Jahon | 14:11 / 14.06.2023
15596
11 daqiqa o‘qiladi

Mehmet Shimshek iqtisodiy siyosatni o‘zgartirishga Erdo‘g‘anni qanday ko‘ndirdi?

Turkiya prezidenti saylovdan keyin moliya vaziri lavozimiga Mehmet Shimshekni tayinlab, o‘zining iqtisodiy siyosati xato ekanini tan ola boshlagandek ko‘rinyapti. OAVga ko‘ra, iqtisodiyot masalasida Erdo‘g‘andan butkul boshqacha qarashlarga ega Shimshekning hukumatga kelishida Bayroqdorlar oilasi vakillari muhim o‘rin tutgan.

Mehmet Shimshek va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, 3 iyun 2023 yil / Foto: Reuters

May oyi oxirida Turkiya prezidenti lavozimiga qayta saylanishga muvaffaq bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saylovdan keyin hukumatda muhim o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Eng katta yangiliklardan biri – g‘aznachilik va moliya vaziri lavozimiga Mehmet Shimshekning tayinlanishi bo‘ldi.

2009-2015 yillarda ham bu lavozimda ishlab, Turkiyaning 2008 yilgi global moliyaviy inqirozdan tiklanishida katta rol o‘ynagan Mehmet Shimshekning fiskal organ rahbarligiga qaytishi iqtisodchilarda giperinflatsiyaga sabab bo‘layotgan Erdo‘g‘anning past foizlar siyosatiga barham berilishi umidlarini uyg‘otdi.

Iqtisodiyot faniga qarama-qarshi o‘laroq asosiy stavkani ma’muriy pasaytirib kelgan Erdo‘g‘an bu siyosatidan voz kechishga qanday rozi bo‘ldi? Middle East Eye nashri o‘z manbalariga tayangan holda bu savolga javob izladi.

Nashrning yozishicha, Shimshek va prezident o‘rtasida saylovdan oldin bir necha bor uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuvlarga iqtisodchi quruq qo‘l bilan kelmagan – u davlat rahbarini Turkiya iqtisodiyoti qay ahvolda ekanini ko‘rsatuvchi barcha ma’lumotlar bilan tanishtirgan.

May oyidagi uchrashuvlardan biri 2,5 soat davom etgan. Bu muloqotdan xabardor uch manbaning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Shimshekning taqdimoti Erdo‘g‘anni noqulay ahvolga solgan. Prezident unga vaziyatni so‘z bilan tasvirlab berishining o‘zi yetarli ekanini aytgan.

“Siz hamma ma’lumotlarni ko‘rishingiz va nima bo‘layotganini o‘zingiz tushunib olishingiz kerak”, – degan javob bilan taqdimotini davom ettirgan Mehmet Shimshek.

56 yoshli Mehmet Shimshek 2009-2018 yillarda Turkiya hukumatining iqtisodiy blokini boshqargan. Iqtisodiyotning 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozidan chiqishida va soliq islohoti o‘tkazilishida uning hissasi katta bo‘lgan. / Foto: Reuters

Erdo‘g‘an uni moliya vaziri bo‘lishga ko‘ndirmoqchi bo‘larkan, Shimshek bunga osonlikcha rozi bo‘lmagan. U prezidentdan Turkiyaning iqtisodiy tuzilmasini keng ko‘lamda qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan. Bu esa Erdo‘g‘anning g‘ayrioddiy pul-kredit siyosatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid edi.

Foizlarni sun’iy pasaytirish, qarzlarning o‘sishi, maoshlarni oshirish, soliqlardan kechib yuborish va bepul gaz kabilarni o‘z ichiga olgan iqtisodiy siyosat – inflatsiya juda yuqorilab ketganiga qaramay – saylovda yana g‘alaba qozonish uchun Erdo‘g‘anga qisman qo‘l keldi. Lekin buning to‘lovi anchagina qimmatga tushdi: hukumat saylovdan oldin lira kursini barqarorlashtirish uchun Markaziy bank zaxiralarini yoqib tugatdi.

2021 yildan beri Erdo‘g‘an o‘z iqtisodiy dasturini amalda qo‘llash uchun Qatar, BAA, Rossiya va Ozarboyjon kabi mintaqaviy hamkorlari bilan seriyali svop yoki depozit kelishuvlarini tuzdi. Lekin, yaqinda qaysiligi noma’lum bir davlatdan 5 mlrd dollar depozit olinganiga qaramay, 2 iyun holatiga Turkiya Markaziy bankining zaxiralari (bu zaxiralar mahalliy banklardan olingan qarzlarni ham o‘z ichiga oladi) tarixiy minimum ko‘rsatkich – minus 5 mlrd dollarga teng bo‘lib turibdi. Ekspertlar xavotirlariga ko‘ra, agar Anqara shu yo‘lda davom etsa, to‘lov balansi inqirozi bilan yuzlashadi.

O‘zgarishlarga qarshilik

Erdo‘g‘an va uning hukumatdagi tarafdorlari oylar davomida o‘zlari yuritayotgan iqtisodiy siyosatni oqlab, 2022 yilda YaIM 5 foizga o‘sgani, ishsizlik 12 foizdan 10 foizga tushgani va savdo defitsiti qisqargani ayni shu siyosat natijasi ekanini aytib keldi.

Biroq, may oyi holatiga inflatsiya hamon 40 foizga yaqin bo‘lib turibdi, tashqi savdo balansidagi manfiy saldo esa 2023 yilning 5 oyida 57,8 mlrd dollarga yetdi – bu bir yil oldingidan 30 foizga ko‘p demakdir. Turkiya eksportyorlari tashqi bozorda raqobatbardoshligini yo‘qotgan, ular ishlab chiqarishni ishchi kuchi ancha arzonroq bo‘lgan Misr yo shu kabi boshqa mamlakatlarga ko‘chirish niyatida ekanini ayta boshlashgan.

Mehmet Shimshek may oyida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan o‘tgan uchrashuvlarda uning xorijdan moliyalashtirishga asoslangan monetar siyosatining oxiri yo‘qligini qayta-qayta ta’kidlagan. “Siz bu tegirmonni suv tashib yurgiza olmaysiz”, – degan Shimshek. U bunday ibora orqali iqtisodiyotni chetdan olinadigan arzimas yordamlar bilan yurgazib bo‘lmasligini tushuntirgan.

Shunday bo‘lsa-da, Erdo‘g‘an ham o‘z pozitsiyasida turishga harakat qilgan – u yuqori foizlarni Islom diniga zid deb hisoblaydi. O‘z navbatida, Shimshek prezidentni dunyoviy qonuniyatlarni inkor qilib bo‘lmasligiga ishontirishga uringan.

Shimshekning matbuot kotibi Middle East Eye nashrining bu haqdagi so‘rovlariga javob bermagan. Turkiya prezidentining administratsiyasi esa prezidentning shaxsiy uchrashuvlari haqidagi savollarga javob bermay keladi.

Mehmet Shimshekning prezident bilan muzokaralaridan xabardor manbaning aytishicha, juda ko‘p rasmiylar – sobiq va amaldagi vazirlar, parlament a’zolari va boshqalar unga qo‘ng‘iroq qilib, moliya vaziri bo‘lishga ko‘ndirishga uringan. Ular Shimshekdan Turkiya iqtisodiyotini qutqarib qolishni so‘ragan.

Manbaga ko‘ra, Shimshek oxir-oqibat taklifni qabul qilgan. Chunki faqat ugina Erdo‘g‘anga shunchalik ko‘p marta yo‘q deya olgan edi.

Dronlar ishlab chiqaruvchi Baykar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Haluk Bayroqdor Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan / Foto: Haluk Bayroqdorning Twitter sahifasi

Shu bilan birga, joriy monetar siyosat ko‘zlangan maqsadlarga olib bormaydi deb Erdo‘g‘anni ishontirishga uringan faqat Shimshek emasdi.

Nashrning ikkinchi manbasiga ko‘ra, Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor va uning akasi Haluk Bayroqdor (dronlar ishlab chiqaruvchi Baykar kompaniyasi egalari) ham prezidentga foiz stavkalarini pasaytirishdan voz kechish va Shimshekni ishga olishni maslahat berib kelgan.

Haluk Bayroqdor Twitter'da Shimshekni tayinlov bilan tabrikladi, shuningdek, uning Markaziy bank raisligiga Hafiza Gaya Erkanni tanlaganini qo‘llab-quvvatladi.

AQShning Prinston universiteti bitiruvchisi Hafiza Gaya Erkan Turkiya Markaziy bankining birinchi ayol rahbari bo‘lishdan oldin AQShdagi nufuzli moliyaviy muassasalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

“Baykar kompaniyasi ishlab chiqarish to‘xtab qolmasligi uchun eksport-import bilan muntazam shug‘ullanishini inobatga olsak, Haluk Bayroqdorning Erdo‘g‘an bilan iqtisodiyot masalasida eksportchi sifatida gaplashgani hayratlanarli holat emas”, – degan Middle East Eye'ning uchinchi manbasi. U Haluk Bayroqdorning mudofaa sanoatidagi 960 ta kompaniyani birlashtirgan “Saha Istanbul” assotsiatsiyasi rahbari ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

Jamoadagi raqiblar

MEE suhbatlashgan manbaga ko‘ra, Shimshek iyun oyi boshida Erdo‘g‘anga 18 oylik rejasini taqdim etgan. Bu reja 18 oy davomida asosiy stavkani 8,5 foizdan bosqichma-bosqich 25 foizgacha ko‘tarib borishni ko‘zda tutadi.

Nashrning yana bir manbasi aytishicha, Erdo‘g‘an Shimshekka iqtisodiyotni o‘nglash uchun kerak bo‘ladigan hamma narsani berishga rozi bo‘lgan. “Shimshek oxirgi yillarda hukumatdan chetlatilgan odamlarni qaytarmoqchi ekanini ham aytdi. Erdo‘g‘an bu muammo emasligini bildirdi”, – deya ta’kidlagan manba.

Ayni paytda, xalqaro investorlar va mahalliy iqtisodchilarda bir xavotir bor: foiz stavkalarining oshirilishi iqtisodiy o‘sish sekinlashishiga va ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelsa, Erdo‘g‘an kelasi yildagi munitsipal saylovlar oldidan Shimshekni ishdan bo‘shatishi mumkin. Chunki prezident munitsipal saylovlarda Istanbul, Anqara va Antalyani muxolifatdan qaytarib olishni maqsad qilgan.

Boz ustiga, iqtisodchilar Erdo‘g‘anning Markaziy bank raisi Sahap Kavchio‘g‘li bo‘yicha qarorini ancha xavotir bilan qarshi oldi: prezident uni Banklar regulyatsiyasi va kuzatuvi agentligi rahbarligiga o‘tkazdi. Ya’ni MB boshqaruvida bahsli faoliyat yuritgan Kavchio‘g‘li endilikda Turkiyada kredit oqimlari ustidan nazorat qiluvchi asosiy organga rahbarlik qiladi.

Manbaga ko‘ra, Shimshek bu agentlik rahbarligi uchun uch nomzodni taklif qilgan, Erdo‘g‘an esa Kavchio‘g‘lini tanlagan, lekin u Shimshekning talablariga rioya qilgan holda ishlashini aytgan.

Erdo‘g‘an muhim lavozimlarga o‘zaro muxolif shaxslarni tayinlash orqali ularning o‘zaro bir-birini tiyib turishiga erishishni xush ko‘radi.

“Erdo‘g‘an nazoratni saqlab qolishga intilayotganini Shimshek ko‘rib turibdi va bu holat uzoqroq istiqbolda unga ortiqcha boshog‘riq yaratishi mumkin”, – deya qo‘shimcha qilgan nashr suhbatdoshi.

Sahap Kavchio‘g‘li Turkiya Markaziy bankiga rahbarlik qilgan 2021-2023 yillarda inflatsiya 24 yillik maksimumga ko‘tarilganiga qaramay, bazaviy stavka 19 foizdan 8,5 foizga tushdi. / Foto: Anadolu Agency 

Mehmet Shimshekka yaqin odamlarning so‘zlariga ko‘ra, moliya vaziri lavozimni egallashi bilanoq o‘zining atrofidagilarga iqtisodiy vaziyat u o‘ylaganidan ham yomonroq bo‘lib chiqqanini aytgan.

Vazirga yaqin shaxslardan birining fikricha, Shimshek Erdo‘g‘anni past foizlar siyosatidan voz kechishga va Markaziy bank rahbarligiga u taklif qilgan nomzodni tasdiqlashga ko‘ndirib, naq “okeanni kesib o‘tgan” bir vaziyatda, hech kim mayda-chuyda narsalarga qarab o‘tirmasligi kerak.

“Kavchio‘g‘li ertasiga Shimshekning huzuriga kelib, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Har holda, Kavchio‘g‘lining bank sohasidagi 30 yillik tajribasi bor axir”, – degan manba.

Mavzuga oid