Trampga 37 ta band bo‘yicha ayblov e’lon qilindi
Unga 20 yillik qamoq jazosi tahdid qilmoqda.
AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga 37 ta band bo‘yicha, jumladan milliy xavfsizlikka oid maxfiy materiallarni noqonuniy saqlash aybi e’lon qilindi. Bu haqda Reuters yozdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan tasdiqlangan ayblovlar ro‘yxatiga «milliy mudofaa bilan bog‘liq ma’lumotlarni qasddan egallash», «odil sudlovga to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirish», «hujjatlarni yoki yozuvlarni yashirish», «yolg‘on bayonotlar va ko‘rsatmalar berish» kabi band kiritilgan. Har bir band bo‘yicha jazo 20 yilgacha qamoqni nazarda tutadi.
Siyosatchi hamon o‘zining aybsizligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, u amaldagi davlat rahbari Jo Baydenning uyi va idorasidan «1850 ta quti» maxfiy materiallar topilganini, ularni prezident bo‘lishidan oldin qo‘lga kiritganini da’vo qilmoqda.
Tramp 13 iyun kuni, 77 yoshga to‘lishi arafasida ko‘rsatma berish uchun Mayami sudiga taklif qilingan.
AQSh sobiq prezidentiga ayblov e’lon qilinishi Amerika tarixida misli ko‘rilmagan voqea hisoblanadi. Taxminan bir yil oldin tergovchilar Trampning Mar-a-Lago qarorgohidan 13 mingga yaqin hukumat hujjatlarini topishgan, ulardan 100 tasi maxfiy ekani aniqlangan edi.
Tramp o‘ziga ayblov e’lon qilinishini bilganidan so‘ng, o‘zining Truth ijtimoiy platformasida «Men aybsiz ODAMman!» deb yozdi.
Bu Trampga nisbatan ochilgan ikkinchi jinoyat ishi hisoblanadi. Birinchisi doirasida u 2024 yil mart oyida Nyu-Yorkda porno yulduzga sukut saqlashi uchun puli to‘lagani bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud mahkamasiga tortiladi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024