Farzandini oromgohga yuborayotgan ota-onalarga huquqiy eslatmalar berildi
Unda oromgohlarga qo‘yiladigan talablar, bolalar va oziq-ovqatlar xavfsizligi, shuningdek, boshqa muhim masalalarga oid me’yorlar keltirilgan.
«Huquqiy axborot» portali tomonidan farzandini oromgohga yuborayotgan ota-onalarga huquqiy eslatmalar berildi.
Unda oromgohlarga qo‘yiladigan talablar, bolalar va oziq-ovqatlar xavfsizligi, shuningdek, boshqa muhim masalalarga oid me’yorlar keltirilgan.
1. Oromgoh qanday talablarga javob berishi kerak?
Oromgoh sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari, xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishi shart. Har bir oromgohda tibbiy punkt tashkil etilib, u tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
2. Oromgohdagi guruhlar tarkibidagi bolalar soni qancha bo‘lishi kerak?
Oromgohda bolalarning yoshini hisobga olgan holda guruhlar tuziladi. Guruhlardagi bolalar soni 7 – 9 yoshdagi bolalar uchun 30 nafardan, 10 – 14 yoshdagi bolalar uchun 40 nafardan oshmasligi kerak.
3. Oromgohda dam olish davomiyligi necha kun?
Oromgohda dam olish davomiyligi odatda tashkilotchilar tomonidan belgilanadi. Bunda sog‘lomlashtirish muddati yozgi mavsumda 10 kundan, kuzgi, qishki va bahorgi mavsumda 7 kundan kam bo‘lmasligi lozim. Mehnat va dam olish oromgohida har bir mavsum 12 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga belgilanadi.
4. Oromgoh uchun yo‘llanma narxida imtiyoz bormi?
Bolalar oromgohga yo‘llanma asosida yuboriladi. Yo‘llanma oromgohdan sotib olinadi. Ota-onasi ishlayotgan bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohga yuborilganda yo‘llanma narxining 55 foizi kasaba uyushmasi tomonidan to‘lab beriladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari farzandlari uchun oromgohga yo‘llanma olganda narxining 50 foizgacha qismi ish beruvchining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin.
5. Bola kasal bo‘lganda oromgohga qabul qilinadimi?
Oromgohda bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasi tuziladi. Bola yo‘llanma va sog‘lig‘i haqidagi tibbiy ma’lumotnoma (079/x-shakl) asosida oromgohga qabul qilinadi. Bunda oromgoh tibbiyot xodimlari ko‘rigidan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik jarayonida bolada biror kasallik alomati aniqlansa, bola oromgohga qabul qilinmaydi va uning davolanishi uchun 3 kun muddat beriladi. Bola 3 kun ichida davolanib kelganda qabul qilinadi. Davolanish 3 kundan ko‘p davom etsa, ota-onasining 10 kunda bergan murojaatiga asosan, bolaga berilgan yo‘llanma qaytarib olinadi, yo‘llanma uchun to‘langan mablag‘ning 85 foizi qaytariladi.
6. Ovqatlar xavfsizligiga kim javobgar?
Oromgohda bolalarning yoshi va mavjud kasalliklarini e’tiborga olgan holda kun tartibi ishlab chiqilib ovqatlantirish tashkil etilishi va muntazam ravishda nazorat qilib borilishi shart. Bolalar uzluksiz ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi, ularning sifati va belgilangan me’yorlarga mosligi doimiy ravishda nazorat qilib borilishi kerak. Oshxona ishi ustidan doimiy nazorat olib borilib, taomnoma tuzishda shifokor ishtirok etishi lozim. Tayyor ovqatlar kaloriyasi tekshirib boriladi, tashqaridan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari shifokor ruxsatisiz bolalarga berilmaydi. Oromgoh ma’muriyati bevosita oziq-ovqat xavfsizligiga javobgar bo‘ladi.
7. Oromgohda bola kasal bo‘lib qolsa yoki shikastlansa, qanday choralar ko‘riladi?
Bola kasal bo‘lganida yoki shikastlanganda bepul birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Bolaning hayoti, sog‘lig‘i uchun tibbiyot xodimlari va oromgoh rahbariyati mas’ul hisoblanadi. Bolaning sog‘ligi muntazam ravishda kuzatib boriladi, shifokor tomonidan reja asosida tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Mavsumiy kasalliklar (o‘tkir ichak kasalliklari) ko‘payishi mumkin bo‘lgan oylarda tibbiyot xodimlari tomonidan kasallikning oldini olish va zarur bo‘lganda davolash ishlari tashkil etiladi. Yuqumli kasalliklar aniqlanganda, bu haqda sog‘liqni saqlash muassasalariga va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga ma’lum qilinadi va bemor bola oromgoh rahbari nazoratida shifoxonaga yotqiziladi.
8. Bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?
Oromgohda tartibni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha doimiy navbatchilik tashkil etiladi. Bolalarning har qanday xavfsizligi uchun oromgoh ma’muriyati mas’ul hisoblanadi.
Bolalar o‘zaro janjallashishi, bir-biriga nisbatan har qanday tazyiq o‘tkazishi mumkin emas. Mazkur qoidalar barcha bolalar uchun majburiy bo‘lib, ularga tushuntiriladi. Bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida oromgoh hududiga begona kishilarning kirishi yoki u yerda yashashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Oromgohda bola to‘garakni o‘z xohishiga ko‘ra tanlashi mumkinmi?
Ha, bola oromgohda qiziqishiga ko‘ra to‘garak turini tanlash va unda bepul ta’lim olish huquqiga ega.
Bundan tashqari, bolalar quyidagi huquqlarga ega:
- oromgohning ichki tartib-qoidalari bilan tanishish;
- oromgohning tibbiy va qo‘shimcha ta’lim xizmatlaridan foydalanish;
- oromgohning moddiy-texnika bazasidan foydalanish;
- oromgohdagi sharoit, ovqatlanish, tibbiy xizmat va o‘quv jarayoni masalalarida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha oromgoh rahbariyatiga murojaat qilish;
- oromgoh faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish.
10. Oromgohda dam olish muddati tugamasidan ota-onalar o‘z farzandini olib ketishi mumkinmi?
Ha, ota-ona o‘z xohishiga ko‘ra bolani oromgohdan muddatidan oldin olib ketish huquqiga ega. Shuningdek, ota-ona oromgoh tomonidan bolalarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini talab qilish, oromgohning ichki tartib-qoidalari, kun tartibi va taomnoma bilan tanishish huquqiga ega.
Mavzuga oid
19:07 / 04.06.2024
Ta’til boshlandi – yozni bolalar qanday o‘tkazgani ma’qul?
15:20 / 30.05.2024
Bolalar oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovi kengaytiriladi
21:46 / 27.04.2024
Ota o‘zi bilan yashashni xohlamagan o‘g‘lini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi
21:30 / 19.01.2024