Jahon | 22:01 / 19.05.2023
40646
5 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarni e’lon qildi - Reuters 

Bu bilan Xitoy an’anaviy tarzda Rossiya ta’siri ostida bo‘lib kelgan hududda yangi rahbarlik rolini qo‘lga olayotgani aytildi. 

Foto: MARK CRISTINO/Pool via REUTERS

Xitoy raisi Si Jinping 19 may kuni Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha infratuzilmani barpo etishdan tortib, savdo-sotiqni kengaytirishgacha bo‘lgan ulkan rejalarni e’lon qildi. 

Bu bilan Xitoy an’anaviy tarzda Rossiya ta’siri ostida bo‘lib kelgan hududda yangi rahbarlik rolini qo‘lga oldi, deb yozdi Reuters. 

Xitoy bu borada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan rivojlanish strategiyasini muvofiqlashtirishga va barcha davlatlarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashishga tayyor, dedi Si Jinping Xitoy shimoli-g‘arbida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Xitoy» sammitidagi nutqida. 

«Ushbu sammit olti davlatning rivojlanishi va qayta tiklanishiga yangi turtki berdi hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka kuchli ijobiy energiya berdi. Biz birgalikda yuqori darajadagi, bir-birini chuqur to‘ldiradigan va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi paradigmasini ishlab chiqamiz», dedi Si Markaziy osiyolik hamkasblari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. 

Bu bilan Xitoy resurslarga boy mintaqada siyosiy ta’sir va energiya boyliklari uchun kurashda birinchi o‘ringa ko‘tarildi, Rossiya Ukrainadagi urushga chalg‘idi, AQSh esa qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqqach, mintaqadagi ta’sirini pasaytirdi, deb hisoblamoqda nashr. 

Savdo yo‘llari tarmog‘iga ega bo‘lgan beshta sobiq Sovet respublikalari boshqa joylarda to‘siqlar yuzaga kelgan taqdirda Xitoyga yoqilg‘i, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni tashish uchun muqobil yo‘nalishlarni taklif qilmoqda. 

Ikki kunlik sammitda Xitoy qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik va’dalarini berdi. Bir vaqtning o‘zida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G7 yetakchilari sammitida Xitoyning «salbiy» imiji yaratilgan edi. 

Xitoyning Markaziy Osiyoni qo‘llab-quvvatlashi AQSh tomonidan uni «majburlov diplomatiyasi»da ayblanishiga ziddek ko‘rinmoqda. 

Si so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro ishonchni mustahkamlashi, shuningdek, suverenitet, mustaqillik, milliy qadriyat va uzoq muddatli rivojlanish kabi asosiy manfaatlarni «aniq va qat’iy qo‘llab-quvvatlash»ni taklif qilishi kerak. 

«Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga huquq-tartibot, xavfsizlik va mudofaa salohiyatini oshirishda yordam berishga tayyor», dedi u. 

Shuningdek, Si Xitoy ikki tomonlama sarmoyaviy kelishuvlarni yangilashini va mintaqa bilan transchegaraviy yuk tashish hajmini oshirishini aytdi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu Markaziy Osiyoda Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan korxonalarni ko‘proq ish o‘rinlari yaratishga, omborlar qurishga va turizmni rivojlantirishga qaratilgan maxsus poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga undaydi. 

«Hamkorligimizni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun Xitoy bu davlatlarga 26 milliard yuan (3,8 milliard dollar) miqdorida moliyaviy yordam va grantlar ajratadi», dedi Si. 

Qayd qilinishicha, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili rekord darajadagi 70 milliard dollarga yetgan. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha 31 milliard dollar bilan yetakchilik qilmoqda, chunki Xitoy oziq-ovqat va energiya xavfsizligini oshirish yo‘lida yaqinroq aloqalarni izlamoqda. 

Si «Xitoy-Markaziy Osiyo» gaz quvurining D (to‘rtinchi) liniyasi qurilishini tezlashtirish kerakligini aytdi. 

Shuningdek, u Xitoy va Markaziy Osiyoni neft va gaz savdosini oshirishga, sanoat zanjirlari doirasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, yangi energiya va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi. 

«Uzoq muddatli istiqbolda Xitoy Kaspiy dengizi orqali xalqaro transport yo‘lagi qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi va Xitoy-Yevropa yuk poyezdlari uchun transport markazlarini quradi», dedi Si. 

Mavzuga oid