Buxoro, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida narkosavdogarlar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Buxoro, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida narkosavdogarlar ushlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, hozirda Kogon tumanidagi fermer xo‘jalikda qorovul bo‘lib ishlovchi fuqaro ushlandi va undan kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 581 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida Buxoro shahrida yashovchi fuqaro ushbu narkosavdogardan muqaddam 158 gr. “opiy” moddasini sotib olganligi aniqlanib, undan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kelingan.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Surxondaryo – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari tomonidan “Sirdaryo” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi fuqaro yonida 286 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikistondan olib kelingan.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazishdi.
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashina “Quva - Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilganda, u xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan qochishga uringan. Tezkor guruh tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida avtomashina to‘xtatilib, uning haydovchisi va salonida bo‘lgan 2 nafar fuqaro ushlangan hamda ular tomonidan yo‘l chetiga uloqtirib yuborilgan 905 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
So‘ngra Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina Marg‘ilon shahrida to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Namangan shahrida yashovchi fuqaroga tegishli 925 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib ushbu narkotik moddalarni Tojikistondan buyurtma qilib, Qirg‘iziston orqali olib keltirgan Beshariq tumanida yashovchi shaxs ham ushlandi.
Boshqa holatda esa Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 957 gr “gashish” moddasini olib, yo‘lovchi mashinada Quva tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
“Namangan - Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Qo‘qon shahri hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonida 833 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
16:46 / 09.11.2024
Uchta viloyat va Toshkent shahrida giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
14:41 / 06.11.2024