Jahon | 11:23 / 10.06.2023
24756
16 daqiqa o‘qiladi

«AQShdan yuborilgan harbiy texnikalarsiz urushda yutqazgan bo‘lardik» – Lend-liz asosida SSSRga berilgan Studebaker US6 hamda «Villis» tarixi

1941 yil mart oyida AQSh prezidenti Hitler Germaniyasiga qarshi kurashayotgan davlatlarga harbiy yordam ko‘rsatish dasturi – Lend-liz haqidagi aktni imzolaydi. 1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, AQSh sovetlarga keng miqyosda yordam ko‘rsatadi. Amerikadan yuborilgan harbiy texnikalar orasida mashhur «Katyusha» o‘rnatilgan yuk mashinasi va piyoda askarlar foydalangan «Villis» yo‘ltanlamasi ham bor edi.

Foto: Kun.uz

Ikkinchi jahon urushi boshlangach oradan bir yarim yil o‘tib, 1941 yil 11 mart kuni AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt tomonidan Lend-liz dasturi haqidagi qonun qabul qilinadi. Unda AQSh tomonidan nemislarga qarshi urushayotgan davlatlarga keng miqyosda yordam ko‘rsatilishi belgilangandi.

AQSh bu dastur bo‘yicha avval Britaniyaga, so‘ng fashistlar Germaniyasi bostirib kirgach SSSRga juda katta yordam beradi. Bu yordamni o‘z vaqtida sovet rahbarlari ham e’tirof etishgan.

Stalin, Franklin Ruzvelt va Cherchill 1943 yil Tehron konferensiyasida

Jumladan, 1943 yil 28 noyabrdan 1 dekabrgacha Tehronda SSSR rahbari Stalin, Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill va AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt ishtirokida konferensiya o‘tkaziladi.

Bu paytda Germaniyaning SSSRga bosqini muvaffaqiyatsizlikka uchragan, fashistlar Stalingradda va Kursk tanklar jangida yutqazgan, ortga chekinayotgan edi.

Konferensiya davom etayotgan paytda 30 noyabr kuni Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill o‘zining tug‘ilgan kunini nishonlaydi. Shu yerda Stalin Britaniya bosh vazirini tabriklab nutq so‘zlaydi va Lend-liz yordami haqida gapiradi.

«Men sizga prezident (AQSh prezidenti nazarda tutilmoqda) va Qo‘shma Shtatlar urushda g‘alaba qozonish uchun nimalar qilganini aytmoqchiman. Bu urushda eng muhim narsa turli harbiy texnikalar bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar oyiga 8 000 dan 10 000 tagacha samolyot ishlab chiqarishi mumkinligini isbotladi. Rossiya oyiga ko‘pi bilan 3 000 ta samolyot ishlab chiqarishi mumkin. Angliya oyiga 3 000-3 500 dona, asosan og‘ir bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqaradi. Shu jihatdan, Qo‘shma Shtatlar harbiy texnikalar mamlakatidir. Lend-liz dasturi bilan jo‘natilgan harbiy texnikalarsiz biz bu urushda yutqazgan bo‘lardik», deydi Stalin.

Keyinchalik, Tehron konferansiyasida sovet delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Nikita Xrushchev keyinchalik Stalin AQShning yordami haqida nafaqat Cherchillning tug‘ilgan kuni tantanalarida, balki konferensiya davomida ko‘p marta gapirganini eslab o‘tgandi.

Biroq keyinchalik «sovuq urush» davrida SSSR va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar sovib ketgach sovetlar AQShning yordamini «unuta» boshlashadi yoki boshqacha talqin qilishadi.

Lend-liz shartlari

Ikkinchi jahon urushi tugagach yangi hududlarni nazorat qilish masalasida o‘zaro raqobat olib borgan SSSR va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashadi.

Shundan so‘ng SSSRda Lend-lizni «AQSh o‘z manfaatlari uchun amalga oshirgan», deb talqin qila boshlashadi. Aslida esa unday emasdi.

Franklin Ruzvelt imzolagan qonunga ko‘ra:

  • AQSh tomonidan ittifoqchilarga yetkazib berilgan va urush vaqtida foydalanilgan, yo‘qotilgan hamda dushmanlar tomonidan yo‘q qilingan harbiy texnikalar va boshqa narsalar uchun haq olinmaydi;
  • Lend-liz dasturiga binoan berilgan va urush tugagandan so‘ng yaroqli holda saqlanib qolgan turli texnikalarni qarz olgan davlat o‘zida olib qolishni xohlasa, ularning haqi Amerika budjeti hisobidan qoplanadi;
  • AQSh Lend-liz uchun to‘langan pullarni uzoq muddatli foizsiz kredit qilib rasmiylashtiradi va qarzdor davlat qarzlarini vaziyatga qarab to‘liq yoki qisman to‘lab beradi.

Mabodo AQSh talab qilgan taqdirda urush davrida yaroqli holda saqlangan turli texnikalar va jihozlar urushdan keyin Amerikaga qaytarilishi shart bo‘ladi.

Lend-liz bu — beg‘araz yordam emasligi, turli harbiy texnikalar va boshqa yordamlar olgan davlat bir kun kelib ularning pulini to‘lashi lozimligi haqidagi gaplarga Franklin Ruzvelt shunday deb javob bergandi:

«Uyiga o‘t ketgan qo‘shnim rezina shlangni so‘raganda, unga «Rezina shlang menga 15 dollarga tushgan. Marhamat, uni olib ishlatavering, keyin menga 15 dollar to‘lang, demayman. Menga 15 dollar kerak emas, qo‘shnim olovni o‘chirgach rezina shlangimni qaytarib bersa kifoya».

Franklin Ruzvelt

SSSRga ko‘rsatilgan yordamlar va ularning ahamiyati

Nemis fashistlar 1941 yil kuzida Moskva ostonasiga yaqinlashar ekan, AQShdan yetib kelgan yordam tufayli vaziyat biroz o‘zgaradi. Xalqning dushmanga qarshi jipslashuvi va AQShdan yuborilgan yordam tufayli dushman Moskva ostonasida to‘xtatiladi.

Urush tugaguncha, AQSh umumiy hisobda SSSRga Lend-liz dasturi orqali jami 11 mlrd dollarga teng mahsulotlar yetkazib bergan (bu mablag‘ hozirgi hisobda 160 mlrd dollardan oshadi).

1941-1945 yillarda AQShdan SSSRga juda ko‘p narsa yetkazilib beriladi. Ular orasida kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan birga turli metallar, portlovchi moddalar, temiryo‘l relslari, samolyotlar, tanklar, yuk mashinalari va piyodalar uchun maxsus yengil mashinalargacha bor edi.

Jumladan AQShdan:

  • 11 mingdan ortiq samolyot;
  • 12 mingta zirhli texnika;
  • 2 mingta parovoz;
  • 11 mingdan oshiq vagon;
  • 427 mingta turli rusumdagi avtomobillar;
  • 318 ta turli rusumdagi harbiy kemalar yuboriladi.

AQSh tomonidan yuborilgan texnikalar orasida ikkita mashina alohida ajralib turardi. Ulardan biri o‘sha mashhur «Katyusha»lar o‘rnatilgan yuk mashinalari bo‘lsa, ikkinchisi piyoda qo‘shinlar foydalangan «Villis» yo‘ltanlamas mashinalari edi.

O‘sha paytda SSSRda «Katyusha»larni ko‘taradigan yuk mashinalari va qiyin sharoitda ham harakatlana oladigan yo‘ltanlamas mashinalar ham bo‘lmagani inobatga olinsa bu ikki mashinaning nemislar ustidan qozonilgan g‘alabadagi hissasi juda katta bo‘ladi.

SSSRga yuboriladigan harbiy texnikani tayyorlash jarayoni

«Villis» tarixi

Xalq orasida «Villis» nomi bilan tanilgan yo‘ltanlamas yengil mashinalari AQShning Willys-Overland Motors kompaniyasi tomonidan tayyorlangan.

1908 yilda Jon Uillis tomonidan tashkil etilgan kompaniya 1929-1932 yillarda davom etgan iqtisodiy inqiroz paytida bankrot bo‘lishdan zo‘rg‘a qutulib qolgandi.

Kompaniya Willys MB modelini ikkinchi jahon urushi boshlangandan so‘ng ishlab chiqara boshlagan. Uning ishlab chiqarilishi tarixi quyidagicha:

1940 yilda AQSh mudofaa vazirligi piyoda qo‘shinlarga mo‘ljallangan yo‘ltanlamas mashina sotib olish uchun tender o‘tkazadi. Unda faqat Willys-Overland Motors va American Bantam kompaniyalari ishtirok etadi. Keyinroq bu ishga Ford kompaniyasi ham qo‘shiladi.

Willys-Overland Motors tender komissiyasiga Willys MB yo‘ltanlamasini taqdim etadi. Mazkur mashina piyoda qo‘shinlarning harakatlanishi uchun juda qulay bo‘lib, o‘sha paytda bu model yangi edi. Harbiylarga mashina juda ma’qul keladi va undan avvaliga 1 500 dona buyurtma beriladi.

Lend-liz asosida SSSRga yetkazib berilgan Willys MB yo‘ltanlamas mashinasi

Ko‘p o‘tmay AQSh Germaniya bilan urushayotgan tomonlarga Lend-liz dasturi asosida yordam berishini e’lon qiladi. Shundan so‘ng Willys MB mashinasiga buyurtmalar soni keskin oshiriladi.

O‘sha paytda Willys-Overland Motors kompaniyasi harbiylarning buyurtmasini belgilangan muddatda tayyorlab bera olmasligi oydinlashgach ma’lum haq evaziga Ford kompaniyasiga hamkorlik taklif qilinadi.

Shundan so‘ng Ford kompaniyasi ham Mudofaa vazirligi uchun Willys MB mashinasini ishlab chiqara boshlaydi.

Shu tariqa har ikki kompaniya mazkur mashinadan juda katta miqdorda ishlab chiqaradi. Umumiy hisobda Ford kompaniyasi Willys MB mashinalaridan jami 659 031 dona ishlab chiqargan. Willys-Overland Motor Company ham qarib shuncha tayyorlab bergan.

O‘sha paytda AQSh dengiz-piyoda kuchlari asosan shu mashinadan foydalangan. Bundan tashqari Willys MB mashinalari fashistlar Germaniyasiga qarshi urush qilayotgan SSSR, Britaniya va boshqa davlatlarga yuborilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra o‘shanda SSSR bunday mashinalardan 52 ming dona olgan.

Urush paytida SSSR armiyasida piyodalar foydalana oladigan mashinaning o‘zi yo‘q edi. Shu sababli Willys MB yo‘ltanlamasi sovet armiyasiga juda asqatadi.

Keyinchalik, nemislar yengila boshlaganda buyurtma ancha kamayadi. Kompaniya rahbarlari bundan tushkunlikka tushmaydi va Willys MB modeli asosida fuqarolar uchun mashina ishlab chiqarishga kirishadi.

Keyinchalik bu modelga boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar qiziqib qolishadi. 1950-yillar boshida Yaponiyaning Toyota, Nissan i Mitsubishi, Hindistonning Mahindra & Mahindra, Janubiy Koreyaning SsangYong va Kia kompaniyalari Willys-Overland Motor Companyʼdan Willys MB modeli asosida yo‘ltanlamas mashinalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya olishadi.

UAZ mashinalari o‘g‘irlangan «Villis»mi?

Urushdan so‘ng AQSh bilan teskari bo‘lib qolgan sovetlar «Villis»ni ham o‘zlashtirishadi. Bu mashina ham avvaliga Gorkiy shahridagi avtozavodda GAZ markasi ostida ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik u Ulyanovsk shahridagi zavodda UAZ nomi bilan ishlab chiqariladi.

Bugun rossiyalik ayrim tarixchilar, jurnalistlar va blogerlar sovetlar ishlab chiqargan UAZ va «Villis» ikki xil mashina ekanini aytadi. Biroq aksariyat mutaxassislar har ikki mashinadagi farq juda kamligini, sovetlar shunchaki Amerika kompaniyasi da’vo qilmasligi uchun UAZning ayrim joylarini sal o‘zgartirib ishlab chiqarganini yozishadi.

Sovetlar ishlab chiqargan UAZ mashinalari erkin savdoda bo‘lmagan. Ulardan faqat harbiylar, raykomlar (hozirgi tuman hokimi darajasidagi shaxs), kolxoz rahbarlari, turli tashkilotlarning partiya qo‘mitasi kotiblari va boshqalar foydalanishgan.

Bunday mashinalardan 1990 yilgacha O‘zbekistonga ham juda katta partiya yuborilgan (albatta tekinga emas) va undan ko‘plab mutasaddilar foydalanishgan.

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng O‘zbekistonda UAZ mashinalari oldi-sotdi qilina boshlangan. Bugun mamlakatning barcha hududlarida ko‘chalarda harakatlanib yurgan UAZlarning aksariyati sovet davrida ishlab chiqarilgan. Odamlar hanuzgacha ularni amerikaliklar qo‘ygan nom bilan «Villis» deb ataydi.

Amerikaliklardan o‘zlashtirilib ishlab chiqarilgan GAZ-67 mashinasi

«Katyusha» o‘rnatilgan yuk mashinalari

Germaniya bostirib kirgan paytda SSSRda ishlab chiqarilgan yuk mashinalari juda kuchsiz bo‘lib, urush paytida ularning yuk ko‘tarish quvvati va boshqa imkoniyatlari juda pastligi ko‘rinib qoladi.

1942 yildan boshlab Lend-liz asosida AQShdan Studebaker Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Studebaker US6 U3 yuk mashinalari yetib kelgach sovet armiyasida yuk mashinalari bilan bog‘liq muammo hal bo‘ladi.

19-asrda nemis muhojirlari tomonidan tashkil etilgan Studebaker Corporation kompaniya ilk avtomobilini 1902 yilda ishlab chiqaradi. Ular elektrda harakatlanardi. Ichki yonuv dvigatelida harakatlanuvchi mashina 1904 yilda ishlab chiqariladi.

1920 yillarga kelib Studebaker Corporation kompaniyasi ancha yiriklashgan, uchta hududda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalari bor edi. Ular Indiana shtatidagi Saut-Bende, Michigan shtatidagi Detroyt hamda Kanadaning Uokerville shaharlarida joylashgan edi.

Kompaniya korxonalarida 23 ming ishchi mehnat qilar, bir yilda 180-200 ming dona mashina ishlab chiqarar edi.

1929-1932 yillar sodir bo‘lgan iqtisodiy inqiroz davrida kompaniya banklardan olingan qarzlarni to‘lay olmaydi. Kompaniya prezidenti muvaffaqiyatsizliklarga chiday olmasdan o‘z joniga qasd qiladi. O‘shanda Studebaker Corporation bankrot bo‘lishdan zo‘rg‘a qutulib qoladi.

1935 yilga kelib kompaniya yana foyda qilishga o‘tadi va 1-2 yilda o‘zini tiklab oladi. Endi kompaniya yengil mashinalar bilan birga yuk avtomobillarini ishlab chiqarishni ham boshlagan edi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach AQSh mudofaa vazirligidan kompaniyaga juda katta buyurtma tushadi. Shundan so‘ng kompaniya yengil mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatib faqat yuk mashinalari va aviatsiya dvigatellari tayyorlay boshlaydi. AQSh Lend-liz dasturini e’lon qilgach buyurtmalar soni yana oshadi.

Studebaker Corporation harbiylarga asosan Studebaker US6 yuk mashinalarini yetkazib bergan. O‘sha paytda AQShdan SSSRga 187 900 dona yuk mashinasi yetkazib berilgan bo‘lsa, ulardan 152 000 donasi Studebaker US6 edi.

Lend-liz dasturi bo‘yicha SSRga jo‘natilgan Studebaker US6 yuk mashinasi

SSSRda Studebaker US6 mashinalaridan avvaliga piyodalarni va turli yuklarni tashishda foydalanishadi. Ko‘p o‘tmay unga mashhur «Katyusha» o‘t ochish tizimini o‘rnata boshlashadi.

O‘sha paytda sovetlar tomonidan tayyorlangan yuk mashinalari «Katyusha»ni ko‘tara olmasdi. Amerikaliklar yuborgan quvvatli mashinalar yordamida bu muammo hal qilinadi.

Urush tugagandan so‘ng kompaniya yana yengil mashinalar ishlab chiqarishni boshlaydi. Biroq keyinchalik AQSh, Yevropa va Yaponiyadagi boshqa avtokompaniyalar bilan raqobatda yutqazadi. Natijada kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati pasayib, foyda kamayib ketadi.

1960-yillar boshida Studebaker Corporation mashina ishlab chiqarishni to‘xtatadi. AQShdagi korxonalar so‘nggi mashinani 1963 yil 20 dekabrda chiqaradi. Kanadagi korxona esa 1966 yilgacha faoliyat ko‘rsatadi. Keyinchalik kompaniya o‘z nomini o‘zgartirib boshqa sohalarga o‘tib ketadi.

GAZ avtomobillari

Urushdan so‘ng sovetlar amerikaliklar yetkazib bergan yuk mashinalaridan mamlakatni qayta tiklashda foydalana boshlashadi. Biroq SSSRga yanada ko‘proq yuk mashinalari kerak edi.

O‘sha paytda urushdan avval chiqarilgan mashinalar talabga javob bermas, yangi modellar loyihasi yo‘q edi. Shunda sovetlar amerikaliklar yuborgan Studebaker US6 modelini sal o‘zgartirib GAZ-51 nomi ostida ishlab chiqara boshlashadi.

Urushdan so‘ng yangi hududlarni nazorat qilish masalasida AQSh va SSSR o‘rtasida keskin siyosiy raqobat yuzaga kelgandi. Shu sababli sovetlar Amerika kompaniyasidan litsenziya olish haqida o‘ylab ham o‘tirishmaydi.

Urushdan so‘ng ishlab chiqarilgan GAZ-51

SSSRda 1946 yildan 1970-yillargacha GAZ-51 mashinasidan qariyb 4 mln dona tayyorlanadi. 1970-yillarga kelib bu model eskirgach unga biroz o‘zgartirish kiritiladi va GAZ-53 hamda shu turdagi boshqa mashinalar ishlab chiqariladi.

O‘z vaqtida GAZ modellari O‘zbekistonga ham yuborilgan va ular turli sohalarda ishlatilgan. Bugun O‘zbekiston ko‘chalarida yurgan GAZ markasidagi yuk mashinalarining aksariyati sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilgan va ular Studebaker Corporation urush davrida ishlab chiqargan Studebaker US6 modelining biroz o‘zgartirilgan varianti hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid