Jahon | 09:08 / 21.05.2023
42769
6 daqiqa o‘qiladi

Prigojin ortidan RF mudofaa vazirligi ham Baxmut olinganini e’lon qildi. So‘nggi ma’lumotlar

Putin yollanma jangchilar va harbiylarni tabriklagan. Ukraina QK shahar uchun janglar davom etayotganini ma’lum qilgan. Zelenskiy «Baxmut faqat qalbimizda» dedi.

Foto: Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin va RF mudofaa vazirligi Donetsk oblastining 2022 yil iyulidan buyon janglar ketayotgan Baxmut shahri egallangani haqida e’lon qildi. 20 may kuni Prigojin o‘z jangchilari bilan shaharning vayron bo‘lgan kvartallari fonida turgani aks etgan videoni e’lon qildi. Bir necha soat o‘tib uning matbuot xizmati shaharning turli rayonlaridagi binolarda bayroqlar ko‘tarilgani kadrlarini namoyish etdi. Bir necha oydan buyon Prigojin bilan o‘zaro ziddiyatda bo‘lib kelayotgan RF mudofaa vazirligi 21 mayga o‘tar kechasi Artemovskning (Baxmutning sovetcha nomi, Rossiya hukumati ham shaharni shu nom bilan ataydi) «ozod etish» jarayoni yakunlangani haqida e’lon qildi.

Vazirlikning qayd etishicha, Baxmutni egallashda «Vagner» shturm otryadlari, shuningdek Rossiya muntazam armiyasining «Janub» qo‘shinlari guruhi artilleriyasi va aviatsiyasi ishtirok etgan. Prigojin o‘z nutqida shahar faqat uning yollanma jangchilari tomonidan shturm qilinganini ta’kidlagan: «Bu yerda [mudofaa vazirligi spikeri Igor] Konashenkov aytganidek, havo-desant kuchlari yoki bizga yordam bera oladigan boshqa hech kim yo‘q edi. Biz o‘zimizga o‘zimiz yordam berdik».

«Vagner» o‘z nutqida RF harbiy rahbariyatini yana bir bor tanqid qilib, Baxmutda uning yollanma jangchilari «harbiylashgan byurokratlar»ga qarshi ham kurashganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov «urushni o‘z ko‘ngilxushligiga aylantirgan shaxslardir». Vazirlik uning tanqidlariga javob qaytarmagan.

RF prezidenti Vladimir Putin yollanma jangchilar va rossiyalik harbiylarni shahar egallangani munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Rossiya axborot agentliklari Kreml matbuot xizmatiga tayangan holda xabar bermoqda. 21 may tongida Kreml saytida ham shunga o‘xshash xabar paydo bo‘ldi. «O‘zini ko‘rsatganlarning barchasi davlat mukofotlariga taqdim etiladi», — deyiladi tarqatilgan bayonotda.

Ukrain harbiylari va mulozimlari Baxmut boy berilganini tasdiqlamagan. Xususan, Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar telegram-kanalida Baxmutda «og‘ir janglar ketayotgani, vaziyat o‘ta og‘irligi» haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari «Samolyot» hududida mudofaani ushlab turibdi. Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya kuchlari Baxmutni o‘z nazoratiga olgani to‘g‘risidagi xabarni «to‘g‘ri emas» deb atadi. U shuningdek, ukrain armiyasi shaharni qurshab olish bo‘yicha amaliyot olib borayotganini ma’lum qilgan. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyakning hisoblashicha, Baxmut to‘liq ishg‘ol etilganini e’lon qilgan Prigojin Volodimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoniga tashrifi va G7 sammiti atrofidagi axborot fonini buzishga urinmoqda. Ukraina QK bosh shtabi ham 21 may tongidagi frontdagi vaziyat to‘g‘risidagi xabarnomasida shahar uchun janglar davom etayotganini bildirgan.

«Bugungi kunda Baxmut faqat bizning qalblarimizda», — degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. U Yaponiyada G7 sammiti doirasida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuv boshlanishi arafasida jurnalistlarning izoh so‘rab bergan savoliga shunday javob qaytardi. Zelenskiydan Baxmut Kiyev nazorati ostidami deya so‘rashgandi. Bunga javoban u shunday dedi: «O‘ylaymanki, yo‘q. Bugungi kunda Baxmut faqat bizning qalblarimizda. Bu fojia. U yerda hech narsa qolmagan» (iqtibos Reuters agentligidan).

Keyinroq Zelenskiyning matbuot xizmati jurnalistlar prezidentdan noto‘g‘ri iqtibos keltirganini ma’lum qildi. «Ukraina prezidentining Baxmut haqidagi savolga javobi haqida. Reportyorning savoli: „Rossiyaliklar Baxmutni olganini aytishmoqda“. Prezidentning javobi: „Men bunday o‘ylamayman“. Shu tariqa, prezident Baxmut boy berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi», — degan ukrainlar yetakchisi matbuot kotibi Sergey Nikiforov.

OAVda Zelenskiyning jurnalistlar bilan suhbati videosi paydo bo‘lgan. Unda reportyorlardan biri shunday deb so‘raydi: «Mister prezident, Baxmut Kiyev nazoratida qolmoqdami? Rossiyaliklar Baxmutni egallashganini aytishmoqda». Ukraina prezidenti esa shunday javob beradi: «Menimcha, yo‘q. Siz u yerda hech narsa yo‘qligini tushunishingiz kerak. Ular [Rossiya] barchasini vayron qilishdi. Birorta bino qolmadi. Qattiq afsus. Bu fojia. Bugungi kunda Baxmut faqat qalbimizdadir».

Harbiy ekspertlar qayd etishicha, jangning ilk kunlaridanoq Baxmut mojaroning ikki tomoni uchun ramziy ma’noga ega edi. «Meduza»ning yozishicha, Baxmut Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangunicha muhim transport tuguni sanalgan, ammo Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil yozida Luhansk oblastida mag‘lubiyatga uchragach, Baxmutga olib keluvchi yo‘llar mudofaa uchun ahamiyatini yo‘qotgan. 2022 yil yozidan front chizig‘i Baxmut atrofidan o‘ta boshlagan, shahar uchun hal qiluvchi janglar kuzda boshlangan. Bu vaqt ichida Baxmut amalda butkul vayron qilindi.

Mavzuga oid