Jahon | 16:19 / 24.05.2023
10987
2 daqiqa o‘qiladi

Prigojin Baxmut uchun janglarda sobiq mahbuslardan 10 ming nafari halok bo‘lganini aytdi

U o‘z kuchlarining jami yo‘qotishlarini 15-16 mingga baholagan.

Foto: Reuters

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Kreml ta’siridagi siyosiy texnolog Konstantin Dolgovga bergan intervyusida Baxmut uchun janglar vaqtida o‘z yollanma jangchilarining yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner» XHKga 50 ming mahbus yollangan, shundan 20 foizga yaqini halok bo‘lgan. 

U «Vagner» XHKning boshqa toifadagi yollanma jangchilari (35 ming) orasidagi yo‘qotishlar ulushi ham shuncha ekanini aytgan. Prigojin yollanma kuchlarning jami yo‘qotishlari bo‘yicha raqamni keltirmagan, ammo uning so‘zlaridan xulosa qilish mumkinki, «Vagner» XHK 15-16 ming jangchisini qurbon qilgan, jumladan 10 ming nafar sobiq mahbusni.

Shuningdek, «Vagner»ning yana 15-16 ming a’zosi og‘ir jarohatlar tufayli safdan chiqqan.

Prigojin Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlarini 50 mingga baholagan, yana 50-70 ming kishi yaralanganini aytgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden 21 may kuni rossiyaliklarning Baxmut uchun janglardagi yo‘qotishlari 100 mingga yaqin ekanini aytgandi.

Mavzuga oid