Jahon | 09:14 / 28.05.2023
24791
6 daqiqa o‘qiladi

«Ertaga, indin yoki bir haftadan keyin» - Danilov Ukraina armiyasining qarshi hujum boshlashga tayyorligi haqida

Oleksiy Danilov UQK bo‘lajak qarshi hujumini «tarixiy imkoniyat» deb atadi va u allaqachon boshlangan degan da’volarni rad etdi. 

Foto: AP

Ukraina Rossiya qo‘shinlariga qarshi uzoq kutilgan qarshi hujumni boshlashga tayyor. Bu haqda mamlakatdagi xavfsizlik masalalariga mas’ul bo‘lgan yuqori martabali mulozimlardan biri BBC bilan intervyuda ma’lum qildi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov  operatsiya boshlanishi mumkin bo‘lgan aniq sanani ochiqlashdan bosh tortdi va bu «ertaga, indinga yoki bir hafta ichida» boshlanishi mumkinligini bildirdi. 

U Ukraina hukumatida qaror qabul qilishda «xato qilish huquqi yo‘qligi»dan ogohlantirib, bu mamlakat qo‘ldan boy bera olmaydigan «tarixiy imkoniyat» bo‘lishini ta’kidladi.

Danilov prezident Volodimir Zelenskiyning harbiy hukumatida markaziy rolni o‘ynaydi. U tez-tez intervyu berdi, bu safargi muloqot prezident Zelenskiyning uni aynan qarshi hujum muhokama qilinajak yig‘ilishga chaqirib qolishi tufayli uzilib qolgan.

Ukraina bir necha oydan buyon qarshi hujumni rejalashtirib keladi, ammo qo‘shinlarni yaxshiroq tayyorlash va g‘arblik ittifoqchilardan harbiy texnikalar olish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘lish maqsadida yurish boshlashni kechiktirmoqda.

Bu vaqtda esa Rossiya qo‘shinlari o‘z mudofaa istehkomlarini tayyorlamoqda.

O‘rtaga ko‘p narsa tikilgan, chunki Kiyevdagi hukumat Ukraina xalqi va G‘arbdagi ittifoqchilarga Rossiya mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, hech bo‘lmaganda suveren hududining bir qismini qaytarib olishi mumkinligini ko‘rsatishi kerak.

Danilovning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi, qo‘mondonlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina «urushning ushbu bosqichida eng yaxshi natijaga erishish imkoniyatiga ega bo‘lganda» boshlanadi.

Ukrain qo‘shinlari bo‘lajak qarshi hujumga bir necha oy davomida g‘arb texnikalari orqali tayyorgarlik ko‘rdi
Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari yurishga qanchalik tayyorligi to‘g‘risidagi savolga u shunday javob qaytargan: «Biz hamisha tayyormiz. Xuddi istalgan vaqtda o‘z vatanimizni himoya qilishga tayyor bo‘lganimiz kabi. Va bu vaqt masalasi».

«Biz shuni tushunishimiz kerakki, Xudo mamlakatimizga bergan, Ukrainaga mustaqil, Yevropa davlati bo‘lish yo‘lidagi tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bera olmaymiz», degan Danilov va qo‘shimcha qilgan: «Bu ertaga, ertadan keyin yoki bir hafta o‘tib ro‘y berishi mumkin».

«Agar men u yoki bu voqeaning boshlanish sanasini aytsam, bu juda g‘alati bo‘lardi. Bunday qilish mumkin emas.... Mamlakatimiz qarshisida o‘ta mas’uliyatli vazifa turibdi. Va biz xato qilishga haqqimiz yo‘qligini tushunamiz», degan u.

Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi allaqachon boshlangani haqidagi gaplarni rad etdi. «Rossiya qo‘mondonlik markazlari va Rossiya harbiy texnikasini yo‘q qilish» o‘tgan yilning 24 fevralidan, ya’ni Rossiya bosqini boshlangan kundan beri Ukraina qurolli kuchlari oldiga qo‘yilgan vazifa bo‘lib kelgan. Urush davrida bizda dam olish bo‘lmadi», degan u. 

Danilov shuningdek Ukraina armiyasining ko‘p oylar davomida ko‘plab askarlar hayoti evaziga Baxmutni himoya qilish qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

«Baxmut - bizning yerimiz, bizning hududimiz va biz uni himoya qilishimiz darkor, - degan. - Agar biz har aholi yashash manzilini tark etaversak, bu bizni Putin urushning ilk kunidan istagan g‘arbdagi chegaralarimizga qadar qaytarishi mumkin».

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar hamon shaharning ma’lum qismini nazorat qilishda davom etmoqda (Rossiya hukumati Baxmut egallangani haqida bir hafta oldin e’lon qilgandi).

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari chindan ham shaharni tark etyaptimi deya berilgan savolga u shunday javob qaytargan: «Ha, shunday bo‘lmoqda. Ammo bu ular biz bilan jang qilishni bas qiladi degani emas. Ular frontning boshqa jabhalariga e’tibor qaratmoqchi».

May oyining birinchi yarmida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy britan nashrlariga bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga to‘la tayyor bo‘lishi uchun «yana biroz vaqt zarurligi»ni aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain armiyasi qarshi hujumni boshlashi mumkin, ammo bu «oqlab bo‘lmas darajadagi katta yo‘qotishlar»ga olib kelgan bo‘lardi.

Mavzuga oid