Jahon | 13:20 / 10.06.2023
11034
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Germaniya «Shimoliy oqim»ga hujumda Polshaning rolini tekshirmoqda

Nemis tergovchilari Polshaning «Shimoliy oqim»dagi portlashlarga aloqadorligini tekshirmoqda, deya xabar beradi WSJ. Versiyalardan biriga ko‘ra, mamlakatdan hujum uchun «logistika va moliyalashtirish markazi» sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Tergovchilar gaz quvurlari portlashi bilan bog‘liq bo‘lgan «Andromeda» yaxtasining Polsha suvlariga kirganini aniqladi. 

Foto: Reuters

Nemis tergovchilari «Shimoliy oqim» tizimidagi gaz quvurlaridagi portlashlarga Polshaning aloqadorligi ehtimolini tekshirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal tergovdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar Polshadan operatsiyalar bazasi yoki hujumning «logistika va moliyalashtirish markazi» sifatida foydalanilganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarga ega bo‘lgan. Xususan, ular quvur liniyalarining portlashi bilan bog‘liq bo‘lgan «Andromeda» yaxtasi yo‘nalishdan chetga chiqib, Polsha suvlariga kirganini aniqladilar. 

WSJ manbalariga ko‘ra, yaxta Germaniyada Varshavada joylashgan Feeria Lwowa sayyohlik agentligi tomonidan ijaraga olingan bo‘lib, u Ukraina razvedkasi bilan aloqador bo‘lgan Ukraina soxta kompaniyalari tarmog‘iga kiradi. Nashr muxbiri kompaniyani o‘zining yuridik manzilidan topishga urindi, biroq u yerda uning mavjudligining bironta belgisini ham aniqlay olmadi. 

Avvalroq The New York Times gazetasi tergovchilar «Andromeda» yaxtasida portlovchi moddalar izlarini topgani haqida xabar bergan edi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, tergovchilar operatsiyada qo‘llangan portlovchi modda HMX nomi bilan tanilgan, suvosti obektlarini yo‘q qilish uchun mos keladigan rangsiz modda degan xulosaga kelishdi. «Andromeda» radio va navigatsiya uskunasidan olingan ma’lumotlar kema keyinchalik portlashlar sodir bo‘lgan har bir obekt yonidan o‘tganligini ko‘rsatdi, deb yozadi gazeta. 

Mavzuga oid