Jahon | 13:52 / 12.06.2023
35650
2 daqiqa o‘qiladi

Silvio Berluskoni vafot etdi

U 30 yil mobaynida «Milan» klubiga egalik qilgan, Italiya bosh vaziri lavozimini egallash bo‘yicha rekord o‘rnatgandi.

Foto: Guglielmo Mangiapane / Reuters

Italiyaning sobiq bosh vaziri, «Olg‘a, Italiya» (Forza Italia) partiyasi asoschisi Silvio Berluskoni 86 yoshida Milandagi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Corriere della Sera xabar bermoqda.

Aprel oyi boshida Berluskoniga leykemiya tashxisi qo‘yilgani xabar qilingandi. U ximiyaterapiya kursini o‘tagan. Sobiq bosh vazir 5 aprel kuni yotqizilgan Milandagi «San-Rafaele» klinikasi o‘shanda uning holatini barqaror deb baholagandi. May oyi o‘rtalarida siyosatchi shifoxonadan chiqarilgan, ammo 9 iyun kuni yana qayta joylashtirilgandi.

Berluskoni to‘rt marta Italiya Vazirlar kengashi raisi (1994—1995, 2001—2005, 2005—2006, 2008—2011) bo‘lgan. U  Italiya Respublikasi tarixida bosh vazir lavozimini egallash borasida rekordchi hisoblanadi.

U 2011 yilda davomli mojarolar va sud ta’qiblari ortidan iste’foga chiqqandi. 2019 yilda siyosatchi Italiyadan Yevroparlament tarkibiga saylanadi. 2022 yil sentabrida esa Monsa saylov okrugidan senat uchun saylovlarda g‘olib bo‘lgandi.

Berluskoni Yevropa davlatida hukumat boshqaruviga kelgan ilk multimilliarder bo‘lgandi. U Italiyaning eng badavlat kishilaridan bo‘lgan: sug‘urta magnati, banklar va ommaviy axborot vositalari, shuningdek Fininvest kompaniyasi aksiyalari nazorat paketi egasi bo‘lgan.

U 1970-yillar oxirida Yevropadagi birinchi yirik tijoriy televideniye tarmog‘ini yaratadi. 30 yil mobaynida, 1986 yildan 2016 yilga qadar «Milan» futbol klubiga egalik qiladi.

2011 yilda Forbes jurnali talqiniga ko‘ra, Berluskonining boyligi 7,8 mlrd dollarni tashkil etgan va u dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 118-o‘rinda joylashgan, 2005 yilda uning boyligi 12 mlrd dollarga baholangan va u 25-o‘rinda edi.

Mavzuga oid