O‘zbekiston | 22:09 / 08.06.2023
41920
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Germaniya vizasi uchun uchrashuv belgilashi qiyinlashib ketdi

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasiga biriktirilgan Visametric tashkiloti orqali shengen vizasi uchun uchrashuv belgilashning iloji bo‘lmay qolgani aytilyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan Germaniyadagi vatandoshlar tizim yaxshi ishlamayotgani va navbat olish imkoniyati yo‘qligini aytdi. Talabgorlar soni oshgani Germaniya o‘zbekistonliklarga ko‘proq ish takliflarini berayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: Depositphotos

O‘zi nima gap?

Germaniyaga shengen viza olish uchun elchixona bilan uchrashuv belgilash faqatgina Visametric viza markazi orqali onlayn amalga oshiriladi. Visametric viza arizalarini qabul qilish uchun Germaniya tomonidan ruxsat berilgan yagona xizmat ko‘rsatuvchi hisoblanadi.

Kun.uz'ga murojaat qilgan bir nechta o‘zbekistonliklarning aytishicha, Visametric tashkiloti orqali shengen vizasi masalalarida elchixona bilan uchrashuv belgilash jarayonida to‘siqlar yuzaga kelyapti.

“Visametric'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Germaniya va Shvetsiya davlatlariga viza topshirish uchun hujjatlarni qabul qiladi. Muammo ikkala mamlakatga ham taalluqli. Lekin Germaniyaga borishga ehtiyojmandlar soni Shvetsiyaga boruvchilardan ancha ko‘p, shuning uchun Germaniyadagi va O‘zbekistondan Germaniyaga kelmoqchi bo‘layotgan O‘zbekiston fuqarolari muammoga yechim topishga astoydil kirishgan. Vatandoshlarimiz 2021 yilning yarmidan boshlab muammoga jiddiy ro‘baro‘ bo‘la boshlashdi.

Visametric saytiga kirganda arizachiga bo‘sh sana borasida aniq ma’lumot berilmaydi. Onda-sonda paydo bo‘lib qolgan bo‘sh sanalarni egallashga harakat qilinganda, tizim harakatsiz holda qotib qoladi”, – deydi biz bilan suhbatda murojaatchilardan biri.

Germaniyadagi o‘zbekistonliklarning aytishicha, avvaliga GFRning Toshkentdagi elchixonasi Visametric orqali navbat olishning imkoniyati bo‘lmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri elchixonaga murojaat qilish mumkinligini bildirgan.

“Ammo hozir elchixonaga murojaat qilib, joy band qilishning ham imkoni yo‘q. Avval Andijon va Buxoro shaharlarida Visametric ofisi bor edi, hozir negadir ular yopilgan. Bu filiallar ishlaganda navbat olishda muammo yo‘q edi, uzog‘i bilan kelasi 2-3 haftaga imkonli bo‘lgan”, – deydi yana bir murojaatchi.

Elchixona va Visametric sayti orqali joy band qilishning imkoni bo‘lmagani sababli odamlar turfirmalar orqali navbat olishga to‘g‘ri kelayotganini aytyapti.

“Turfirmalar siz uchun elchixonaga suhbatga kirishga sana band qilib beradi, bu bir kishi uchun 200 dollar atrofida. Visametric orqali joy band qilish bepul edi. Bepul xizmatdan foydalanish murakkabligi va ba’zida umuman imkonsizligi uchun turfirmalar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lyapmiz”.

O‘tgan oyda bir guruh o‘zbekistonliklar nemis elchisi Tilo Klinner nomiga muammoni bartaraf etishni so‘rab xat yozishgan, ammo hamon javob kelmagani aytilyapti.

“Elchixona muammodan xabardor”

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi rasmiy veb-saytida ma’lum qilinishicha, mehnat resurslari tanqisligi sababli viza arizasi holatiga oid so‘rovlarga javob berilmaydi. Shu bilan birga, elchixona muammodan xabardor.

Rasmiy xabarda Visametric orqali faqatgina viza hujjatlarini topshirish mumkinligi, ammo u arizalarni ko‘rib chiqmasligi, qaror qabul qilmasligi va viza etiketkalarini chop etmasligi haqida so‘z boradi.

“Visametric qabulga yozilish vaqtlarini muntazam ravishda yangilab boradi. Hujjatlarni topshirish uchun qabul vaqtlari har doim elchixonaning Visametric viza markaziga nisbatan talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Elchixona ushbu qabul vaqtlari hozirda sayyohlik agentliklari tomonidan juda tez band qilinayotganidan xabardor.

Uchinchi xizmat ko‘rsatuvchilar, masalan, sayyohlik agentliklarining viza arizalarini topshirish bilan bog‘liq takliflari tashqi xizmat ko‘rsatuvchi Visametric viza markazining taklifi bilan umuman bog‘liq emasligiga elchixona e’tiboringizni alohida qaratadi.

Bundan tashqari, tashqi xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan qabulga yozish tizimidan foydalanishda suiistemolchilikka yo‘l qo‘ymaslik va sun’iy ravishda qabul vaqtlari tanqisligini yuzaga keltirish holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, – deyiladi bayonotda.

Elchixona uchinchi tomonlar – turfirmalar orqali qabulga yozilmaslikni tavsiya qilgan.

“Arizachilar soni oshgan” — Visametric

Kun.uz suhbatga yozilish qiyinlashib ketganiga nima sabab bo‘layotgani borasida Visametric'ning O‘zbekistondagi ofisidan izoh olishga urindi. Biz bilan suhbatlashgan operatorning aytishicha, bu – suhbatga talabgorlar soni oshgani bilan bog‘liq.

“Talabgorlar soni o‘tgan yillar bilan taqqoslagan holda qanchaga oshgani haqida aniq raqamlarni bera olmayman. Talabgorlar ko‘p. Bizda hozir avgust oyi uchun joylar bor. Yaqin bir oyga esa yo‘q”, – dedi u.

Biz bilan gaplashgan sayyohlik firmasi xodimining aytishicha, 2 oydan beri Germaniyaga shengen viza uchun umuman navbat olishning imkoni bo‘lmayapti.

“18 iyundan sistema ishlaydi degan gaplar bor. Agar ishlab qolsa, iloji bo‘ladi, ammo va’da bera olmayman. Milliy vizaga 100 dollarga navbat olib bera olamiz. Lekin shengen vizaning iloji yo‘q hozir”, – deydi u.

Vizaga talabgorlar ko‘payganini Visametric ofisi bilan telefon orqali bog‘langanda ham payqash mumkin. Kun.uz muxbiri 8 iyun kuni soat 10:00-11:00 orasida Visametric operatorlari bilan bog‘lanish uchun 45 minut kutishiga to‘g‘ri keldi.

Talabgorlar nega ko‘paydi?

Germaniya hukumatining Yevropa ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlardan tajribali migrantlarni jalb qilishga oid uzoq muddatli rejasi bor. Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirishdan manfaatdor bo‘lgan O‘zbekiston hukumati uchun Germaniya yangi manzillardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston va Germaniya hukumatlari migratsiya bo‘yicha kelishuv ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu kelishuv o‘zbekistonlik talabalar va ishchilarga Germaniyada ta’lim olish va ishlash imkoniyatini berishi ta’kidlandi.

Biroq bungacha ham o‘tgan yildan boshlab Germaniya o‘zbekistonliklar uchun jozibador ish takliflarini bera boshladi.

2022 yil oktyabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaga bir nechta loyihalar bo‘yicha ishga taklif qilishni boshladi .Agentlik Germaniyaga fuqarolarni ishga jalb qilish borasida ushbu davlatning bir nechta tashkilotlari bilan qator loyihalar yo‘lga qo‘yilganini e’lon qildi.

Birinchi loyihada hamshiralarni tayyorlash, nemis tiliga o‘qitish va “Asklepios” tibbiyot muassasasiga mehnat faoliyatiga jalb qilish va ikkinchi loyihada umumiy kasalliklar hamshiralarini tayyorlash, nemis tiliga o‘qitish va “Aachen Universitatsklinikum” tibbiyot muassasasida ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgandi.

Shuningdek, yuk tashish avtomobili haydovchilarini kasbiy ta’lim bo‘yicha o‘qitish va Germaniyaga ishga jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishilgandi.

Bundan tashqari, Germaniyaning “SPA GmbH” kompaniyasi 100 nafar O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya hududida dual tizimi asosida kasb-hunarga o‘qitish va tibbiyot, qariyalarni parvarish qilish, metall konstruksiyalari hamda boshqa texnik sohalarda ishga joylashtirish bo‘yicha ham kelishuv imzolangan.

2022 yil dekabr oyida agentlik mas’ullari jurnalistlarga fuqarolarni boshqa davlatlarga ishga yuborish geografiyasi kengaytirilayotgani va Germaniyaga ishga jalb qilish uchun til kurslari tashkil qilinganini aytgandi.

2023 yil mart oyida O‘zbekiston va Germaniya tomon O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaga hamshiralik va qariyalarni parvarishlash sohasida ishga jalb qilish yuzasidan shartnoma imzolashga kelishib olingani xabar qilindi.

May oyida esa tomonlar Saksoniya-Anhalt federal yerida mavjud bo‘lgan 5 mingta ta’lim sohasidagi vakant joylar hamda bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish masalalarini muhokama qildi. Bu ish o‘rinlarini 2024 yil 1 yanvardan 2028 yil 31 dekabrga qadar o‘zbekistonlik yoshlar va mehnat migrantlari tomonidan to‘ldirish ko‘zda tutilgan.

Madina Ochilova

Mavzuga oid