Jahon | 15:56 / 11.05.2023
23212
8 daqiqa o‘qiladi

Baxmut: o‘lik shaharning so‘nggi ko‘chalari uchun umidsiz jang

Ukraina qo‘shini dushmanning shiddatli o‘t ochishlari va to‘xtovsiz hujumlariga qaramay Baxmutning bir qismini nazoratida saqlab qolmoqda. Ular shaharning o‘zlarida qolgan qismini o‘jarlik bilan himoya qilishmoqda, qo‘mondonlik bu yerdan ketish qimmatga tushadi deb hisoblamoqda.

Baxutni o‘rab olish uchun qilinayotgan hujumlarni qaytarayotgan harbiylar

BBC muxbiri Jonatan Bil front shaharda bo‘lib reportaj tayyorladi.

Shahar chekkasidagi bunkerda Ukrainaning 77-brigadasi harbiylari artilleriya zarbalari uchun mo‘ljal olmoqda. Artilleriya shaharning g‘arbiy qismidagi so‘nggi mudofaa liniyasida turgan piyodalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ukrain armiyasi hamon Baxmutning bir qancha ko‘chalarini ushlab turibdi.

Shu bilan birga shahar ustida uchib yurgan dronlar orqali olingan videolar va shahar tashqarisida turgan artilleriyachilarning tayyorligidan ko‘rish mumkinki, Rossiya oxir-oqibat shahardagi qolgan ko‘chalarni egallagan taqdirda ham bu ular uchun Pirr g‘alabasiga (miloddan avvalgi IV-III asrlarda Epir va Makedoniya shohi, rimliklar bilan navbatdagi jangdan keyin u ulkan yo‘qotishlarni nazarda tutib shunday degandi: «Yana bir marta shunday g‘alaba qozonsam, yonimda hech kim qolmaydi») aylanadi.

G‘olib faqat vayronaga aylangan, kimsasiz qolgan, birorta butun bino qolmagan shaharga ega bo‘ladi.

Ukraina sharqidagi unchalik katta bo‘lmagan Baxmut shahri uchun jang bu urushning eng uzoq davom etgan va eng qonli jangi bo‘lmoqda. G‘arb mamlakatlari baholariga ko‘ra, Rossiya bu yerda halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda 30 minggacha odamidan ayrilgan. Ukraina armiyasi ham bu shahar mudofaasi qimmatga tushmoqda - va ikki tomon ham yo‘qotishlar berishda davom etmoqda: jang hali yakunlanmadi.

Shahar uzra hosil bo‘lgan tutun bulutini to‘plarning tinimsiz zarbalari tarqatadi. Rossiya bir necha oydan buyon Baxmutni shturm qilmoqda va u allaqachon ukrainlarning o‘z yerining har metri uchun kurashishga bo‘lgan qat’iyati ramziga aylangan.

Shu bilan bir vaqtda Baxmut tajribasi Ukraina uchun qarshi hujumga o‘tish qanchalik qiyin vazifa bo‘lishini eslatib turibdi.

Dron uzatayotgan videoda Baxmutdagi vayrongarchiliklar ko‘lami yaqqol ko‘rinib turadi

77-brigada bunkerida shunday buyruq yangraydi: binolardan biriga artilleriya zarbasi berish. Bir necha soniya o‘tib xarobalar ustida tutun buluti ko‘tariladi. Uning ortidan ikki kishi paydo bo‘lib, ko‘cha bo‘ylab sudralishadi. Ulardan biri, aftidan, yarador edi.

Men bular kimligiga qiziqib, «Vagner» jangchilarimi deb so‘rayman.

«Ha», - deya javob qaytaradi dron uzatayotgan videoni kuzatib turgan harbiylardan biri Miroslav.

«Ular ancha yaxshi jang qilishadi, ammo odamlarini asrashmaydi», - deydi u va dushmanga, aftidan artilleriya ko‘magi yetishmayotgani va vagnerchilar ko‘pincha shunchaki oldinroq hujumga ketgan (va qaytmagan)lardan farqli o‘laroq o‘zlarining omadi kelib qolishiga umid qilib hujumga o‘tishayotganini qo‘shimcha qiladi.

«Ular shunchaki ustimizga bostirib kelishadi. Ular, aftidan, giyohvand moddalari ta’sirida bo‘lishadi», - deya gapga qo‘shiladi boshqa harbiy Nikolay.

Vayron bo‘lgan shahar xarobalariga qarab, nima uchun ikki tomon ham uni egallash uchun shuncha askarini qurbon qilganini tushunish qiyin.

Nikolay Baxmut mudofaasi Ukraina uchun ham qimmatga tushayotganini tan oladi: og‘ir ko‘cha janglarida ko‘plab askarlar jon berishdi. Ularning o‘rniga tajribasi ko‘p bo‘lmagan yangi chaqirilganlar olib kelindi. «Ammo ular ham o‘zlariga qadar jang qilganlar kabi jangchiga aylanishadi», deya ishonch bildiradi Nikolay.

Baxmutdan janubda Ukraina armiyasining 28-brigadasi rossiyaliklarning shaharni qurshovga olish harakatlarini qaytarmoqda. Avval bu yerda ham «Vagner» tuzilmalari jang qilgan, ammo keyin ularning o‘rnini desantchilar egallagan. Bu yerda har kuni janglar bo‘lmoqda.

Sukunat vaqtida 29 yoshli askar Yevgeniy bizni ukrainlarning kichik o‘rmonzordagi pozitsiyalariga ekskursiyaga olib chiqadi.

Baxmut atrofidagi ukrain harbiylari

Kurtak yozib yashil barglarga burkangan daraxtlar ularga qo‘shimcha maskirovkani ta’minlaydi. Ammo ko‘plab daraxtlar muntazam artilleriya zarbalari oqibatida shox-shabbasiz qolgan.

Biz kraterlar bilan to‘lgan ochiq maydonga chiqqanimizda rossiyaliklar minomyotlardan o‘t ocha boshladi.

«Jin ursin, bizni urishlariga sal qoldi», - deydi Yevgeniy boshpanaga yetib olganimizda.

«Endi esa biz ularga javob qaytaramiz», - deya davom etadi u boshqa bir pozitsiyaga o‘tganimizda. Bir necha daqiqa o‘tib uning quroldoshlari o‘qotar qurollar va granatomyotlardan o‘t ochishga kirishdi.

Bu safar ukrainlarning pozitsiyalarida yo‘qotishlar bo‘lmadi. Ammo biz ketganimizdan bir necha soat o‘tganimizdan keyin bo‘lib o‘tgan jangda jangchilardan biri og‘ir yaralangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Baxmutni ukrain ruhining qal’asi deb atagan va Yevgeniy ham umuman taslim bo‘lmaslikka ahd qilgan.

«Baxmut mudofaasining butun ma’nosi dushman kuchlarini shu yerda ushlab turishda. Biz qanchadir odam hayotini saqlab qolish uchun chekinishimiz mumkin edi, ammo keyin qarshi hujumga o‘tishga to‘g‘ri kelardi va yanada ko‘proq odam halok bo‘lardi», deya izohlaydi u.

Ukraina Baxmut uchun janglar Rossiya armiyasining tinkasini quritib, uning hujum salohiyatini tamom qilishidan umid qilmoqda.

Ukraina armiyasining 77-brigadasi zobitlari Baxmut atrofidagi blindajda turib o‘z piyodalari va artilleriyasi harakatlarini boshqarmoqda

Ammo boshqa tomondan, Rossiya ukrainlarning bo‘lajak qarshi hujumini to‘xtatib turish uchun jadal tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlar shuni ko‘rsatadiki, Ukraina janubida bosib olingan hududlarda rossiyaliklar xandaqlar va tanklarga qarshi «ajdar tishlari» deb ataluvchi beton ustunlar vositasida yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan mudofaa chizig‘ini barpo etishgan. Bunday liniyani yorib o‘tish ukrainlarning pozitsiyalari oldidagi simto‘siqlar va minalangan maydonlardan o‘tishdan ko‘ra qiyinroq bo‘ladi.

Ko‘plar Ukraina aynan janubiy yo‘nalishda hujumga o‘tishini kutmoqda. Rossiya allaqachon Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofi va regiondagi boshqa aholi yashash manzillaridan aholini qisman evakuatsiya qilishni boshladi.

Ukraina ham G‘arb tomonidan yetkazib berilgan taxminan 1300 zirhli mashina va 230 tank hamda yangi tashkil etilgan brigadalardan iborat kuchli musht bilan qarshi hujumga tayyorlanar ekan, snaryadlarni tejamoqda.

To‘g‘ri, g‘arb texnikalari sharqiy frontga ham yo‘l olmoqda - yo‘llarda kolonnalarni uchratish mumkin.

Yaqinda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ukrainlarning qarshi hujumi kelajagi borasidagi taxminlarni kamaytirishga urinib, uning natijalarini oldindan ortiqcha baholash kerak emasligini aytdi.

Men Yevgeniydan qanday bosim his qilayotgani haqida so‘rayman. U albatta oson bo‘lmasligini aytadi. «Ammo biz allaqachon butun dunyoning Ukraina armiyasi haqidagi fikrini o‘zgartirishga majbur qildik va bizning zaxiramizda hali ko‘plab syurprizlar bor», deya qo‘shimcha qiladi harbiy.

Ammo bu safar rossiyaliklarni syurprizlar bilan ajablantirish qiyinroq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid