Jahon | 21:05 / 09.06.2023
22000
9 daqiqa o‘qiladi

Suzib yurgan minalar. Kaxovka GESdagi falokatdan keyin Xerson atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Xerson oblastining Rossiya nazoratidagi qismida o‘ndan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ko‘ngillilar qurbonlar soni o‘nlab bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Foto: Stas Kozliuk / EPA / Scanpix / LETA

Xalqaro tashkilotlar Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi tufayli tutash hududlarga toshib chiqqan suv oqimlarida ko‘plab minalar ham suzib yurgani haqida ogohlantirmoqda.

Rossiyalik harbiylar tomonidan nazorat qilingan to‘g‘on atrofi tig‘iz minalashtirilgandi va bundan xalqaro mutaxassislar yaxshi xabardor. Endi bu minalar suv oqimi bo‘ylab suzmoqda, bu esa ularni aniqlash va zararsizlantirish imkoniyatlarini keskin darajada qisqartiradi, deya ogohlantiradi Qizil Xoch va Care International.

Payshanba kuni tongda Xerson oblastida suv toshqinining o‘rtacha darajasi 5,61 metrni tashkil etayotgandi. Xerson oblasti harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, oblastning 600 kvadrat kilometr hududini suv bosgan, shundan uchdan bir qismi Ukraina nazoratidagi o‘ng sohilda joylashgan, uchdan ikki qismi esa - Rossiya tomonidan vaqtincha okkupatsiya qilingan chap sohilda.

Ukraina hukumati suv bosgan qishloqlar va Xerson shahrining Dniproga yaqin joylashgan qismidan roppa-rosa 2000 kishini evakuatsiya qilgan. Rossiya davlat nashrlari chap sohilda jami 4300 kishi evakuatsiya qilingani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Prezident Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni Xerson oblasti bo‘ylab yuz minglab kishilar ichimlik suvi ta’minotisiz qolganini xabar qilgandi.

Ukraina  ma’muriyati Rossiya okkupatsiya hukumati chap sohildagi aholini evakuatsiya va ichimlik suvi bilan ta’minlashga yordam bermayotgani hamda u yerga ko‘ngillilarni kiritmayotganidan xavotir bildirmoqda, u yerdagi odamlar chap sohildan o‘ng sohilga o‘tishga uringanida rossiyalik harbiylar qayiqlarni o‘qqa tutgan.

Chap sohilda Rossiya okkupatsiyasi ostidagi bir qancha aholi yashash manzillarida yuzlab kishilar tom va cherdaklarda qolib ketgani haqida Rossiyaning bir qancha mustaqil nashrlari ko‘ngillilar va mahalliy onlayn-guruhlarga tayanib xabar bergan.

Buyuk Britaniya razvedkasi ma’lumotida ham suv bosgan hududlardagi aholi evakuatsiyasi rossiyaliklarning o‘t ochishi tufayli qiyinlashayotgani aytilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bosib olgan Oleshkida suv toshqini oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Bu haqda shaharning qonuniy saylangan meri Yevgeniy Rishchuk ma’lum qilgan. U «Suspilne»ga bergan intervyusida qurbonlar soni ortishini ta’kidlagan.

Okkupatsiya qilingan Nova Kaxovka shahrida (vayron bo‘lgan to‘g‘onga besh kilometr masofada) esa mahalliy rasmiylar besh kishining o‘limini tasdiqlagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning aksari - cho‘ponlar bo‘lgan, ular katta ehtimol bilan chorvasini qutqarishga urinib, o‘z vaqtida xavfsiz joyga ketishga ulgurmagan.

Oleshkida ishlovchi ko‘ngillilar «Agenstvo» va The Insider nashrlariga aytishicha, FVV xodimlari ularni odamlar halok bo‘lgani taxmin qilayotgan ko‘chaga o‘tkazishmagan. Bu ko‘cha pastroqda joylashgan, shu tufayli u yerdagi suv sathi juda yuqori bo‘lgan. Mahalliy aholi vakillari bu ko‘chada 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

«Bizni normal ishlashga qo‘yishmayapti, barchasi tartibsizlik bilan kechmoqda, ma’lumotlar yo‘q. Biz qutqarilganlarning ro‘yxatini yuritmayapmiz, chunki bunga ortiqcha qo‘l ham, vaqt ham yo‘q. Halok bo‘lganlar — yuzlab», — degan evakuatsiya bo‘yicha chat ochgan Yaroslav Vasilev «Vajnyye istorii» muxbiriga.

Oleshki shahri rahbari ma’lumotiga ko‘ra, shaharning 90 foiz qismini suv bosgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 8 iyun kuni «suv ko‘tarilishi to‘xtagan va aftidan, suv chekina boshlagan».

Suzib yurgan minalar

Qizil Xoch jamiyatining hududlarni minalardan tozalashga ixtisoslashtirilgan bo‘limi rahbari Erik Tollefsenning so‘zlariga ko‘ra, uning tashkiloti minalar bilan bog‘liq vaziyatdan qattiq xavotirda. U AFP agentligi bilan suhbatda aytishicha, minalar mahalliy aholiga ham, ularga yordam bermoqchi bo‘layotganlarga ham xavf tug‘dirmoqda.

«Avval biz xavfli obektlar qayerda joylashganidan xabardor edik. Endi biz buni bilmaymiz. Bizga ma’lum bo‘lgan bor narsa shuki, ular endi daryoning quyi oqimidagi qayerlargadir suzib borgan», degan Tollefsen.

Bundan avvalroq Care International xalqaro xayriya tashkiloti ham shu kabi ogohlantirish bilan chiqqandi.

«Kaxovka to‘g‘oni joylashgan hududda juda ko‘p minalar o‘rnatilgandi, hozir ular suvda suzib yuribdi va ulkan xavf tug‘dirmoqda», degan Care International tashkilotining Ukrainadagi bo‘limi rahbari Fabris Marten.

U shuningdek, to‘g‘onning vayron bo‘lishi atrof-muhit uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qo‘shimcha qilib, Dnipro daryosiga allaqachon kamida 150 tonna mashina moyi to‘kilgani va yana 300 tonna to‘kilish xavfi borligini qayd etgan.

Mahalliy aholi uy jonivorlarini qutqarmoqda. Foto: RONALD GRANT

Ukraina QK «Janub» harbiy qo‘mondonligi rasmiysi Natalya Gumenyuk ham suvdagi minalar xavfi haqida ogohlantirgandi.

«[Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda] ko‘plab minalar o‘z joyidan siljib, suzuvchi minalarga aylangan. Ular katta xavf tug‘diradi», degan u va bu minalar bir-biri bilan to‘qnashsa yoki nimagadir borib urilsa portlab ketishi mumkinligini aytgan.

Evakuatsiyadagi qiyinchiliklar

Xerson oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismida joylashgan Nova Kaxovkadagi gidroelektrstansiyaning yuqori qismi 6 iyunga o‘tar kechasi buzilib ketdi va suv nazoratsiz oqib chiqa boshladi. Ukraina va Rossiya bir-birini GESni portlatishda ayblamoqda. Ukraina to‘g‘on bir yil oldin rossiyalik harbiylar tomonidan minalashtirilganini da’vo qilmoqda, Rossiya esa u ukrainlarning zarbalaridan vayron bo‘lganini aytmoqda.

To‘g‘on buzilib ketishidan keyin Dniproning quyi oqimida suv sathi keskin ko‘tarila boshlandi va daryo yoqasida yashovchi aholini yoppasiga evakuatsiya qilishga kirishildi.

Mahalliy aholi o‘zini qutqarish barobarida uy jonivorlari va qoramollarini ham suv bosgan hududlardan olib ketishga uringan.

Seshanba kunidan qutqaruvchilar va ko‘ngillilar Xerson oblastida aholini xavfsiz joylarga olib chiqishga kirishdi

Rasmiylarga ko‘ra, daryo bo‘yidagi 30 dan ortiq shahar va qishloqlarni suv bosgan, Xersonda qariyb 2000 uy suvga g‘arq bo‘lgan.

BBC muxbirlari daryoning sharqiy sohilidagi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududdan qutqaruv qayig‘i orqali Xersonga o‘tib kelgan ayol bilan gaplashishgan. U seshanba tongida halokat haqida eshitishi bilan vaziyat tezda keskinlasha boshlaganini gapirib bergan.

«Biz narsalarimizni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik, ammo suv ko‘tarilishda davom etdi. Men ovqat qilayotganimda oyog‘im suvda edi. Suv juda tez ko‘tarila boshladi», degan 40 yoshli Katerina Krupich.

«Shunday hissiyot paydo bo‘ldiki, biz butun hayotimizni bir kunda yashayotgandek edik», deydi u.

Bu ayol Xersonning suv bosgan qismidan evakuatsiya qilinmoqda.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning aytishicha, ukrainlar Dniproning ikki tomonidagi odamlarga ham yordam ko‘rsatish rejasini ishlab chiqishgan.

«Biz o‘ng sohildagi barchani [Ukraina nazoratidagi]qutqaramiz va chap sohildagi [Rossiya bosib olgan hududlar] odamlarga yordam ko‘rsatamiz, degan u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, suv bosgan 30 ta aholi yashash manzillaridan 20 tasi Ukraina tomonidan nazorat qilinmoqda, 10 tasi Rossiya tomonidan vaqtincha okkupatsiya qilingan.

Klimenko shuningdek rossiyaliklarni odamlarni taqdir hukmiga tashlab qo‘yishda ayblagan.

«Rossiya 24» telekanali efirida Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati vakili Alla Barxatnova to‘g‘on buzilishidan keyin 41 kishi shifoxonaga tushganini aytgan.

Rasmiy shaxslar dastlabki kuni 40 mingdan ortiq kishi (Ukraina nazoratidagi g‘arbiy hududlardagi 17 ming kishi va Rossiya nazoratidagi sharqiy hududlardagi 25 ming kishi) xavfsiz joylarga ketishi kerakligini aytishgandi.

«Verstka» ko‘ngillilarga tayangan holda xabar berishicha, Kaxovka GESdagi hodisadan uch kun o‘tganidan keyin ham Dniproning chap sohilida suv bosgan hududlarda olti mingga yaqin kishi evakuatsiya qilishlarini kutayotgandi. Bu borada eng ko‘p murojaatlar Oleshki shahridan kelgan. 

Mavzuga oid