Rossiya TIV: Markaziy Osiyoning qator davlatlari Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalariga qo‘shilishi mumkin
Mixail Galuzin G‘arb Markaziy Osiyo mamlakatlarida Rossiyaga qarshi kampaniya olib borayotgani haqida aytgan.
Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari tavakkal qilishga tayyor emasliklarini va g‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilishlari mumkinligini ochiq aytmoqda. Bu haqda seshanba kuni «Valday» xalqaro munozara klubining III Markaziy Osiyo konferensiyasida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin ma’lum qildi.
«Bir tomonlama iqtisodiy cheklovlarning nomaqbulligi va noqonuniyligi haqidagi pozitsiyalar bir-biriga mos kelishiga qaramay, Markaziy Osiyoning bir qator davlatlari tegishli tavakkalchiliklarni o‘z zimmalariga olishni istamayaptilar, ular g‘arbning cheklov choralariga amal qilishga tayyor ekanliklarini yaqqol ko‘rsatmoqdalar», — dedi vazir o‘rinbosari.
Galuzinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «o‘zaro majburiyatlarga, jumladan, KXShT, YeOII va MDH doirasidagi majburiyatlarga zid bo‘lmaganda» qanday tashqi va ichki siyosiy yo‘l tutish kerakligini hech kimga buyurmaydi.
«Ishonchimiz komilki, Markaziy Osiyo davlatlari buni juda yaxshi tushunishyapti: Rossiya bilan aloqalarni sun’iy yo‘l bilan yo‘q qilish ikkilamchi sanksiyalardan ko‘ra jiddiyroq zarar keltirishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.
Vazir o‘rinbosari Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb koalitsiyasi davlatlari nazorat ostidagi ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlardan (NNT) foydalanib, Markaziy Osiyoda Rossiyaga qarshi axborot kampaniyasi olib bormoqda.
«Markaziy Osiyoda nazorat ostidagi ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar yordamida mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlar orasida Rossiyani rad etish, umumiy tariximizni obro‘sizlantirishga urinish orqali uning ijobiy qiyofasini jamoatchilik ongidan chiqarib tashlash maqsadida olib borilayotgan axborot kampaniyasi ham shunga qaratilgan», dedi u.
G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo mintaqasiga faqat «Rossiya va Xitoyni jilovlash siyosati, Osiyodan Yevropaga va aksincha yo‘nalishda savdo yo‘llari chorrahasini nazorat qilish» vositasi sifatida qaraydi, deydi Galuzin.
Rossiya tomoni esa Markaziy Osiyoga nisbatan sifat jihatidan boshqacha yondashuvdan foydalanmoqda, dedi Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
«Biz uchun bu qo‘shni mintaqa bo‘lib, bizni umumiy tarix, ittifoqchilik, strategik sheriklik va integratsiyaga asoslangan o‘zaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarning ko‘p bosqichli va keng tarmoqli tizimi bog‘laydi», deya qo‘shimcha qildi Galuzin.
16 va 17 may kunlari Tomsk davlat universitetida «Rossiya va Markaziy Osiyo: o‘zgaruvchan dunyo bilan o‘zaro aloqa» mavzusidagi «Valday» konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
11:08 / 10.12.2024