O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 4 ta ustuvor yo‘nalishi aytildi
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning Toshkentdagi forumda aytishicha, hukumat qishloq xo‘jaligini isloh qilish, qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlashni kambag‘allikka qarshi kurashishdagi asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilab olgan.
18 may kuni Toshkent shahrida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ikkinchi xalqaro forum boshlandi. Unda iqtisodchi olimlar, BMT, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, UNICEF, Osiyo taraqqiyot banki, FTA, GIZ kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari – jami 200dan ziyod delegatlar ishtirok etyapti.
Forum ochilishida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov so‘zga chiqib, o‘tgan davrda kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan natijalar va hukumatning bu boradagi prioritetlari haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
“O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi muttasil ravishda kamayib boryapti. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizgacha kamaydi. Qaysi omillar hisobiga kamaydi? Iqtisodiy o‘sish, jon boshiga iqtisodiy o‘sish 2017 yildan beri barqaror davom etayotgani.
Ikkinchidan, faol ijtimoiy siyosat. Bugungi kunga kelib 2 mln odam ijtimoiy nafaqa olyapti. Bu kambag‘allikka qarshi kurashning samarali yo‘lidir. Bir tomondan budjetdan trillion-trillion mablag‘larni xarajat qilyapmiz. Jon boshiga iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy nafaqalarni berish orqali kambag‘allik kamaygan bo‘lsa, bu birinchi marta ayollar o‘rtasidagi kambag‘allikni qisqartirishga qaratildi. Ya’ni bolasi borligiga qarab onalarga ijtimoiy nafaqa berilyapti. Albatta, yana bir masalani aytmoqchimanki, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan kambag‘allikni qisqartirishga erisha olmaymiz”, – dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari hukumatning kambag‘allikka qarshi kurashdagi asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
“Jahon banki bilan birgalikda hamkorligimiz dasturiga qarasangiz, uning eng katta yo‘nalishi inson kapitalini rivojlantirish hisoblanadi.
[Bizga] qaysi yo‘nalishlarni belgilab olgansizlar, deb savol berishyapti. Birinchi o‘rinda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish. Birinchi marta, prezidentimiz tashabbusi bilan biz yer maydonlarini odamlarga 30 yillik ijaraga beryapmiz.
Ikkinchisi, qishloq hududlarida sanoatni rivojlantirish, uchinchisi infrastrukturani rivojlantirish – bir joydan ikkinchi joyga tovarlarni yetkazib berishni tezlashtirish, odamlarning mobilligini oshirish uchun harakat qilish. Shu bilan birga, odamlarni ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlash, bunda yashil texnologiyalardan keng foydalanish.
To‘rtinchidan, urbanizatsiya jarayoni. O‘zbekistonda qishloq aholisi 50 foizni tashkil qiladi, bu katta ko‘rsatkich. 50 foizlik urbanizatsiya darajasi bilan kambag‘allikni qanday barqaror ravishda kamaytirchimoqchisiz degan savol berilishi mumkin. Shu sababli urbanizatsiya eng muhim yo‘nalishlardan biri”, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Ma’lumot uchun, ushbu forum Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro forumning maqsadi – kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasi va usullarini o‘rganish, yaqin yillarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ladi.
Mavzuga oid
19:28 / 18.12.2024
Toshkentda issiqlik ta’minoti narxlari 2 yilda 4 marta oshiriladi. Lekin bu ham yetarli emasligi aytilmoqda
14:14 / 18.12.2024
“Energetika sohasini subsidiyalash 2028 yildan to‘xtatiladi” – Jamshid Qo‘chqorov
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
16:18 / 29.11.2024