Mbappe «PSJ» rahbarlarini ranjitdi. U transferga qo‘yilishi mumkin
Fransiyalik hujumchining faoliyatida yangi burilish ro‘y beradimi?
Bu yozda allaqachon bir qancha jiddiy transferlar ro‘y berib ulgurdi. Xususan, Lionel Messi AQShga, Karim Benzema — Saudiya Arabistoniga ketdi, Jud Bellingem «Real» futbolchisiga aylandi. Endi esa barcha Kilian Mbappening navbatdagi harakati va uning kelajagini muhokama qilmoqda.
Shartnomadagi hiyla
Bir necha kun oldin ham Kilian Mbappe bilan bog‘liq vaziyat oddiy va tushunarli bo‘lib ko‘rinayotgandi. Yana bir marta liga 1ning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritgan fransuz «PSJ»ga sodiqligini aytgan va Parijda baxtiyorligiga ishontirgan edi. «Real» prezidenti Florentino Peresning madridliklar albatta Mbappe bilan shartnoma imzolashi, ammo bu ish keyinroq sodir bo‘lishi haqidagi so‘zlari esa muxlislarni xotirjam qilishga qaratilgan so‘zlar sifatida qabul qilingandi.
Birdaniga voqealar rivoji tezlashib ketdi va endi Kilian Parij superklubidan ketishi muqarrardek ko‘rinmoqda. To‘g‘ri, bir yil muqaddam vaziyat bundan ham yaqqol bo‘lib ko‘ringan va Ispaniya poytaxtidagilar futbolchi erkin agent sifatida kelishini kutishgandi. Ammo Mbappe qayta o‘ylab ko‘rgan va «PSJ» bilan shartnomasini yangilagan, bu qarori uchun uni komfort zonadan chiqishni istamaslik va o‘z ixtiyori bilan oltin qafasni tanlashda ayblashgandi.
O‘shanda «Real» rahbariyati va muxlislari undan ranjishgandi. Kimdir Mbappening tanlovida katta rol o‘ynagan yaqinlari unga endi bolalikdagi orzusini unutishi kerakligini aytgani haqida xabar bergandi. Ammo Peres donishmandlik qilib, bu masalada vazminlik ko‘rsatdi. U Mbappening uzrini qabul qildi va bir necha bor ochiqchasiga «Qirollik klubi» eshiklari fransuz uchun yopilmaganini aytdi.
Ammo futbolchining quruq so‘zlari yetarli bo‘lmagan, qaymoqranglilar jamoasiga yaqin bo‘lgan insayderlarning aytishicha, «Real» Kiliandan real harakatlar xohlagan. Va bu harakat Mbappening «PSJ» bilan shartnomasi muddati yakunlanadigan keyingi yil yozida emas, aynan hozir, Benzema ketganidan keyin amalga oshirilishini istashgan (aniqrog‘i, keyingi yilda «2+1» formulasida tuzilgan shartnomaning asosiy qismi yakunlanadi). Bu yerda hiyla aynan qo‘shimcha bir yil haqidagi bandda yotadi. Uning faollashtirilishi uchun futbolchining roziligi kerak bo‘ladi, agar bunday bo‘lmasa, shartnomaning bu bandi 2023 yil 1 avgustdan avtomatik ravishda bekor bo‘ladi.
Nizo uyg‘otgan maktub
Yuridik nuqtayi nazardan Mbappe hech qanday harakat qilmasa ham, 1 avgustdan qo‘shimcha band o‘z o‘zidan bekor bo‘lardi, ammo u klub ofisiga shartnomasini 2025 yilgacha uzaytirmasligi haqida xat yo‘llab, vaziyatni keskinlashtirdi. Parijliklar bu ataylab qilinganiga amin. Kamida shuning uchunki, xat klubga kelishidan oldinroq uning nusxasi matbuotga chiqib ketgan. Bundan tashqari, «Real»ga juda yaqin hisoblangan jurnalist Xosep Pedrerol Peres bu xat haqida oldindan xabardor bo‘lganiga shubha qilmayapti.
Bu versiyani boshqa manbalar ham bilvosita tasdiqlab, madridliklar klubi xo‘jayini so‘nggi vaqtlarda Mbappe bilan juda ko‘p muloqot qilganini aytishmoqda. Qolaversa, hozirda «Real»da fransiyalik yulduzli hujumchini xarid qilish uchun pul bor. Buni barcha madridlik insayderlar tasdiqlamoqda. Faqat miqdorlar borasida tafovutlar bor, versiyalardan biriga ko‘ra, qaymoqranglilar Bellingem (u 103 mln yevro evaziga xarid qilib bo‘lindi) va Mbappeni transfer qilish bilan cheklanadi, Keyn va Havers transferidan esa voz kechilgan. Boshqalar esa 400 million yevro nafaqat fransuz hujumchisi, balki ingliz va nemis futbolchilari uchun ham yetishini ta’kidlamoqda.
Lekin ikkinchi variant ro‘y berishiga ishonish qiyin. Jamoada Rodrigo va Vinisius Junior bor, ikkinchisi «Real» uchun muqaddas ko‘riluvchi «yettinchi» raqamni oldi va hujumning chap qanotini o‘ziniki qilib bo‘lgan. Braziliyalikning o‘yini tufayli, agar Mbappe Madridga kelsa, amplua almashtirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Masalan, o‘ng qanotga o‘tishi, u 2018 yilgi jahon chempionati vaqtida bu pozitsiyada ajoyib o‘yin ko‘rsatgan va keyinroq Kristof Galte ham uni shu joyda o‘ynatishga urinib ko‘rgandi.
Ufqda «Chelsi» ham ko‘rinmoqda
Ammo bu safargi voqealar rivojida o‘tgan yildagidan farqli jihat bor. Aytishlaricha, «PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiy yulduzli futbolchining harakatidan shok holatiga tushgan, u ushbu futbolchi xohlagan barcha narsani muhayyo qilgan va uni loyihadagi markaziy figuraga aylantirgandi. Endilikda klub maslahatchisi Luish Kampush zarba ostida qolmoqda, u bu voqea tufayli ishini yo‘qotishi mumkin. Va klubdagilar muzokaralar hali davom etayotgani tufayli matbuotga ma’lumot sizib chiqishini kutishmagandi. Bu voqeadan keyin qatarlik xo‘jayinlar tarbiyasi og‘ir yigitning qiliqlaridan to‘ygani va Mbappening sotuvi bo‘yicha barcha takliflarni o‘rganib chiqishga tayyorligi aytilmoqda.
«Parijda futbolchining harakatlaridan qattiq norozi bo‘lishdi. U yerdagilar Kilian uni boshqa klubga sotishlari uchun barcha ishni qilyapti, deb hisoblashmoqda. «PSJ»dagilar Mbappe ularga ortdan pichoq urgan deb bilishmoqda», — deyiladi Le Parisien xabarida.
Qolaversa, klubda B rejasi bo‘lgan. Futbolchi keyingi mavsumda ketishi mumkinligini inobatga olgan holda, uni aynan hozir sotishga ham tayyor bo‘lishgan. Variant ikkita edi: yoki shartnomani yangilash yoki futbolchini sotish. Hech kim uni keyingi yil yozida erkin agent sifatida qo‘yib yubormoqchi emas. Transfer bahosi esa — 180 million yevrodan boshlanadi. Shu bilan birgalikda, «PSJ» rahbariyati «Real» bilan munosabatlardagi sovuqchilik tufayli isyonkor futbolchisini boshqa klubga sotishni afzal ko‘radi.
Fransiya chempionlarining talablari va Mbappening ambitsiyalarini qondira oladigan yagona turnir — Angliya premer ligasidir. The Times «Chelsi» va «MYu»ni futbolchiga da’vogar deb atadi. Todd Boeli narx borasida pachakilashmasligi aniq, ammo Kilian nima bo‘lganda ham hissiz mahsulot emas. O‘tgan yilda u xatoga yo‘l qo‘ygan (Jurnalist Aleysh Jyeneroga ko‘ra, u Kilian bir necha oy oldin Peresdan uzr so‘ragan va o‘tgan yilgi qarorini hayotidagi eng katta xato deb atagan) va uni tuzatib, baribir «Real» haqidagi orzulari ro‘yobga chiqishini istaydi. Endi barchasi madridliklarning bosimiga bog‘liq bo‘ladi. Peres yaqin vaqtlar ichida faol harakatlarga kirishishini kutish mumkin.
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024