O‘zbekiston | 18:49 / 31.05.2023
7619
5 daqiqa o‘qiladi

Rikardo Sessa: “O‘zbekiston va Italiya – ko‘p asrlik do‘stlar”

Mustahkam ichki barqarorlik va Toshkentning o‘zaro manfaatli mintaqaviy siyosati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkorga aylantirmoqda, dedi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv chog‘ida Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati prezidenti Rikardo Sessa.

Foto: SMTI matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 29 may kuni Rim shahrida “O‘zbekiston va Italiya: hamkorlikning yangi qirralari” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbir Italiya Tashqi ishlar vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tadbirda Italiya TIV, turli davlat idoralari, yetakchi kompaniyalari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Italiya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Eldor Aripov Italiya 30 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli sherigi sifatida mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.

Aripovning qayd etishicha, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi va Konstitutsiyaning yangilangan tahriridan kelib chiqadigan vazifalar O‘zbekiston–Italiya munosabatlarini chuqurlashtirish va kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.

Rim O‘zbekistondagi islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Italiyalik hamkorlar mamlakatda demokratik institutlarni mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatni yuksak baholaydi.

Italiyalik ekspertlar nafaqat Rimda, balki Yevropa Ittifoqida ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatishayotganini, bu orqali, eng avvalo, xalq farovonligini ta’minlash vazifalari ustuvor ekanini ta’kidladi.

Italiyaning Toshkentdagi elchisi Agostino Pinnaning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yildan O‘zbekistonda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi konstitutsiyaviy islohot bozor iqtisodiyoti uchun yanada mustahkam poydevor yaratdi: tadbirkorlik faoliyatining asosiy erkinliklari va kafolatlari mustahkamlanmoqda, xususiy mulk himoyasi kuchaytirilmoqda.

Agostino Pinnaning so‘zlariga ko‘ra, Italiya–O‘zbekiston munosabatlari aynan shunday jadal va izchil rivojlanayotgan paradigmada gullab-yashnamoqda. Shunday qilib, 2022 yil yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 32 foizga o‘sib, 535,4 million yevroga yetdi va bu Italiyani O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi yirik savdo hamkoriga aylantirdi.

Italiya biznesining O‘zbekistonga qiziqishi o‘zaro xarakterga ega bo‘lib, davomli ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Keyingi yillarda respublikada Italiya kapitali ishtirokida konchilik, metallurgiya, neft-kimyo va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yangi sohalarni qamrab olgan korxonalar soni ikki barobarga oshdi. Natijada, so‘nggi to‘rt yil ichida o‘zlashtirilgan Italiya investitsiyalari hajmi 7 baravar ko‘payib, 7,1 million dollardan 49,6 million dollarga yetdi.

Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati prezidenti Rikardo Sessa “O‘zbekiston va Italiya ko‘p asrlik do‘stlar” ekanini alohida qayd etdi.

Uning fikricha, ikki davlatni uzoq yillik tarixiy va tsivilizatsion aloqalar bog‘lab turadi. Zamonaviy O‘zbekiston Rimning Markaziy Osiyo siyosatida muhim o‘rin egallaydi. Mustahkam ichki barqarorlik hamda Toshkentning o‘zaro manfaatli mintaqaviy siyosati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkorga aylantirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Italiyaning O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan strategik qiziqishi ortib bormoqda. Buning natijasida parlamentlararo aloqalar faollashmoqda, O‘zbekiston va Italiya vazirliklari va idoralari darajasida aloqalar jadal kengaymoqda.

Davra suhbati yakunida tomonlar o‘zaro ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Italiyaning tahliliy institutlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatda ikki davlatning tahliliy markazlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan forumlar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish orqali hamkorlik va muntazam ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid