O‘zbekiston | 12:27 / 11.06.2023
43384
16 daqiqa o‘qiladi

IIBda to‘xtamayotgan o‘limlar, Toshkentda mikro-blekaut va pachaqlangan elektrobuslar - hafta dayjesti

Bir yil ichida oltita o‘lim: IIVning siyosiy javobgarligi haqida o‘ylash vaqti kelmadimi? Elektrsiz qolgan Toshkent: prezident topshirig‘i nima bo‘ldi? Qayerga ketgani noma’lum oltinlar: tashqi qarz miqdori va budjet defitsiti nega yashirilyapti? Haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Tergovdagi qiynoqlar – oxirgi bir nechta haftalardagi dayjestlarimizning doimiy mavzusiga aylanib qoldi. Afsuski, bunday noxush holatlarning yana biri o‘lim bilan yakun topdi. Navbatdagi fojia 3 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani ichki ishlar bo‘limida ro‘y berdi.

Shu kuni o‘g‘rilikda gumonlanib ushlangan 36 yoshli erkak avvaliga maxsus tergov xonasida, kamera qarshisida ko‘rsatma bergan, keyin esa boshqa xonaga olib chiqilib, boshqa bir jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha so‘roq qilingan. Ana shu ikkinchi so‘roq paytida qiynoqqa solingani aytilayotgan fuqaro, shu kunning o‘zida, shifoxonada jon bergan.

Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumning ko‘krak va qorin sohalariga zarba berilgan, bo‘ynidan bo‘g‘ib qiynoqqa solingan. Natijada erkakning qovurg‘asi singan, ichki a’zolariga qon quyilgan. Internetda uning yaqinlari Bo‘ka tumani IIB binosi oldida to‘plangani aks etgan video tarqaldi. Yollanma ishchi bo‘lib ishlagan fuqaroning 4 nafar farzandi yetim qoldi.

Voqea bo‘yicha tergov bo‘limining ikki nafar tezkor xodimi ishdan bo‘shatilib, qamoqqa olingan. Rasmiylarga ko‘ra, ular jinoiy qilmishini bo‘yniga olmagan. Holat bo‘yicha Bo‘ka tuman IIB boshlig‘i, uning birinchi o‘rinbosari, jinoyat-qidiruv bo‘limi boshlig‘i, tergov bo‘limi boshlig‘i va navbatchilik qismi mas’ul xodimi ham lavozimlaridan olingan.

Voqea jamoatchilikni junbishga keltirdi, bu kabi noinsoniy qiynoqlar muttasil davom etayotgani faollarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Bizdagi hisoblarga ko‘ra, oxirgi 1 yil ichida kamida 6 fuqaro ichki ishlar organiga olib kelinishi ortidan vafot etdi. Bu – faqat keng ommaga ma’lum bo‘lganlari. Yopdi-yopdi qilib yuborilgan holat, avvalgi yillardagi o‘limlar va shafqatsiz qiynoqdan tirik chiqqanlar bu sanoqqa kiritilmagan.

O‘rtacha hisobda har ikki oyda bitta o‘lim ro‘y berib turgan tizimning rahbari, agar boshqa davlatda bo‘lganida, allaqachon o‘z xohishi bilan ishdan ketgan bo‘lardi. Bizda esa, shuncha voqeadan keyin ham ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov qiynoqlar masalasida hisob berish uchun biror marta parlamentga ham chaqirilmadi. Omma oldiga chiqib shaxsan izoh berish, matbuot anjumani o‘tkazib, savollarga javob qaytarish, marhumlarning yaqinlariga ta’ziya bildirish kabi normal davlatlardagi odatlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

Bu qon to‘kilishlari bo‘yicha tizimning eng birinchi rahbarlari shaxsan javob berishi kerak, degan fikrni bilvosita bo‘lsa-da ilgari surayotgan rasmiylar ham yo‘q emas. “Yuksalish” harakati Bo‘kadagi voqeadan keyin qiynoqlarga barham berishga qaratilgan 10 ta taklif bilan chiqdi. Takliflardan biriga ko‘ra, tizimdagi inson qadrini kamsituvchi har bitta holat bo‘yicha IIV rahbariyati jamoatchilikka shaxsan axborot berib borishi kerak. Agar taklif inobatga olinib, bunday shakldagi hisobdorlik mexanizmi majburiy qilib qo‘yilsa, bir marta xalq oldiga chiqib yuzi yerga qaragan vazir ikkinchi marta bunaqa ahvolga tushmaslik uchun ham tizimni epaqaga keltirishga uringan bo‘lardi balki.

Qiynoqlarga qarshi kurashish uchun nafaqat hisobdorlik, balki umuman tizimda qonuniy javobgarlik ham bo‘lishi kerak. Oxirgi oylardagi ayrim voqealarga e’tibor bering: Fuqaroning avtomobilini olib qo‘yib, “avariya” sodir etgan profilaktika inspektori jazosiz qoldi. Pogonini o‘zi yulib tashlab bunda ayolni ayblagan IIB xodimiga chora ko‘rilmadi. Fuqaroni bo‘g‘ib qiynagan “oper”lar aybsiz deb topildi. Ikki blogerni noqonuniy ravishda qamab qo‘ygan IIB xodimlari javobgarlikka tortilmadi. Bu ro‘yxatni hali yana davom ettirish mumkin. Qisqa qilib aytganda esa, javobgarlik yo‘q joyda qonuniylikni talab qilish kulgili.

Shu o‘rinda, nafaqat qonun doirasidagi javobgarlik, balki siyosiy javobgarlik ham yetishmayotganini aytish o‘rinli. Shavkat Mirziyoyev dekabr oyidagi parlamentga murojaatida ichki ishlar vaziridan ushlab turish joylaridagi inson huquqlari buzilishlariga chek qo‘yishni, tizimda ta’sirchan nazorat o‘rnatishni talab qilgandi. Ko‘p o‘tmay prezident “Ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish to‘g‘risida” qaror ham imzoladi. Topshiriqlar bajarilmayotgani, qarorlar qog‘ozda qolayotgani, IIB binolaridan o‘liklar chiqishda davom etayotgani uchun siyosiy javobgarlik masalasi ko‘tariladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin shunisi aniqki, 6 yildan beri Po‘lat Bobojonov boshqaruvida qolayotgan ichki ishlar tizimi real islohotlarga muhtoj. Va bu islohotlarni tizim rahbariyatini yangilamasdan turib amalga oshirish ilojsizdek ko‘rinyapti.

Toshkentning aksar tumanlari yana elektrsiz qoldi

Yoz boshlanishi bilan, kutilganidek, Toshkentda yana soatlab elektr uzilishlari boshlandi. Hafta davomida shaharning aksariyat tumanlarida mikro-blekautlar ro‘y berdi. Sabablar esa avvalgidek –issiq kunlarda yuklamaning ortishi hisobiga tarmoqda avariyalar yuz beryapti. Shuningdek, ana shu avariyalarning oldini olish uchun ta’minotga rejali cheklovlar kiritilyapti. Ya’ni shu paytgacha poytaxtdan boshqa hududlarda qo‘llab kelingan rejali o‘chirishlar endi Toshkent uchun ham yangilik emas. Ayrim holatlarda esa chiroq bir daqiqa ichida bir necha marta o‘chib-yonayotgan holatlar ham bo‘ldi. Natijada ijtimoiy tarmoqlar yana norozilik kayfiyati bilan to‘ldi. Bir nechta tumanlarda uzluksiz 8 soatgacha chiroq o‘chishi suv ta’minotida ham muammolarni keltirib chiqardi. Ayni shu kunlarda quvurlar almashtirilayotgani sabab ko‘plab mahallalarda issiq suv ham o‘chirildi.

Noroziliklar fonida rasmiylar bir qator holatlarda elektr uzilishlari kelgusida ta’minot yaxshilanishiga xizmat qiladigan ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq ekanini aytib, aholidan uzr so‘radi. Bu orada aholi murojaatlariga javob berib turgan markaziy dispetcherlik xizmati binosida ham “svet” o‘chib, murojaatlarga javob berish vaqtincha to‘xtab qoldi.

Qayd etish kerak, prezidentning mart oyidagi qaroriga asosan, Toshkentda 5 ta yangi podstansiya qurish va 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish ishlari 5 iyungacha tugashi kerak edi. Uzilishlar va avariyalar tez-tez bo‘layotganiga qaraganda, bu qaror vaqtida ijro etilmaganga o‘xshaydi.

Shu tariqa, Toshkent aholisi rekord darajadagi issiq kunlardan birini elektr muammolari bilan o‘tkazdi. Rekord deyotganimizga sabab, “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning 8 iyuni – Toshkent tarixidagi eng issiq 8 iyun bo‘lgan. Shu kuni harorat 40,1 darajagacha ko‘tarildi.

Ayni shu jazirama kunlarda qo‘l kelishidan umid qilingan quyosh panellari esa hozircha katta yordam bera olayotgani yo‘q. Energetika vazirligi 9 iyun kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgacha Toshkent shahriga 31,7 MW quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan va ular bir sutkada qo‘shimcha 152 ming KW-soat energiya ishlab chiqaryapti. Bu – shahardagi umumiy kunlik iste’molning atigi 0,6 foiziga teng.

Moliyaviy yopiqlik tomon shahdam qadamlar

Ayanchlisi, shu issiqda ham daraxt kesishlar to‘xtamayapti. Navbatdagi daraxtkushlik Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birida ro‘y berdi. Bu yerda 26 tup manzarali daraxt to‘nka holatiga keltirildi. E’tiborlisi, bir necha yil oldin kesib tashlangan, lekin yana hayotga qaytgan daraxtlar ikkinchi marta hujumga uchragan. Kamera yozuvlarida buni maktabning bog‘bonchilik ishlarini bajarib kelgan shaxs qilgani ko‘rinadi. Tabiatga yetkazilgan zarar 312,1 mln so‘mga baholanib, bog‘bonga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Ayni paytda, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdori 5 barobarga oshirilishi kutilyapti. Prezident farmoniga ko‘ra, bu haqdagi qonun loyihasi sentabrgacha tayyor bo‘lishi kerak. Jarima miqdorini oshirishdan tashqari, qonunbuzarlarga kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyati ham yuklanadi.

Tugayotgan haftada Toshkent shahrida gullar va daraxtlar ekish uchun yana pul ajratildi. Bu safargi 15 mlrd so‘m mablag‘ Respublika budjetidan berilyapti. Shaharning yopiq tarzda taqsimlanadigan o‘z budjetidan emas, barcha hududlarning umumiy qozonidan olib berilayotgan 1,3 mln dollar pul to‘g‘ri sarflanib, poytaxtni yashillashtirish, soya joylarni ko‘paytirishga xizmat qiladi, deb umid qilib qolamiz. Chunki jamoatchilikning umid bildirishdan boshqa real ta’sir choralari ancha cheklangan.

Shahar budjetining yetarlicha ochiq emasligi haqida gapirganda, bu tendensiya respublika miqyosida ham ro‘y berayotganini ta’kidlash kerak. Davlat budjetining daromadlari va xarajatlari haqidagi kunlik hisobotlarni e’lon qilib borish yil boshidan beri to‘xtab qolgan. Tashqi qarz haqidagi choraklik va yillik hisobotlar ham anchadan beri ochiqlanmadi. Ya’ni O‘zbekiston 2022 yilda va umuman oxirgi 6 oyda qancha qarz olgani haqidagi ma’lumotlar yashirilyapti. Bundan tashqari, 2023 yilning 6-oyi ketayotgan bo‘lsa ham, hukumat haligacha o‘tgan yilgi davlat budjeti ijrosi haqida hisob bergani yo‘q.

Iqtisodiyot va moliya vazirliklari birlashtirilib, unga Sherzod Qudbiyev rahbar etib tayinlanganidan keyin boshlangan yopilish fonida, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket 2 oydan beri kamayib borayotgani e’tiborga loyiq. Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, may oyida oltin zaxiralari qiymati salkam 1 mlrl dollarga, fizik hajmi 9 tonnaga kamaygan. Bu esa o‘tgan oyda oltin eksport qilinganini bildiradi. Lekin oltin sotilgan bo‘lsa, rasmiy zaxiralarning valuta qismi ko‘payishi kerak edi, o‘tgan oyda esa bunday bo‘lmagan. Aksincha, valutadagi zaxiralar ham 158 mln dollarga kamaygan. Bu holat oltindan tushgan tushumlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga va shu orqali budjet xarajatlarini qoplashga sarflangan bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi. Yuqorida aytganimizdek, hukumat eng asosiy moliyaviy hujjatlarni yashirayotgani sababli, hozir budjet defitsiti haqidagi ochiq ma’lumotlar yo‘q.

Hafta qahramonlari

Hafta davomida ko‘pchilikni to‘lqinlantirgan yaxshi yangiliklar ham bo‘ldi. Samarqand shahrida to‘rt nafar maktab bitiruvchisi ko‘p qavatli uy derazasidan tushib ketgan qizni tutib qolib, hafta qahramonlariga aylanishdi. Shohrux, Jasur, Ozod va Murod ismli bu yigitlar 4-qavat derazasidagi panjarada osilib turgan qizaloqning hayotini saqlab qoldi.

“Qizaloq tushib ketgan ko‘p qavatli uyda o‘rtog‘imiz ham yashaydi. O‘sha kuni maktabda imtihonlarni topshirib, uy yaqinida do‘stimizni kutib turgandik. Tasodifan yuqorida osilib turgan qizchaga ko‘zimiz tushdi. Bir sinfdoshimiz qizaloqning yaqinlariga xabar berish uchun yugurdi. Biz, uch kishi bo‘lib qizchani tutib olishga intildik. Pastdan turib qizchaga biroz sabr qil, qo‘yib yuborma, deb baqirdik. U bizni eshitdi, lekin kuchi yetmay pastga quladi. Pastki qavatdagi tunukaga urilib, havoda ikki metrcha uzoqlab ketdi. O‘zimni orqaga olib qo‘limni tutdim, do‘stlarim ham tezda yordamga oshiqishdi. Xudoga shukur, qizcha qo‘limizga tushdi va omon qoldi”, – deydi Shohrux Boborahimov.

Ma’lum bo‘lishicha, baxtli tasodifdan oldin baxtsiz tasodif ham ro‘y bergan: qizning onasi uydan birrovga chiqqan paytda, kenja o‘g‘li eshikni beixtiyor ichkaridan yopib qo‘ygan. 4 yashar qizaloq esa eshik quflanib qolganidan qo‘rqib, yordam so‘rash uchun deraza tokchasiga chiqqan va temir panjara orasiga boshi bilan tiqilib qolgan. Hozir uning ahvoli yaxshi. Yigitlarga esa ko‘rsatgan qahramonligi uchun noutbuklar sovg‘a qilindi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkentda bir hafta ichida uchta yangi elektrobus YTHga uchradi. Dushanba kuni svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketgan Lacetti haydovchisi Malibu avtomobili va 81-yo‘nalishdagi elektrobus bilan to‘qnashuv sodir qilib, o‘zi shifoxonaga yotqizildi. Ertasiga Cobalt haydovchisi ham qizil chiroqdan o‘tib, 89-yo‘nalishdagi elektrobusga urildi va vafot etdi. Payshanba kungi avariyada esa 94-yo‘nalishdagi elektrobusga mast haydovchi boshqaruvidagi Lacetti kelib urildi. Bu avariyada hech jarohatlanmagani xabar qilindi.

Qashqadaryoda bitta sayt va besh nafar bloger faoliyatini tugatdi. Nasafnews.uz nashri hamda blogerlar Maqsud Muzaffarov, Otabek Artikov, Umid Karimov, Azizbek Yazdurdiyev va O‘roljon Kamolov suddagi adolatsizlik sabab shunday qarorga kelganini aytishdi. Uch bloger va YPX xodimlari o‘rtasidagi nizo ko‘rib chiqilgan sudda blogerlar 5 sutkaga qamalgan edi. Ularning jamoaviy noroziligiga munosabat bildirgan sud blogerlar tomonidan hukmdan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati berilmaganiga e’tibor qaratdi.

Abituriyentlarga imtihon javoblari chiqqandan keyin yo‘nalish tanlash imkoni berilishi mumkin. Agar bu amalga oshsa, abituriyentlar avvaliga imtihonga kirib chiqadi, shundan keyin to‘plagan balliga qarab, qaysi yo‘nalishda o‘qish bo‘yicha bir qarorga keladi. Oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonovning aytishicha, bu tartibni keyingi yildan boshlab yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

Italiya O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi birinchi strategik hamkoriga aylandi. Bu haqdagi shartnoma Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi vaqtida imzolandi. Bu mamlakat kompaniyalari O‘zbekiston energetika sohasiga 2,2 mlrd yevro investitsiya kiritishiga kelishildi. Kuzatuvchilar rasmiy Toshkentning rivojlangan Yevropa bilan yaqinlashishga intilishini ijobiy baholayapti. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Yevroittifoqdagi strategik hamkorlari – Italiya va Vengriya Putin Rossiyasiga nisbatan birmuncha xayrixoh ekani bilan ajralib turishini eslatayotganlar ham yo‘q emas.

Qatar amiri tarixda birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tamim bin Hamad Ol Soniyning tashrifi Samarqand shahrida tashkil etildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, erishilgan kelishuvlarning umumiy qiymati 12 mlrd dollarga yetadi. Tashrifning ilk kunida Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmon bilan, Qatar fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy qilinadigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Qatar O‘zbekistonda elchixona ochgan edi.

Nukus voqealarida ayblangan 8 nafar sudlanuvchi apellyatsiya sudining qarori bilan ozod etildi. Ularga tayinlangan qamoq jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi. Yana 6 nafar sudlanuvchining ozodlikdan mahrum qilish muddatlari qisqartirildi. Ayni paytda, namoyishlarning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Dauletmurat Tajimuratovga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirildi. Eslatib o‘tamiz, u 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid