Jamiyat | 15:09 / 17.05.2023
19798
15 daqiqa o‘qiladi

Hayotiy hikoya: Qarzsiz yashashga nima yetsin?

O‘z shaxsini sir tutgan qahramonning murakkab vaziyatga tushgani va undan chiqishga urinayotgani haqidagi hayotiy hikoya mushtariylarga manzur bo‘ladi degan umiddamiz. Unda bugungi kunda ko‘pchilik duch kelayotgan qarz muammosi qalamga olingan.

Hayotda yigit kishini yelkasidan ezadigan eng katta yuklardan biri – qarz. Qarz xuddi shilimshiq, yopishqoq unsurga o‘xshaydi. Bir marta qo‘lingni tekkizib ko‘rdingmi, tamom. Undan qutulaman deganing sari boshqa barmoqlaring ham yelimga botib boraverarkan.

Albatta, qarz bilan bog‘liq jarayon hammada ham bunday kechmaydi. Menda ham dastavval bunaqa bo‘lmagan. Kimdan qarz olsam, ertaroq berishga yoki zarur bo‘lsa ishlatarsiz, deya olgan miqdorimdan biroz ko‘proq qilib qaytarishga harakat qilardim.

* * *

...Uyimiz yo‘q edi. Bir noturar joyda yashardik. Otam dalada ishchi, onam maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. Bilmadim, negadir o‘sha kezlari otam ichkilikka berilib qoldi. Balki shundanmi, uy-joy qilishga harakati bo‘lmadi. Men va ukam hali yosh bola edik. Albatta, bu taqdir. Men otamni ayblamayman. To‘g‘ri, hali o‘quvchi paytlarim sinfdoshlarim bilan maktabdan qaytayotganimizda ko‘chada mast holda kelayotgan otamni ko‘rib, saboqdoshlarim oldida rosa uyalardim. O‘sha paytlari ichimda otamni ko‘p ichgani uchun ayblaganman.

Vaqt o‘tib, universitetni bitirganimda ham qishloqda o‘z uyimiz yo‘q edi. O‘qishga kontrakt asosida kirganim uchun onamning oyligi o‘qishim uchun to‘lovga sarf bo‘lardi. Qolaversa, undan ortgan pul ro‘zg‘orga kirib ketardi. O‘sha yillari men turli tahririyatlarda avval kurer, keyinroq musahhih va muxbir bo‘lib ishlab yurdim. O‘qishdan chiqib gazetaga ishga borardim. Oyligim poytaxtda ijara puliga, yo‘l haqi, oziq-ovqat, kiyim-bosh degandek, shu kabi xarajatlarga amal-taqal yetardi. Yetmasdi, desam rost aytgan bo‘laman. Lekin bir amallardim. Hayotimning qarz daxl qilgan paytlari shu davrda boshlandi.

Ba’zan ijara haqiga pul bo‘lmay qolardi. Ba’zan qaysidir sinfdosh do‘stim uylanardi. To‘satdan pul kerak bo‘lib qolganda, tanish-bilishdan qarz olib, oylik yo stipendiya chiqqanda qaytarardim.

Odam bolasi ulg‘ayib boravergani sayin uning ehtiyojlari ham kattalashib boraverar ekan. Afsuslanarlisi shundaki, ehtiyoj bilan birga oylik maosh ham parallel kattalashib bormas ekan.

Keyinchalik ehtiyojlarimga, o‘zim va viloyatdagi oilamizning sarfiga pul yetkaza olmay qoldim. Talaba bo‘lganim bois gazetada to‘liq shtatga ishga olishmasdi. Yarim, ba’zan 0,25 shtat birligida ishlab, amallab kun ko‘rardim.

Sinfdoshimga qo‘shilib Yunusoboddagi “moyka”da mashina yuvardim ba’zan. O‘qish bitdi. Lekin o‘zim o‘ylagandek katta maosh olib ishlaydigan ish topolmadim. O‘sha paytlari o‘zi jurnalistlar ko‘p oylik olmasdi tahririyatlarda. Yaxshi oylik beradigan gazetalar sanoqli va ularga Toshkentning arzanda “propiska”sisiz ishga kirish qiyin edi.

Men ham ko‘p qatori kun ko‘ra boshladim. Shu orada ukam o‘qishga kirish o‘rniga, Rossiyaga ishlagani ketdi. Ukam yuborgan pulga qishlog‘imizdagi bir odamdan uchastkasining yarmini, quruq yerning o‘zini sotib oldik. O‘sha yerga poydevor qurib, ixchamgina uy ko‘tara boshladik. Uy bitdi. Ukam 3 yil ishlab, uyni bitirdi. Ko‘chib o‘tdik.

Men bakalavrni bitirgandan keyin 2 yil o‘tib, magistraturaga o‘qishga kirdim. Bu safar budjetga. Birinchi kursni tugatayotganimda uylanmagan sinfdoshlar ikki kishi qolgan edik. Shunday qilib, sinfdoshlar ichida oxirgi bo‘lib men uylandim.

Uylanganimda ham xotinim olib kelgan mebelda yotishni istamay, mebellarni kreditga oldim. Pul ketsa ketsin, g‘urur o‘lmasin, dedim. Kamxarj, odmiroq qilib o‘tkazdik to‘yni.

O‘sha paytlarda bir tashkilotning matbuot xizmatiga yarim shtat ishga, oddiy xodim bo‘lib o‘tdim. Juda kam oylik berardi. Magisraturada o‘qiganim bois, boshqa ish topolmadim.

Ma’lum jamg‘armasi bo‘lmagan mendek noshud odam ana endi qarzga ko‘p murojaat qiladigan bo‘ldi. Shu darajaga borib yetdiki, oladigan maoshimni to‘lig‘icha tarqatsam ham qarzlarni qoplashga yetmay qoldi. Shu orada qarzdan qutulish uchun yana qarz oladigan, boshqacha qilib aytganda, Alining do‘ppisini Valiga kiydirib, xijolatli vaziyatdan chiqadigan, qarz muddatini biroz bo‘lsa-da uzaytirish chorasini ko‘radigan bo‘ldim. Ochig‘i, boshqa biror ilojini topolmadim o‘shanda.

* * *

Xayriyatki, Xudo bandam, dedi. Uylanganimdan keyin bir ijodkor ustoz o‘zining bo‘sh turgan yangi to‘rt xonali kvartirasini menga foydalanishga berdi. Tekinga. O‘sha paytlari eng arzon bir xonali ixchamgina ijara uyning oylik to‘lovi oyligimning 80-90 foiziga teng miqdorda narxlanardi. Tabiiyki, men bu oylik bilan poytaxtda bir kun ham ijarada yasholmasdim.

Keyin Allohning marhamati, qolaversa ko‘p yaxshi odamlarning ko‘magi bilan 20 yillik ipoteka krediti asosida o‘zim uy oldim. Faqat uy hali to‘liq bitmagandi.

O‘sha uy olgan ilk damlarni ko‘p eslayman. Qisqasi, mening nomimga uy chiqqan. Tezda boshlang‘ich to‘lovni to‘lash kerak. Yonimda hatto 200 ming so‘m ham yo‘q o‘sha paytlari. Vaholanki, men salkam 40 mln so‘m uy uchun boshlang‘ich to‘lov qilishim kerak. O‘shanda telefonim xotirasida jamiki bor raqamlarga erinmasdan telefon qilib, ba’zilariga SMS xabar yozib, hammadan imkon bo‘lsa boricha qarz berib turishini, keyinchalik ishlab uzishimni aytib, pul so‘rab chiqdim.

Hayot qiziq-da, uy olaman, deb harakat qilib yurgan paytlarim, biror davralarda, kimningdir to‘yida ko‘rishib, kam, ammo samimiy muloqotda bo‘lganlarim — uzoq tanishlar ko‘proq yordam berdi. Yaqinlar ham qarashdi, lekin o‘sha uzoq tanishlar ko‘proq miqdorda qarz yoki ehson berishdi. Ularning aksari chet davlatda o‘qib, ishlab yurgan tanishlarim edi. Yurtga qaytganimda qaytararsan, deb menga zarur pulning uchdan birini yuborishdi. Keyin qolganiga onamning va bir hamqishlog‘imning nomiga mikroqarz olib, bir amallab boshlang‘ich to‘lovni to‘ladim. O‘ziyam 4 yoki 5 ga bo‘lib to‘ladim boshlang‘ich to‘lovni. Topganimni olib borib to‘layverdim.

Uyga boshlang‘ich to‘lovni to‘lagan, ustoz ijodkorning uyida yashayotgan paytimda katta o‘g‘lim tug‘ildi. Alloh hammani rizqi bilan yaratadi, deyishadi. Bu gapga zarra shubham yo‘q. Chunki o‘zi kam maosh bilan bazo‘r ro‘zg‘or tebratayotgan kamina — talaba-otaning yelkasida endi salkam 40 mln so‘mlik qarz turardi. Lekin shukurki, o‘g‘limning rizqini Alloh berib turdi.

Yozga kelib, o‘qishni bitirdim. Bu paytda yurtimizda qattiq karantin boshlanib qoldi. Uyning bosh to‘lovi uchun olingan ikkita mikroqarzning birini onam o‘qituvchilikdan topgan oyligi bilan to‘lardi. Birovning nomiga olingan keyingi kreditni men to‘lardim.

Karantinda zarurat tufayli bankning mobil ilovasi orqali kichik summali ikkita kredit oldim. Yangi qurilgan bo‘lgani uchun men vaqtincha yashagan ustozning uyida ham, uning yonidagi qurilayotgan o‘zimning uyimda ham gaz plitasi yo‘q edi. Ustozning uyida elektr choynak va elektr plita bilan choy-ovqat qilib bir yil yashadik. Uyimizga gaz plitasi singari texnikalarning eng zarurlarini bo‘lib to‘lash evaziga xarid qildim. Xullas, shu taxlit asta-sekin qarzga botib boraverdim.

Hamma oylik olgan kuni xursand bo‘lsa, mening boshim og‘rir edi. Oylikni qaysi biriga bersam ekan, deya boshim qotardi. Kam maosh qarzlarimga yetmasdi. Shunda oyligim yetmagani uchun va’da qilingan kunda berolmagan qarzlarimdan qutulish uchun hamkasblardan, tanishlardan oylikkacha deb qarz olardim. Olgan pulimni avvalgi qarzlarimga berardim.

Maoshim har oy kattalashib borayotgan qarzlarimga yetmay qoldi. Oylik tushardi, shu kuning o‘zida tarqalib tugardi. Uyga yetib bormasdi maoshim.

Oradan bir yil o‘tib, o‘z uyimga ko‘chib o‘tdim. Endi har oy uy uchun ham kredit to‘lardim. Shu bilan to‘laydigan katta-yu kichik kreditlarim soni yettitaga yetdi. Kredit yettita, maosh esa bitta. To‘g‘ri, 2-3 ta kreditim 2-3 mln so‘mlik bankning mobil ilovasi orqali olingan mikroqarzlar edi. Lekin baribir uning ham oylik to‘lovi bo‘lardi. Biri 6 oyga, biri 1 yilga va kattaroqlari 2 yil muddatga olingan jami yettita kredit. Undan tashqari, eski hamda bosh to‘lov uchun olingan qarzlar...

Eng yomoni, u kreditlarning aksari birovlarning nomiga olingan edi. Har oy to‘lov muddati o‘tib, kechikibroq pul to‘laganimda, bankdagilar kreditni to‘lang, muddati o‘tdi, deb ularni bezovta qilganda juda xijolat bo‘lardim.

Shu qarzlarni qisqartirish uchun qo‘shimcha ish ola boshladim. Tahririyatda imlo xatolarga mas’ul musahhih bo‘lib ishlab yurganimda dizaynerlik – gazeta sahifalashni ham sal-pal o‘rgangan edim. Keyin shu qo‘limdan kelsa-kelmasa, tavakkal qilib, oyda ikki marta chop etiladigan bir-ikkita gazetani sahifalash ishini oldim. Ish masofadan va har oyda bir yo ikki marta bo‘lgani bois, oyligi ko‘p emasdi. Lekin harna, xarajatlarning bir chekkasini ko‘tarishga yarab turardi.

Tanish, do‘stlar bilan uchrashib qolsak, “Oz-oz oylik beradigan 50ta joyda ishlamasdan yaxshi oylik beradigan bir joyda ishlasang-chi”, deya hazil-chin aralash kulishardi. Ilojim qancha, bor ishni amallab turibman, yaxshi oylik beradigan bir joyda ishlasam qaniydi, deb orzu qilardim.

Men qarzga qarshi kurash e’lon qildim. Lekin har safar uni butunlay yengaman, deb turganimda nimadir bo‘lib, yana unga imkonni boy berardim. Alloh berganicha, qo‘limdan kelganicha ishlab pul topdim. Bu orada kreditlarni kechikib bo‘lsa-da yopdim. Onam ancha qarashdi. Oilamdagilar yordamlashdi. Hatto bir safar qaynotam viloyatdan taksining yukxonasini to‘ldirib, bozorlik berib yuboribdi. Pulsiz, ammo g‘ururli erkak sifatida undan juda xafa bo‘ldim. O‘sha kuni kechroq qaynotam telefon qilib, “Bu hayot, unda har xil vaziyat bo‘ladi. Birda bor, birda yo‘q, degandek. Yigit kishining boshiga turli sinov tushadi. Siz bu ishimga xafa bo‘lmang, men ham vaqtida qiynalganman. Sizni tushunaman. Qolaversa, qishloqdan borib, poytaxtda yashashning o‘zi katta gap. Ota-ona bolalariga shunday paytda tirgak bo‘lmasa, qachon qarashadi”, deb uzoq tushuntirdi. “Rahmat”, dedimu, lekin baribir yuragimda bir og‘riqli nuqta paydo bo‘lgandek, go‘yo o‘zimni kamsitilgan odamdek sezdim.

* * *

Bugun bir paytlari orzu qilganimdek yaxshi oylik beradigan bitta joyda ishlayapman. Bir necha bo‘lakka bo‘linib, qo‘shimcha ishlar olib, arzimas maosh evaziga u ishdan bu ishga qarab chopayotganim yo‘q, shukur.

Lekin qarz – qarzni chaqirar, degan naql rost shekilli. Qarzlarimdan hanuzgacha butunlay qutulib ketolganim yo‘q. Orada uka-singillarning to‘yi, kreditlar, eski qarzlarni yopish evaziga hosil bo‘lgan qarzlar hamon yelkamni bosib turibdi.

Birovdan qarz olsam qachon qaytarish muddati, qancha qarz oldim, barini yozib qo‘yaman. Tezroq shu qarzlardan qutulishni o‘ylayman. Onamning tavsiyasi bilan Voqea surasini o‘qiyman-da, Xudodan qarzlarimga najot berishini, hamma qarzlarimdan qutulib, xotirjam yashash nasib qilishini so‘rayman.

Faqat duo bilan ish bitmaydi, harakat ham zarur, deya tanish nashriyotlardan o‘qib, imlo xatolarini qarab berishga kitob olaman. Ishdan uyga borganda, bir-ikki soat uyqudan keyin 30-40 bet matn o‘qiyman. Lekin bu qo‘shimcha ish ham har doim bo‘lavermaydi...

* * *

Vaqtingizni olib, shuncha gapirishimdan maqsad, siz menga havas qilmang, imkon qadar bu yo‘llardan o‘tmang. Iloji bo‘lsa, qarz olmaslik payida bo‘ling.

Zarur yo nozarur buyum-narsani, deb kimdandir pul olish arafasida turgan yurtdoshlarimizga juda ehtiyoj bo‘lmasa qarz olmaslikni aytgan bo‘lardim. Qarz barakani qochiradi. Topgan oylik maoshingizning uyga keladigan miqdori kamayib boraveradi.

Ba’zan o‘y o‘ylab, o‘zimni xayolan botqoqda ko‘raman. Qarz atalmish bu botqoq, undan qutulaman, deya harakat qilganing sayin domiga tortib ketayotgandek tuyuladi go‘yo.

Dunyoda eng ulug‘ baxt – ko‘ngil xotirjamligi. Qarz degan balo shu baxtiyorlikka soya solishi shubhasiz.

Ana shu ko‘ngil xotirjamligini orzu qilib yashayotganlardan biri sifatida shu gaplarni aytish borasida o‘zimni qarzdor sezib, shularni hikoya qildim.

Yakunda shuni ham aytib o‘tmoqchi edim: kimgadir qarz bersangiz-u, u muddatida qaytara olmayotgan, kechikayotgan bo‘lsa, u haqida har xil xayolga borishga shoshilmagan ma’qul. To‘g‘ri, besh qo‘l baravar emas. Lekin imkoni bilan ixtiyori bir-biriga to‘g‘ri kelmay, qiynalayotgan qarzdorlar ham yo‘q emaski, ular qarzini qaytarishni o‘ylab harakat qilayotir...

Abror Zohidov

Mavzuga oid