Jahon | 17:57 / 21.05.2023
32034
21 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Rossiyaga mahsulot yetkazib berishning asosiy yo‘nalishiga aylandi: sxema qanday ishlayapti?

G‘arb sanksiyalari Rossiya qurolli kuchlariga mahsulot yetkazishga xalaqit berishga qaratilgan, lekin nozik elektronika baribir ruslarga yetib bormoqda. Jurnalistlar Qozog‘iston orqali yetkazib berish zanjirlarining bir nechtasini kuzatishdi va ular ruslar tomonidan tuzilgan yangi kompaniyalar orqali o‘tayotganini aniqlashdi.

Foto: ​​​​​​​Foto: Jyeyms O'Brayyen / OCCRP

Jurnalistik surishtiruv korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq etish markazi (Organised Crime and Corruption Reporting Project) — OCCRP saytida e’lon qilindi.

Surishtiruvning asosiy xulosalari

Savdo statistikasi 2022 yil avvalida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosdagi bosqinidan so‘ng Qozog‘istonga dronlar va mikroelektronika importi hajmi o‘sganini ko‘rsatmoqda. Qozog‘istondan Rossiyaga dronlar va mikroelektronika eksporti ham sezilarli tarzda o‘sgan.

Urushdan keyin ruslar tomonidan tuzilgan Qozog‘iston kompaniyalaridan bu import uchun vositachi sifatida foydalanilmoqda.

«Aspan Arba» («Samoviy arava») nomi ostida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya dronlarni import qilib, ularni Rossiyadagi «Nebesnaya mexanika» kompaniyasiga eksport qilgan, u esa o‘z navbatida dronlarni harbiy tashkilotlarga sotgan. Bu ikki kompaniyaning egasi bitta.

Rus er-xotinga tegishli nemis kompaniyasi mikrochiplarni urush boshlanganidan ko‘p o‘tmasdan ularning o‘g‘li nomiga ochilgan Qozog‘iston kompaniyasiga jo‘natib turgan. O‘g‘il chiplarni Rossiyaga jo‘natgan.

* * *

Ha, dronlar Rossiya – Ukraina urushida keng foydalaniladigan qurolga aylandi. Tadqiqotchilardan biri tomonidan tuzilgan ma’lumotlar bazasi Rossiya qo‘shinlari tomonidan pilotsiz uchar qurilmalardan foydalanishning o‘nlab misollariga ega. Ularning aksariyati erkin savdoda bo‘lgan yengil modellar bo‘lib, razedka, artilleriya qurollari mo‘ljalini aniqlab berish, propaganda roliklari ishlashda foydalaniladi. Ularning ko‘pchiligi xorijda ishlab chiqarilgan.

2022 yilning oktyabrida Kiyev markazida pilotsiz uchar qurilma zarbasidan ziyon ko‘rgan uy.
Foto: Zuma Press/Alamy Stock Photo

Nazariy jihatdan Rossiyaga pilotsiz uchar qurilmalar importi G‘arb sanksiyalari bilan yopilgan bo‘lishi kerak edi. Biroq, amalda unga ega bo‘lish imkoniyatlari ochiqligicha qolmoqda. Bu nafaqat dronlarga taalluqli. Raketalardan tortib, minasizlashtirish uchun foydalaniladigan robotlarda ishlatiladigan takomillashgan mikrochiplar ham Rossiyaga xorijdan kirib kelishda davom etmoqda.

Jurnalistlarning aniqlashicha, qator holatlarda urushgacha shunday qurilmalar savdosi bilan shug‘ullangan Rossiya fuqarolari yangi kompaniyalar ochishgan va ular yetkazib berish zanjirining bir qismiga aylangan.

Yetkazib berish yo‘nalishi ham Rossiya, ham G‘arb davlatlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishga tirishayotgan Qozog‘iston orqali o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya askari pilotsiz uchar qurilmaga granata o‘rnatyapti.
Foto: ZGorokhoV/Telegram

Qozog‘iston «Rossiyaning sanksiyalarga chap berishga bo‘lgan barcha imkoniyatlaridan qochishga harakat qilmoqda», degan edi mamlakat tashqi ishlar vaziri fevral oyida AQSh davlat kotibi bilan matbuot anjumanida. Lekin u bu «juda qiyin» ekanini ham ta’kidlab o‘tgan edi, chunki Qozog‘iston va Rossiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi hisoblanadi va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq bojxona nazoratidan o‘tkazilmaydi.

Chindan ham, Qozog‘istonning savdo-sotig‘i haqidagi ma’lumotlari Rossiyaga pilotsiz uchar qurilmalarni yetkazib berish uchun oraliq davlat sifatida foydalanilayotganidan dalolat berib turibdi.

2021 yilda, Rossiya Ukrainaga keng miqyosdagi bosqin uyushtirishidan avval Qozog‘istonga dronlar shu qadar kam olib kirilganki, ular import-eksport to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarda ham aks etmagan. Biroq, 2022 yilda mamlakat 5 mln dollarlik dronlar import (deyarli barchasi Xitoydan) qilib, Rossiyaga 1,23 mln dollarlik dronlar eksport qilgan.

Mikrochiplar importi ham keskin oshgan: rasmiy statistikaga ko‘ra 2021 yilda Qozog‘istonga 35 mln dollarlik tarkibiy qismlar olib kirilgan, bu raqam so‘nggi yillarda mo‘’tadil ravishda oshib kelgan. 2022 yilda esa import ikki barobardan ziyodga o‘sgan va 75 mln dollardan oshib ketgan.

Bir vaqtning o‘zida Qozog‘istondan Rossiyaga mikrochiplar eksporti arzimagan 245 ming dollardan 18 mln dollargacha — 70 barobarga o‘sgan.

Bu xulosalar Rossiya sanksiya cheklovlarini osongina aylanib o‘tayotgani haqidagi xabarlarni tasdiqlaydi: Rossiyaning «Orlan» pilotsiz uchar qurilmalari ishlab chiqaruvchi kompaniya ham, «Rostex» sanoat konglomerati ham g‘arbda ishlab chiqarilgan tarkibiy qismlarni muvaffaqiyatli import qilmoqda.

Eksport nazorati bo‘yicha mutaxassis Erik Vudsga ko‘ra, «sanksiyalarning ta’siri hamma bu yo‘lda birlasha olishiga ham bog‘liq».

«Barcha kompaniyalar kim bilan biznes olib borayotganiga e’tibor qaratishi, ayniqsa sanksiyalarga chap beruvchi markazlar bilan ishlashda hushyorroq turishlari lozim. Shu sababli ikkilamchi sanksiyalar ham mavjud, biz bir hukumat boshqa hukumatlarga bosim qilib, ular tomonidan joriy etilgan sanksiya rejimining bir qismi bo‘lishga majburlayotganining guvohi ham bo‘lmoqdamiz. Huquqni qo‘llashni kuchaytirish talablarga rioya etishni tartibga soluvchi yaxshi signal bo‘la oladi», — degan Vuds.

Biroq, Qozog‘iston kabi davlatlar o‘zining qudratli qo‘shnisi bilan dunyodagi eng uzun umumiy chegara va uzoq tarixga egaligi tufayli harakat uchun imkoniyatlari cheklangan ekaniga guvoh bo‘lishi mumkin.

«Rossiya Qozog‘istonni majburlay oladi. Ishonchim komilki, Qozog‘iston hukumatida bo‘lib yotgan ishlardan norozi ko‘plab yoshlar bor. Lekin ular istashsa ham qo‘llaridan hech narsa kelmaydi», — degan Vuds. 

RF prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashmoqda. 2019 yilning apreli.
Foto: kremlin.ru

Vudsga ko‘ra, garchi yirik kompaniyalar sanksiyalardan cho‘chishsa ham, vositachi sifatida o‘z o‘rnini topgan mayda operatorlar uzoq AQShdan keladigan jazo haqida mutlaqo o‘ylashmaydi.

«Agar Qozog‘iston kompaniyasi AQSh bilan birga ish olib bormasa, rossiyaliklarni aldab, ular istagan biror narsani uch barobar qimmatroqka o‘tkazish orqali millionlab dollar ishlab topish mumkin bo‘lsa — bu biznes», — degan Vuds.

Vudsga ko‘ra, alaloqibatda bu «kichik odamchalar»ning millionlari urush Putin foydasiga hal bo‘lishida ahamiyat kasb etmaydi, lekin ularning soni shu qadar ko‘pki, Rossiyada shunday qila olamiz, degan taassurot paydo bo‘lishi mumkin. 

«Toki ular shunday qila olamiz, deb turar ekan, urush davom etaveradi. Urush qachonki Rossiyaning patronlari tugasa yakunlanadi», — degan u.

«Nebesnaya mexanika»

Garchi urushda foydalanilayotgan pilotsiz uchar qurilmalarning ayrimlari buyurtma asosida tayyorlanayotgan yoki maxsus harbiy modellar bo‘lsa-da, ham Rossiya, ham Ukraina ko‘proq tayyor iste’mol modellaridan foydalanib kelmoqda.

Ularning aksariyati Xitoyning yetakchi DJI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Urushda har ikki tomonning dronlardan foydalanishi bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratgan mutaxassis Feyn Grinvud u aniqlashga muvaffaq bo‘lgan dronlarning 59 foizi DJI mahsulotlari ekanini ta’kidlagan. Aynan shu kompaniyaning dronlari uchun Rossiya Telegram-kanallari frontga yordam qilish maqsadida muntazam pul yig‘ib turishadi.

DJI o‘z dronlari harbiy maqsadlarda yaratilmaganini qat’iy ta’kidlab chiqdi, shuningdek, o‘tgan yil aprel oyida uning mahsulotlari na Rossiyaga, na Ukrainga sotilayotganini aytdi.

O‘tgan oyda AQSh DJI’ning Dubayda joylashgan distribyutoriga mahsulotlarini Rossiyaga sotganlik uchun sanksiya joriy etganida, DJI tezda «ortiq mualliflik dileri emasligi» haqida bayonot berib, boshqa yurisdiksiya sanksiyalarini buzmayotganini kafolatlovchi shaffof dalolatnomalari borligini ham qo‘shimcha qilgan.

Nima bo‘lganda ham, DJI dronlari hamon Rossiyaga yetkazilmoqda va jang maydonlarida paydo bo‘lmoqda.

DJI droni.
Foto: Viktor Karasev / Alamy Stock Photo

Yetkazib beruvchilar orasida Moskvadagi «Nebesnaya mexanika» kompaniyasi ham bor. Inglizcha nomi «Sky Mechanics» bo‘lgan firma «SKYMEC» savdo belgisidan ham foydalanadi va o‘zini «Rossiyadagi DJI markali dronlarning yetakchi distribyutori va yechimlari integratori» sifatida taqdim etadi.

Kompaniya saytining «hamkorlari va mijozlari» bo‘limida yetakchi neft va konchilik kompaniyalari, mobil aloqa operatorlari, davlat kompaniyalari, jumladan RJD temiryo‘l kompaniyasi, FVV va IVV ko‘rsatilgan.

Biroq, «Nebesnaya mexanika»ning jurnalistlar izlab topgan tranzaksiyalari yozuvi kompaniya DJI dronlarini Ukrainadagi urushni yoqlab kelayotgan turli harbiy notijorat kompaniyalariga ham sotganidan dalolat berib turibdi.

Ulardan biri — «Xalq fronti: hammasi g‘alaba uchun» tashkiloti bo‘lib, Rossiya harbiy qismlarini ta’minlash uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish bilan shug‘ullanadi.

Ayni vaqtda ushbu guruh urush targ‘ibotchisi Vladimir Solovyov tomonidan ilgari surilgan «Uchaqolinglar, birodarlar» nomi ostida mablag‘ to‘plash kompaniyasini olib bormoqda. Yig‘ilgan pullarga Ukrainaning Donetsk va Luhansk oblastlarining Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududlarida jang olib borayotgan jangarilarga dronlar xarid qilinadi. O‘tgan yil avgustida Solovyov 300 ta dron xarid qilinganini yozgan edi.

Bu yil «Xalq fronti» dron sotib olishda davom etmoqda: fevral oyida tashkilot birgina «Nebesnaya mexkanika»ning o‘zidan 799 ming rublga dron sotib olgan. Kompaniya o‘z saytida xuddi shu narxga DJI Mavic 2 Enterprise Advanced dronini reklama qilmoqda.

Jurnalistlar umumiy hisobda «Nebesnaya mexanika»dan dron sotib olish uchun 15 mln rubldan ziyod mablag‘ sarflagan yana uchta notijorat tashkilotlarni topishgan.

«Nebesnaya mexanika» dronlarni qayerdan olyapti?

Jurnalistlar axtarib topgan Rossiya bojxonasi ma’lumotlari manbalaridan kamida bittasi Qozog‘istonda ekanini ko‘rsatmoqda. 2022 yilda u Qozog‘istonning «Aspan Arba» kompaniyasidan 500 ta dron import qilgan.

Bu kompaniya 2022 yil aprelida, urush boshlanganidan ikki oy o‘tib tuzilgan. Qozog‘istonning «Metalmayninginfo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, u DJI dronlarining Qozog‘istondagi rasmiy dileri bo‘lib, foydali qazilmalar qazib olish, qurilish, avariya-qutqaruv va qishloq xo‘jaligi ishlari uchun dronlar yetkazib beradi.

Lekin «Aspan Arba» va Rossiyaning «Nebesnaya mexanika» firmalari bitta odam tomonidan boshqarilishiga ishora qiluvchi ko‘plab faktlar bor.

Har ikki kompaniya o‘z egasi sifatida Ilya Golbern degan insonni ko‘rsatgan. Qozog‘iston kompaniyasining direktori Mixail Sapojnikov Golberg bilan birga «Nebesnaya mexanika» hammuassisi bo‘lgan. «Aspan Arba» saytida ko‘rsatilgan telefon raqami esa bir vaqtning o‘zida «Nebesnaya mexanika» xodimiga ham tegishli.

Dronlarni Qozog‘istonga olib kirish uchun cheklovlar yo‘qligi sababli, «Aspan Arba» bemalol bu ish bilan shug‘ullangan.

Qozog‘iston raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy kompaniyasining Niderlandiyadagi DJI Europe BV shu’ba korxonasidan 45 mln dollarlik 18 mingta DJI dronlari olib kirishga litsenziya olgan.

Dronlarni Xitoy va Yevropadan Qozog‘iston orqali Rossiyaga yetkazish sxemasi.
Foto: Jyeyms O’Brayyen / OCCRP.

«Nebesnaya mexanika» va «Aspan Arba» egasi Golberg bu voqeani jurnalistlarga izohlashdan bosh tortdi. DJI vakili esa jurnalistlarga Xitoy kompaniyasi va uning shu’ba korxonalari «2022 yilning aprelidan boshlab Rossiya va Ukrainaga barcha yetkazib berishlar va operatsiyalarni ixtiyoriy ravishda to‘xtatgani»ni ta’kidlagan.

«Biz bu ikki davlatdagi va boshqa joylardagi distribyutorlik tarmoqlarimizni bu ikki davlatdagi mijozlarga har qanday mahsulot va ehtiyot qismlarni yakuniy foydalanish maqsadidan qat’i nazar bloklash lozimligi to‘g‘risida ogohlantirdik, — deb yozgan kompaniya. — Biz bu holni aks ettirish uchun sotuv siyosatimizni tegishli tarzda yangiladik. Bizning dalolatnomalarimiz AQSh yoki boshqa yurisdiksiya sanksiyalari buzilmayotganini kafolatlaydi».

DJI vakili «Aspan Arba» bilan «hamkorlik» 2022 yil mayida boshlangani va 2023 yilda qayta tiklanmaganini ta’kidlab o‘tgan.

Oilaviy biznes

Moskva markazidagi kvartiralardan birida ro‘yxatdan o‘tgan va elektron tarkibiy qismlar bilan savdo qiluvchi «Stek» o‘zini «yosh, muvaffaqiyatli ravnaq topayotgan kompaniya» sifatida ta’riflaydi.

Rossiya bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda firma Qozog‘istondan mikrosxemalar, diodlar, tranzistorlar va jami 4,2 mln dollarlik boshqa tovarlar import qilgan.

Bojxona ma’lumotlari bu tovarlar kim tomonidan ishlab chiqarilganini akslantirmagan, biroq mahsulotlar Hongkong, Germaniya, Niderlandiya va Singapurda ishlab chiqarilgani ma’lum.

«Stek» mahsulotlari xaridorlari esa, saytida yozilishicha, radiotizimlari ishlab chiqaruvchi, «Roskosmos» tarkibidagi MEI maxsus konstruktorlik byurosi, Moskva projyektor zavodi — u Rossiya raketa va zenit-raketa komplekslari uchun quvvatlash manbayi ishlab chiqaradi.

Jurnalistlar tomonidan izlab topilgan «Stek» tranzaksiyalar yozuvlariga ko‘ra, kompaniyaning 2022 yilgi savdosining katta qismi «Set-1» degan kompaniya bilan amalga oshirilgan.

«Set-1» sayti ayni damda ishlamayapti, lekin uning arxiv versiyasida kompaniya Rossiya harbiylari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun «maxsus texnika yaratish va ishlab chiqish», jumladan masofadan turib boshqariluvchi «Sfera» va «Skarabey» robotlarini yasash bilan shug‘ullanishi bayon qilingan. Rossiya harbiylari kompaniyaning mahsulotlaridan Suriyada foydalangan, endi esa Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarini minalardan tozalash bo‘yicha operatsiyalarda foydalanmoqda.

2022 yilda «Set-1» Rossiya tashqi razvedka xizmati, FXX hamda Ukraina sharqida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasidagi rus qo‘g‘irchoq mansabdorlari uchun elektron uskunalar o‘rnatgan.

«Stek»ning bosh direktori va egasi Ilya Silnitskiy jurnalistlarning savollariga javob qaytarmadi. «Set-1» egasi Sergey Yefremenkov ham savollarni javobsiz qoldirgan.

Jurnalistlar esa «Stek» Qozog‘istondan import qilib savdoga chiqargan ayrim tarkibiy qismlar qayerdan kelib qolganini topa olishdi.

Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning yanvarida «Stek» 2598 ta mikrochipdan iborat partiyani Qozog‘istonning «Da Group 22» kompaniyasidan qabul qilib olgan. O‘sha oyning o‘zida «Da Group 22» shu hajmdagi partiyani Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan «Elix-St» kompaniyasidan qabul qilib olgan.

Ostona shahrida joylashgan «Da Group 22» sayti bosh sahifasi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Da Group 22» ham «Elix-St» ham rossiyalik bir oilaga tegishli ekan.

Nemis kompaniyasi egalari er-xotin Yevgeniy va Yelena Chernet, o‘tgan yil martida ro‘yxatdan o‘tgan Qozog‘iston kompaniyasi egasi esa ularning o‘g‘li ekani gumon qilinayotgan Aleksandr Chernetdir.

Yelena va Yevgeniy Chernet Rossiyada ham elektromagnit to‘lqinlarni yutuvchi materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Eliks-M» kompaniyasiga egalik qilishadi. Ulardan radarlar nishonidan yashirinish uchun foydalanish mumkin. «Eliks-M» mijozlari orasida Rossiyaning bir necha mudofaa kompaniyalari bor.

Germaniyaning savdo ma’lumotlari 2018 yildan 2021 yilgacha, ya’ni Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanishidan avval Shtutgartdagi «Elix-St» kompaniyasi Qozog‘istonga hech narsa eksport qilmagani, biroq Rossiyaga 500 ming dollarlik elektron tarkibiy qismlar sotganini ko‘rsatadi.

2022 va 2023 yillarda vaziyat teskari bo‘lgan: «Elix-St» Rossiyaga hech narsa jo‘natmagan, yuzlab ming dollarga baholanadigan tarkibiy qismlar Qozog‘istondagi «Da Group 22»ga jo‘natilgan. 

Jurnalistlar «Elix-St»ning Shtutgartdagi ofisiga borishganida uyda hech kim yo‘q edi. Qo‘shnilarining bildirishicha, Yevgeniy va Yelena Kiprda, ularning «o‘g‘li» esa katta ehtimol bilan yo Moskvada, yo Qozog‘istonda ekan.

Sharh so‘rab «Elix-St»ni tamsil etuvchi yuridik firmaga murojaat qilinganida, kompaniya chindan ham «Da Group 22»ga elektron tarkibiy qismlar yetkazib berishgani, lekin ular «videoregistratorlar uchun» foydalanilishi nazarda tutilganini aytishgan. Ayrim holatlarda so‘nggi foydalanuvchidan tarkibiy qismlar belgilangan maqsadlarda ishlatilganini tasdiqlovchi sertifikatlar ham borligini aytishgan.

«Elix-St» «Da Group 22» Chernetning o‘g‘liga tegishli ekani to‘g‘risidagi axborotni rad etdi. Isbot sifatida Qozog‘istonga tegishli, eskirgan korporativ hujjat taqdim etilgan va unda qozoqcha familiyaga ega inson muassis sifatida ko‘rsatilgan. Biroq mavjud joriy ma’lumotlar kompaniya direktori va egasi Aleksandr Chernet ismli inson ekanini ko‘rsatib turibdi.

Mikrochiplarni Qozog‘iston orqali Yevropadan Rossiyaga yetkazish sxemasi.
Foto: Jyeyms O'Brayyen / OCCRP.

«Taniqli xalqaro brendlar»

Yana bir holatda jurnalistlar Rossiyaning nomi bir xil bo‘lgan ikkita kompaniyasiga duch kelishgan. Ular Qozog‘istondan elektron tarkibiy qismlarni mudofaa sanoatiga import qilish uchun vazifani bo‘lib olishgan.

Moskvadagi «Praym Komponens» nomi ostida savdo qilayotgan «Praym» kompaniyasi o‘zini «professionallar uchun elektron tarkibiy qismlar» manbayi sifatida reklama qiladi.

«Bizning kompaniyamiz faqat tan olingan jahon brendlarining ishonchli mahsulotlarini sotadi hamda ishonchlilikni milliy va xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlaydi», — deyiladi kompaniya saytida.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotlarni taqdim etuvchi hukumat portali ma’lumotlariga ko‘ra, «Praym» davlat mudofaa konglomerati — «Rostex» shafeligi ostida mudofaa korxonalariga tarkibiy qismlar yetkazib bergan. Uning o‘tgan yilgi asosiy mijozlaridan biri RF mudofaa vazirligi uchun aloqa vositalari ishlab chiqaruvchi «Elektropribor» zavodi bo‘lgan.

O‘tgan yili «Praym» 100 mln rubl (1,4 mln dollar)dan ortiq summaga Rossiyadagi shu nomdagi «Praym Ek» kompaniyasidan tarkibiy qismlar xarid qilgan. Har ikki kompaniya ofislari bitta binoda joylashgan, ular umumiy telefon raqamlariga ega.

Bojxona ma’lumotlari «Praym Ek» 2022 va 2023 yillarda Qozog‘istondagi noma’lum yetkazib beruvchilardan 3,1 mln dollarlik butlovchi qismlar xarid qilganini ko‘rsatadi. Ularning importi tarkibiga G‘arbning Texas Instrumens, Analog Devices va STMicroelectronics kabi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari kiradi. Jurnalistlar aniqroq ma’lumot va izoh olish uchun «Praym» va «Praym Ek» kompaniyalariga bog‘lana olishmagan.

Mavzuga oid