlariga qarshi Hitler agressiyasi tarixiga nuqta qo‘yish bilan birga yangi jahon urushlarining oldini olishga xizmat qiluvchi xalqaro huquqning yangi normalari shakllanishi uchun ham zamin bo‘lgan edi.

Foto: Nuremberg municipal museums

Kayzer Vilhelm birinchi harbiy jinoyatchi sifatida

Davlat boshliqlarini harbiy jinoyatlari uchun jazolash masalasi ilk bor Birinchi jahon urushidan so‘ng ko‘tarilgan edi. O‘shanda Germaniya imperatori Vilhelm ikkinchiga urushni boshlash aybi qo‘yilgan. Biroq kayzer Niderlandiyadan siyosiy boshpana topgan va ushbu davlat hukumati imperatorni g‘oliblar qo‘liga topshirishdan bosh tortgan edi.

Oqibatda «xalqaro axloq qoidalari va shartnomalarni misli ko‘rilmagan darajada oyoqosti qilgan»likda ayblanishiga qaramay Vilhelm ikkinchi oshini oshab, yoshini yashab vafot etdi, Ikkinchi jahon urushining boshlarida Parij hitlerchilar tomonidan bosib olinganini eshitdi. Uning vafotidan uch haftacha vaqt o‘tgach Germaniya Sovet ittifoqiga hujum qilgan edi.

Qasos haqida ikki xil fikr

SSSR hukumatining 1942 yil 14 oktyabrdagi «Hitlerchi bosqinchilar va ularning sheriklarining bosib olingan Yevropa mamlakatlarida sodir etgan yovuzliklari uchun javobgarligi to‘g‘risida»gi bayonotida birinchi marta Germaniya natsistlarining rahbarlarini sud qilish masalasi ko‘tarilgan edi. Aynan ushbu hujjatda Uchinchi reyx rahbarlarini sud qilish uchun xalqaro tribunal tashkil qilish g‘oyasi ilgari surilgan.

1943 yilning noyabrida SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining Moskva konferensiyasi protokoli, uning bandlaridan biri sifatida «Sodir etgan vahshiyona ishlari uchun hitlerchilarning javobgarligi to‘g‘risida»gi deklaratsiya imzolandi. Unda jinoyatchilar qilmishni qayerda sodir etgan bo‘lsa o‘sha davlatning qonunlari bo‘yicha javobgarlikka tortilishi nazarda tutildi. Shu bilan birga «deklaratsiya kirdikorlari muayyan geografik joylar bilan bog‘liq bo‘lmagan va ittifoqchilar hukumatlarining qo‘shma qarori bilan jazolanadigan bosh jinoyatchilar masalasini qamrab olmasligi» alohida ta’kidlandi.

Ittifoqchilarning qo‘shma qarori 1945 yilgacha ishlab chiqilmadi. Chunki sovet tarafi ochiq sud o‘tkazilishini har qancha talab qilmasin, ittifoqchilar bunga qarshilik qilib kelishdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill Uchinchi reyx rahbarlarini sud va so‘roqsiz otib tashlash kerak deb hisoblar, AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt ham shunday fikrda edi.

Sud qilish kerakmi yo joyida otib tashlash kerakmi?

1944 yilda AQSh va Buyuk Britaniya rahbarlari Stalinga masalani sudsiz hal qilishning yana bir variantini — ushlanganidan va shaxsi aniqlanganidan keyin bir soat ichida otib tashlanishi kerak bo‘lgan 100 ta bosh jinoyatchining ro‘yxatini tuzishni taklif qilishdi. Sovet rahbari bunga ko‘nmadi.

G‘arb rahbarlari eng katta natsistlarni sud va so‘roqsiz gum qilishga intilishining ikkita sababi budir: avvalo ularni sud qilish uchun yetarli yuridik baza mavjud emas edi, ikkinchidan esa sud jarayonida antihitler koalitsiyasi vakillarining o‘zini noqulay vaziyatga solib qo‘yadigan faktlar oshkor bo‘lib qolishi mumkin edi.

Sovet ittifoqi faqat Uchinchi reyx rahbarlarini jazolash uchungina emas, natsistlar davlatining boshqaruv tuzilmalari va tashkilotlarini sud tartibida jinoiy tuzilma va tashkilot deb topish uchun ham sud jarayoni o‘tkazilishini talab qilardi, bu esa ushbu tashkilotlarning a’zosi bo‘lganlarning hammasini javobgarlikka tortish imkonini berardi.

1945 yilning fevralida o‘tkazilgan Yalta konferensiyasida eng katta hitlerchilarni jazolash masalasi yana bir bor o‘rtaga tashlandi. Stalin bosh harbiy jinoyatchilar sud qilinishi kerak degan fikrni bildirdi. Ruzvelt ham shu fikrda edi. Cherchill buni xohlamayotgani yuz-ko‘zidan bilinib tursa-da, umumiy qarorga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. Ammo Buyuk Britaniya bosh vaziri bosh jinoyatchilar ustidan o‘tkaziladigan sud yuridik emas, siyosiy akt bo‘lishi kerak deb shart qo‘ydi. Eng katta fashistlar ularni nima kutayotganini bilib qo‘lidagi harbiy asirlardan o‘ch olishni boshlab yubormasliklari uchun uch rahbarning kelishuvlari haqida hech qanday axborot chop etilmadi.

Olamshumul sud jarayoni

Amerikaning ochiq va oshkora sud jarayoni o‘tkazilishini talab qilgan yetakchi yuristlari bu borada o‘zlari bilmagan holda Stalin bilan hamfikr chiqib qolishdi. Aynan professional yuristlarning fikri Ruzveltni sud o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga undadi.

1945 yil 3 may kuni, tashqi ishlar vazirlarining San-Fransiskodagi uchrashuvida xalqaro sudni tashkil qilish haqida uzil-kesil kelishib olindi.

1945 yilning 26 iyunidan 8 avgustigacha o‘tkazilgan London konferensiyasida SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya yuristlari Xalqaro harbiy tribunal haqidagi bitim va uning ustavini ishlab chiqishdi. Ustavda tinchlikka qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar bilan birga insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun ham jazo belgilandi. Insoniyatga qarshi jinoyatlarga Germaniyadagi natsistlarga muxolif bo‘lgan har qanday kuchlarni yo‘q qilish, siyosiy, irqiy va diniy motivlarga ko‘ra ta’qib qilish, xalqlarni jismonan va ma’nan yo‘q qilib yuborishga qaratilgan qilmishlar kiritildi.

Yuristlar oldida juda qiyin vazifa — g‘oyat qisqa muddatda sud jarayoni uchun yuridik baza yaratish, SSSR va Fransiyada amal qilinadigan roman-german (kontinental) huquq tizimi bilan Buyuk Britaniya va AQShda amal qilinadigan ingliz-amerika huquq tizimini muvofiqlashtirish vazifasi turar edi.

Xalqaro harbiy tribunalning ustavi Gaaga va Jyeneva konvensiyalariga, BMTning o‘tmishdoshi bo‘lgan Millatlar ligasining qaror va shartnomalariga asoslangan holda ishlab chiqildi. XHT ustavida avvalgi sud jarayonlarida qo‘llanmagan o‘ziga xos jihatlar ham bor edi. Ustavning 6- va 9-paragraflarida muayyan guruhlar va tashkilotlar ham ayblov sub’yekti bo‘lishi mumkinligi belgilangan edi. 13-moddada sud jarayonning borishini mustaqil belgilashga haqli ekanligi e’tirof etilgan edi.

Keyinchalik tribunalning ustavi yana 19 ta davlat tomonidan tan olingach, Nyurnberg tribunalini norasmiy ravishda «xalqlar sudi» deb atay boshladilar.

Ayblanuvchilar va «taqiqlangan mavzular»

1945 yil 8 avgust kuni Xalqaro harbiy tribunal tomonidan sud qilinadigan shaxslar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga o‘lgani o‘sha paytda aniq tasdiqlangan Adolf Hitler, Henrix Himmler va Yozef Gebbels kiritilmadi, Martin Borman nomi esa sirtdan bo‘lsa ham kiritildi (uning o‘lgani o‘n yillardan so‘ng tasdiqlanadi).

Bormandan tashqari ro‘yxatdagi yana ikki kishini sud qilib bo‘lmadi. Nemis sanoatchisi Gustav Krupp shol bo‘lgani uchun suddan qutulib qolgan bo‘lsa, Germaniya mehnat fronti rahbari Robert Ley sud jarayoni boshlanishiga bir necha kun qolganda Nyurnberg turmasida o‘zini o‘zi osib o‘ldirdi.

Natijada Uchinchi reyxning siyosiy va harbiy rahbariyatining 21 vakili — Herman Gyoring, Rudolf Hess, Ioaxim fon Ribbentrop, Vilhelm Keytel, Ernst Kaltenbrunner, Alfred Rozenberg, Hans Frank, Vilhelm Frik, Yulius Shtreyxer, Yalmar Shaxt, Valter Funk, Karl Dyonits, Erix Reder, Frits Zaukel, Baldur fon Shirax, Alfred Yodl, Frans fon Papen, Artur Zeyss-Inkvart, Albert Shpeyer, Konstantin fon Neyrat, Hans Friche sudning qora kursisiga o‘tirg‘izildi.

Sudlanuvchilar tinchlik va insoniyatga qarshi suiqasdni tashkil qilish va amalga oshirishda (harbiy asirlarni o‘ldirish, aholini qiynash va o‘ldirish, jamoat mulki va xususiy mulkni talash, qullar mehnatidan foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish va b.da), o‘ta og‘ir harbiy jinoyatlarni sodir etishda ayblandilar. Shuningdek qo‘riqlash otryadlari(SS)ni, xavfsizlik xizmati (SD) ham shunga kiradi, davlat maxfiy politsiyasi(gestapo)ni, shturm otryadlari(SA)ni jinoiy deb topish, Germaniya qurolli kuchlarining oliy martabali qo‘mondonlari va natsistlar partiyasi rahbariyatini javobgarlikka tortish masalasi ham o‘rtaga tashlandi.

Cherchillning sud jarayonida noqulay savollar va masalalar «yuzaga chiqishi» mumkinligidan xavotirlanishi muhokama qilinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan masalalar ro‘yxati tuzilishiga olib keldi. Masalan, 1938 yilgi «Myunxen bitimi» va 1939 yilgi «Molotov-Ribbentrop pakti»ga oid masalalar shular sirasiga kirib, ayblanuvchilar va himoyachilarning ularni ko‘tarishga bo‘lgan har qanday urinishiga o‘sha zahoti barham berilishi kerak edi. AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va SSSR vakillari shunga kelishib oldilar.

Ramziy Nyurnberg

Sud jarayoni o‘tkaziladigan joy sifatida Nyurnberg tanlandi. Buning bir nechta sababi bor edi. Birinchidan, Amerika okkupatsiya zonasida bo‘lgan Nyurnbergga urush paytida unchalik zarar yetmagan edi.

Ikkinchidan, bu yerda shunday ko‘lamdagi sud jarayonini o‘tkazish uchun juda qulay bo‘lgan Adolat saroyi joylashgan bo‘lib, u yonginasidagi, sudlanuvchilar saqlanayotgan Nyurnberg turmasi bilan tutash edi.

Uchinchidan, Nyurnberg mafkuraviy jihatdan natsistlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, Hitler hokimiyatga kelgach Nemis natsional-sotsialistik ishchi partiyasi(nemischa Nationalsozialistische Deutsche Arbeiterpartei (NSDAP))ning qurultoylari doim shu yerda o‘tkazilar edi. 1935 yili shu shaharda millionlab odamlarning uqubat chekishi va halokatiga sabab bo‘lgan «Nyurnberg irqiy qonunlari» qabul qilingan.

Sud jarayoni o‘tkazilgan davrda sudlanuvchilar turmada Amerika harbiylari nazoratida saqlandi. Sud zaliga ham ular amerikaliklar soqchiligida olib kelindi va qo‘riqlab turildi. Adolat saroyining o‘zini esa tashqi tomondan sovet harbiylari qo‘riqlab turishdi.

To‘rtta sudya va to‘rtta ayblovchi

G‘olib davlatlarning kelishuviga ko‘ra Xalqaro harbiy tribunal to‘rt davlat vakillaridan teng huquqlilik asosida tashkil etildi. Sud jarayonida Buyuk Britaniya vakili Jyeffri Lourens raislik qildi, SSSR Oliy sudi raisining o‘rinbosari, adliya general-mayori Iona Nikitchenko SSSR nomidan, Amerikaning sobiq bosh prokurori Frensis Biddl AQSh nomidan, jazo huquqi professori Anri Donnedyye de Vabr Fransiya nomidan qatnashdi. Ovozlar soni teng kelib qolishi mumkinligini hisobga olib Jyeffri Lourensning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Ayblov tarafi ham to‘rt davlat vakillaridan tashkil topib, har biriga alohida vazifa yuklandi. AQSh vakili hisoblangan, sud jarayonining mafkurachi va tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Robert Jyekson ayblovning birinchi qismi — Germaniyaning «umumiy rejasi yoki fitnasi» uchun mas’ul bo‘ldi. Buyuk Britaniya vakili bo‘lgan Hartli Shoukross tinchlikka qarshi jinoyatlar uchun ayblovni, Fransiya vakili bo‘lgan Fransua de Menton G‘arbiy Yevropada sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun ayblovni, SSSR vakili bo‘lgan Roman Rudenko SSSR, Polsha, Chexoslovakiya va Yugoslaviya hududida sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun ayblovni ilgari surdi.

Tribunalning ilk yig‘ilishi 1945 yil 20 noyabr kuni soat 10 da boshlandi.

Advokatlarning ish haqini ittifoqchilar to‘lashdi

Sud jarayonining tashkilotchilari uning hukmi butun dunyo tomonidan tan olinishidan manfaatdor edi, shu bois sudlanuvchilarga himoyalanish uchun maksimal imkoniyat berildi. Uchinchi reyx rahbarlarini eng yaxshi nemis advokatlari himoya qilishdi, ularga g‘olib davlatlar katta-katta gonorar to‘lashdi. Shuningdek, himoya bilan bog‘liq boshqa xarajatlar, masalan, guvohlarni sudga olib kelish xarajatlarini ham antihitler koalitsiyasi vakillari o‘z zimmasiga olishdi.

Sudlanuvchilarning barchasi taqdim etilgan hujjatlar bilan nemis tilida tanishib chiqish imkoniga ega bo‘lishdi. Sudning har bir yig‘ilishi ingliz, fransuz, rus va nemis tiliga sinxron tarjima qilib borildi. Ishlar tortishuv prinsipiga asosan ko‘rildi. Himoya va ayblov tomoni dalil keltirish, guvohlarni chaqirish, biryo‘la ikki yoqdan savol berib tergov qilish, nutq so‘zlash borasida teng huquqqa ega bo‘ldi.

Tribunal yig‘ilishlarida ayblov tomonidan 33 ta guvoh, himoya tarafidan 61 ta guvoh bevosita so‘zga chiqdi. Bundan tashqari sudga 2 mingga yaqin guvohning yozma guvohliklari, shuningdek SS ishi bo‘yicha 38 mingta, SA ishi bo‘yicha 10 mingta, SD ishi bo‘yicha 7 mingta yozma guvohlikning xulosasi bayon qilingan 6 ta hisobot taqdim etildi.

Tribunal yig‘ilishlarida sovet va amerika harbiylari tomonidan qo‘lga kiritilgan, Uchinchi reyx rahbarlarining jinoyatlarini fosh etuvchi 4500 ga yaqin hujjat namoyish etildi.

«Provokator» Gyoring va Paulyus haqida duv-duv gaplar

Bundan tashqari, Nyurnberg sud jarayonida shaharlarning vayron etilishi, madaniy yodgorliklarning yo‘q qilinishi va fashistlarning boshqa kirdikorlari haqidagi kinomateriallar ham ko‘rsatildi. Ayniqsa natsistlar tashkil etgan «o‘lim lagerlari» haqidagi kinomateriallar yig‘ilganlarni larzaga soldi (ushbu materiallarni sudga sovet tarafi taqdim etgan edi).

Stalin talab qilganidek, sud jarayonining maksimal darajada oshkora o‘tishi ta’minlandi. Sud majlisi bo‘lib o‘tadigan zaldagi 350 ta o‘rindan 250 tasi matbuot vakillariga berildi. Bundan tashqari sud majlislarida qatnashish uchun talabgorlarga 60 mingdan ortiq ruxsatnoma berildi, ruxsatnoma olganlarning aksariyati nemislar edi.

Sud jarayonidagi eng shov-shuvli voqealardan biri Stalingradda asirga tushgan feldmarshal Fridrix Paulyusning sud majlisida guvoh sifatida qatnashgani bo‘ldi. Chunki Germaniyada, hatto butun G‘arbda 6-armiyaning sobiq qo‘mondoni allaqachon o‘ldirib yuborilgan degan fikrda edilar. SSSRga qarshi shiddatli urush olib borish va uni bosib olishni nazarda tutuvchi «Barbarossa» planini ishlab chiqishda bevosita qatnashgan Paulyusning guvohligi himoya tarafining mavqeini ancha zaiflashtirdi.

Natsistlarning zo‘r notig‘i, faqat Reyxstagning yoqib yuborilishiga oid sud jarayonida Georgiy Dimitrovgagina bas kelolmagan Herman Gyoring ayblov tarafi uchun ko‘plab qiyinchiliklar tug‘dirdi. U ayblov tarafining kamchiliklari, xususan tribunalning yuridik asoslaridagi qusurlar, ittifoqchi mamlakatlar davlat tizimidagi siyosiy nuqsonlar (AQShdagi segregatsiya, Buyuk Britaniya mustamlakalaridagi noroziliklarning kuch bilan bostirilishi, SSSRdagi siyosiy qatag‘onlar)dan ustalik bilan foydalandi, shuningdek ittifoqchilar oldindan taqiqlab qo‘ygan mavzular haqida gapirishga urindi.

Shunga qaramay sud jarayonida natsistlar rahbarlarining aybini isbotlovchi dalillar keragidan ham ortiqligi yaqqol ma’lum bo‘lib qoldi.

Shunda sudlanuvchilar va ularning advokatlari sud jarayonini cho‘zishga harakat qilishdi. Ular SSSR va G‘arbdagi ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlarning tobora yomonlashib borishidan biz uchun biror foyda chiqib qolar deb umid qilishgan edi.

1946 yilning martida Fultonda Uinston Cherchill o‘zining mashhur nutqini so‘zlagandan so‘ng (Ushbu nutqdan so‘ng sovuq urush boshlangan deb hisoblanadi – tarj) sudlanuvchilar ich-ichidan xursand bo‘lishdi. Gyoring hatto «sud jarayoni barbod bo‘lib, men ozodlikka chiqibgina qolmay, Germaniyada yuqori lavozimlardan birini ham egallayman» degan gaplarni aytishgacha bordi.

Ammo antihitler koalitsiyasidagi sobiq ittifoqchilar sud jarayonini yakuniga yetkazishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘n yarim oyga cho‘zilgan 403 ta sud majlisidan so‘ng 1946 yilning 1 oktyabrida hukm e’lon qilindi.

Herman Gyoring, Ioaxim fon Ribbentrop, Vilhelm Keytel, Ernst Kaltenbrunner, Alfred Rozenberg, Hans Frank, Vilhelm Frik, Yulius Shtreyxer, Frits Zaukel, Artur Zeyss-Inkvart va Alfred Yodl osib o‘ldirishga hukm qilindilar. Martin Borman ustidan ham shunday hukm chiqarildi.

Rudolf Hess, Valter Funk va Erix Reder umrbod, Baldur fon Shirax va Albert Shpeyer 20 yilga, Konstantin fon Neyrat 15 yilga, Karl Dyonits 10 yilga ozodlikdan mahrum etildilar. Hans Friche, Frans fon Papen va Yalmar Shaxt oqlandilar.

Tribunal SS, SD, gestapo hamda natsistlar partiyasi rahbariyatini jinoiy tashkilotlar deb topdi. Natsistlarning vazirlar mahkamasi, vermaxtning bosh shtabi va bosh qo‘mondonligi jinoiy tashkilotlar deb topilmadi.

Sovet sudyasi Iona Nikitchenko Friche, Papen va Shaxtning oqlanishiga, Germaniya vazirlar mahkamasi, vermaxtning bosh shtabi va bosh qo‘mondonligining jinoiy tashkilotlar deb topilmasligiga, shuningdek Rudolf Hessning (qatl etilish o‘rniga) umrbod ozodlikdan mahrum etilishiga qarshi chiqdi. Umuman olganda sovet tarafini chiqarilgan hukm qoniqtirdi.

Serjant Vudsning «mijozlari»

Ayrim sudlanuvchilar Ittifoqchilarning Germaniya bo‘yicha nazorat komissiyasiga iltimosnoma berishdi. Masalan, Gyoring, Hess, Ribbentrop, Zaukel, Yodl, Keytel, Zeyss-Inkvart, Funk, Dyonits va fon Neyrat afv etishlarini so‘rashdi. Gyoring, Yodl va Keytel bir vaqtning o‘zida afv etish haqidagi iltimosi rad etilgan taqdirda osib o‘ldirish jazosini otib o‘ldirish jazosiga almashtirishlarini so‘rashdi.

Uchinchi reyxning harbiy-dengiz flotining sobiq qo‘mondoni Erix Reder, aksincha, avf etishlarini emas, o‘lim jazosini umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirishlarini so‘radi. Biroq iltimosnomalarning barchasi rad qilindi.

Nyurnberg turmasidagi amerikalik soqchilar yana bir bor pand berib qo‘ydi — qatl etilishiga oz vaqt qolganda Herman Gyoring zaharli ampula yordamida o‘zini o‘zi o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. Unga kim yordam bergani haqidagi bahslar hamon tingan emas.

1945 yil 16 oktyabr kuni kechasi Nyurnberg turmasida qatl marosimi bo‘lib o‘tdi. Buning uchun uchta dor qurilib, amalda ularning ikkitasidan foydalanildi. Urushgacha AQShda jallodlik qilgan Amerika armiyasi serjanti Jon Vuds bu yerda ham bosh jallod vazifasini bajardi.

Marosimni cho‘zmaslik uchun mahkumlar zalga qo‘shni dordagi murdaning bo‘ynidan sirtmoq yechilmay turib olib kirildi. Marosim atigi bir yarim soatdan ko‘proq vaqt davom etdi. Keyin osib o‘ldirilganlarning jasadi yoniga Gyoringning murdasi qo‘yildi. Ular rasmga olingandan so‘ng soqchilar nazoratida krematoriyga olib borildi. Keyin mahkumlarning kuli bitta qilinib mahalliy daryolardan biriga sochib yuborildi.

Hasan Karvonli tarjimasi

Mavzuga oid