O‘zbekiston | 13:11 / 17.05.2023
42638
8 daqiqa o‘qiladi

«Putin yana bir muzlatilgan konflikt yaratmoqchi» – Samarqanddagi yig‘ilishda Ukraina bo‘yicha nimalar deyildi?

YeTTB yig‘ilishiga kelgan ekspertlar Ukrainaga yordam berishda davom etish masalasida yakdil fikr bildirishdi.

Samarqand tumanidagi sayyohlik markazida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv kengashining 32-yig‘ilishi doirasida ko‘plab mavzularda ekspertlar ishtirokida muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.

Majmuadagi Dimond anjumanlar zalida «Urush va urushdan keyingi iqtisodiyot: Ukraina saboqlari» mavzusida muhokama o‘tkazildi. Unda qator mashhur iqtisodchilar chiqish qilishdi. Xususan, YeTTB bosh iqtisodchisi Beata Yavorchik, Bruking tahlil markazi ilmiy xodimi Fiona Hill, Prinston universiteti tarix professori Harold Jyeyms, Oksford universiteti global tarix bo‘yicha professori Peter Frankopan, AQShning German Marshall fondi geosiyosiy tadqiqotchisi Tomas Kleyn-Brokhoff mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

Muhokamani BBC’ning sobiq jurnalisti Jonatan Charles moderator sifatida olib bordi.

Professor Harold Jyeymsning aytishicha, Putin Ukrainani alohida davlat sifatida mavjud bo‘lmaydi deb o‘ylar ekan, u bilan muzokara qilib bo‘lmaydi.

«9 may paradida Putin urushni tarixdagi burilish nuqtasi deb atadi. U Ukraina alohida davlat sifatida mavjud bo‘lishi kerak emas deb o‘ylaydi. Rossiyani bunday odam boshqarayotgan ekan, Ukraina borasida ular bilan qanday muzokara o‘tkazish mumkin?» deya professorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U Xitoyda imperator «osmon qo‘lloviga ega» degan tushuncha bo‘lgani, Rossiyadagi hukmdor esa «osmondan qo‘llov»ni yo‘qotgandek ko‘rinayotganini qayd etgan.

Peter Frankopan esa urush qanday natija bilan tugashidan qat’i nazar bu Rossiya uchun g‘alaba bo‘lmasligini aytdi.

«Bu urush qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Rossiya g‘alaba qozona olmaydi. Rossiyada qachondir mamlakatdagi barcha muammolar Ukraina mavjudligi uchun bo‘lganiga ishontirishga harakat qilishadi, lekin buni uddalay olishmaydi», dedi ekspert.

Professor Frankopanning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani tiklash borasida optimist bo‘lishga undovchi jihatlar bor. Masalan, Ukraina energetika bo‘yicha Yevropadagi muhim davlatga aylanishi mumkin. Ayniqsa yadro energetikasi bo‘yicha.

Harold Jyeyms esa Ukrainani tiklash bo‘yicha boshqa jihatga e’tibor qaratdi.

«Ukrainani tiklash haqida gapirganda ko‘pchilik qishloq xo‘jaligiga e’tibor qaratmoqda, ammo Ukrainadagi IT sohasi ham istiqbolli ko‘rinmoqda. Masalan, urush boshlanganda ukrainaliklar ruslarning harakatlanish hududlarini aniqlovchi tizim ishlab chiqishdi. Bu esa Ukrainada yaxshi muhandislar borligidan dalolat», degan Jyeyms.

Amerikalik mutaxassis Fiona Hill esa Ukrainadagi aynan agrar soha kelajakda tiklanish uchun katta yordam berishini ta’kidladi.

«Ukraina urushdan keyin ham pul ishlashda davom etishi mumkin. Masalan, Ukrainadagi fermerlar urush holatida ham ko‘p miqdorda don yetkazib berishmoqda. Menimcha, bu davlatga urushgacha investitsiya qilganlar keyinchalik ham Ukraina agrosanoatiga investitsiya kiritishidan umid qilish mumkin.

Ukrainada tiklanishda tayanish mumkin bo‘lgan boshqa sohalar bor. Masalan, yuqorida aytilganidek, u yerda yaxshi injyenerlar bor. Bundan tashqari, dunyoning barcha chekkalarida Xarkivda o‘qigan shifokorni uchratasiz.

Shunday ekan, tiklash jarayonini boshlashdan qo‘rqmaslik kerak. Aytaylik, tiklash avvaliga Ukrainaning unchalik zarar ko‘rmagan shaharlaridan boshlansa, keyinchalik jiddiy zarar ko‘rgan hududlarga o‘tish mumkin», degan Hill xonim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlarda, masalan, Afrika mamlakatlarida Ukraina davlati va tarixi haqida bilishmaydi, sobiq ittifoqdagi barcha yerlarni hamon Rossiyaniki deb o‘ylashadi.

«Hozir Ukraina uchun eng muhim narsalardan biri – imkon qadar ko‘proq davlatlardan yordam olish. Masalan, Afrika davlatlarining ko‘pchiligi BMTdagi Ukraina urushi borasida ovoz berishda ishtirok etmaydi, chunki ular bu mojaroga aloqador bo‘lishni istamaydi. Va biz bu avtokratiya va demokratiya o‘rtasidagi urush ekaniga ishontirmoqchi bo‘lsak, bu jarayonga ko‘proq davlatlarni jalb qilishimiz kerak.

Ko‘p davlatlar Ukraina haqida, uning tarixi haqida bilmaydi. Ko‘pchilik Rossiya SSSRning merosxo‘ri deb biladi, sobiq ittifoqdagi barcha yerlar uniki deb o‘ylaydi. Biz ularga qanday qilib bo‘lsa ham Ukraina katta mustaqil davlat ekanini tushuntirishimiz kerak. Axir Ukraina Afrika davlatlariga oziq-ovqat yetkazib beryapti-ku, to‘g‘rimi?» degan Hill xonim.

Tomas Kleyn-Brokhoff urushda Rossiya g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, dunyo yangi muvozanatga yaqinlashishi mumkinligini aytdi.

«Agressorning miyasida nima borligini bilib bo‘lmaydi. U dunyodagi ko‘p tartiblarni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, yadro muvozanatini. Men urush dunyodagi xalqaro tartibni o‘zgartirib yuborishi mumkin emas degan gaplarga qo‘shilmayman. Rossiya g‘alaba qozonsa, biz dunyodagi muvozanat o‘zgarishiga yaqinlashishimiz mumkin», degan u.

Kleyn-Brokhoff Ukraina uchun donorlar yordami juda muhim ekanini ham ta’kidladi.

Tomas Kleyn-Brokxof

«Ukraina moliya vaziri budjetdagi defitsit aynan donorlar berayotgan pullar evaziga qoplanayotganini aytgandi. Bu yerda muhimi – mana shu donorlar oqimi davomiy bo‘lishi. Ko‘pchilik donorlar ham charchaydi deb o‘ylamoqda. Yevropada donorlar charchaganini sezmayapman. Shunday ekan, Ukrainaga yordamni to‘xtatish kerak emas.

Putin hozirda Ukrainada yana bir muzlatilgan konflikt yaratishga harakat qilmoqda. Ammo biz agressorning ham siyosiy, ham iqtisodiy maqsadlarini bilib olishimiz kerak.

Bir narsani unutmaslik kerak. 1947-48 yillarda Germaniyani tiklash bo‘yicha Marshall rejasi amalga oshirilganda YeTTB kabi xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bo‘lmagan, hozir esa bor va aynan ular Ukrainani tiklash jarayonini amalga oshiradi. Biz ukrainaliklarga yordam berishimiz kerakki, ular o‘zlariga yordam bera olsin. Masalan, 15 yildan keyin Yaponiya Ukrainaga yordam beradimi? Bilmayman, lekin hozir yordam beradi», degan iqtisodchi.

YeTTB bosh iqtisodchisi Beata Yavorchik urushdan keyin davlatlarda aholi ko‘payish tezligi pasayishi, buning esa bevosita iqtisodiy salbiy omillari borligini aytdi.

«Urush boshlanganidan buyon Ukraina iqtisodiyoti pasayib ketdi va biz bunday pasayish saqlanib qolishini taxmin qilyapmiz. Men bir narsaga e’tibor qaratmoqchiman: urush bo‘layotgan davlatlarda aholi ko‘payishi pasayib ketadi. Urushdan keyin davlatlarning qarzi YaIMning 50 foizigacha yetishi ham mumkin. Davlatlar mana shu yukni ko‘tarishi ham murakkab jarayon.

Beata Yavorchik

Ukraina bugungi mojarodan imkon qadar og‘riqsiz chiqib ketishi kerak. Bir narsani unutmaslik kerak: urush bo‘lgan davlatlarda o‘rtacha 25 yil tinchlik hukm so‘radi. Mojaro takrorlanmasligi uchun esa bugun Ukrainaga eng birinchi iqtisodiy yordam kerak deb o‘ylayman», dedi Yavorchik xonim.

Moderator Jonatan Charles o‘zi yashayotgan Britaniyada odamlar vaziyat qiyin bo‘lsa-da, Ukrainaga yordamni to‘xtatish kerakligi haqida gapirmayotganini aytdi.

Jonatan Charles

«Men yashayotgan Britaniyada odamlar ko‘p soliq to‘layapmiz, narx-navo ko‘tarilib ketdi deb nolishmoqda, lekin ular Ukrainaga yordam berishni bas qilish kerak deb aytgani yo‘q. Shunday ekan, Ukrainaga yordam berishdan qo‘rqmaslik kerak deb o‘ylayman», dedi muhokama moderatori.

Mavzuga oid