Jahon | 11:43 / 14.06.2023
22935
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy yoki Yaponiya: tezyurar poyezdlar bo‘yicha kim oldinda?

Osiyoning eng taraqqiy etgan davlatlaridan bo‘lgan Yaponiya va Xitoy o‘rtasida ko‘p sohalarda azaliy raqobat mavjud.

Foto: Kun.uz

Xitoyning hudud va aholi resurslari bo‘yicha ustunligi ko‘proq foyda bersa, yaponlarning misli ko‘rilmagan mehnatkashligi va tirishqoqligi ko‘p sohalarda xitoyliklarning g‘olibligini yo‘qqa chiqarib qo‘yadi.

O‘zaro raqobat transport, ayniqsa temiryo‘l sohasida ham ko‘zga tashlanadi. Tezkor poyezdlar tajribasi ikki davlat o‘rtasida o‘ziga xos poygaga aylangan. Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyingi taraqqiyotdan so‘ng, sohada inqiloblarni boshlagan bo‘lsa, Xitoyning muvaffaqiyatlari asosan eng yangi tarixga to‘g‘ri keladi.

Oltmish yil avvalgi muvaffaqiyat

1964 yilda, ya’ni Yaponiya Xirosima va Nagasaki shaharlari atom bombasi ostida qolib, urushda mag‘lub bo‘lganidan bor-yo‘g‘i 19 yil o‘tib, Tokio va Osakani bog‘lovchi tezyurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ydi.

Bu poyezd Sinkansen deya ataladi. 1964 yildayoq uning tezligi soatiga 210 km/sni tashkil etdi. Ayni paytda u Kyusyu orolidan Xokkaydogacha bo‘lgan hududni qamrab olgan va dunyodagi eng ko‘p yo‘lovchi tashiluvchi yo‘nalishlardan sanaladi. 2008 yilga kelib, Sinkansen orqali yiliga 151 million kishi tashildi.

1986 yilga kelib, Sinkansen tezligi soatiga 220 kilometrga oshirilgandan so‘ng, Tokio va Osaka o‘rtasidagi sayohat vaqti 3 soatgacha qisqardi. Ko‘p o‘tmay, 1992 yilda yangi Nozomi poyezdlari soatiga 270 kilometrgacha yura boshladi, buning natijasida sayohat vaqti 2 soat 30 daqiqagacha qisqardi.

2015 yilda maksimal tezlik soatiga 285 kilometrga ko‘tarildi, umumiy vaqt esa 2 soat 22 daqiqaga qisqardi.

Toxoku liniyasi 1982 yilda ochilganida soatiga 210 kilometr tezlikka erishgan. 1985 yilda 240, 1992 yilda 275 va 2011 yilda soatiga 300 kilometrga ko‘tarildi.

2013 yildan beri uning maksimal tezligi soatiga 320 kilometrni tashkil etdi, bu barcha Sinkansen liniyalari orasida eng tezdir.

Sinkansen nafaqat tezlik, balki tig‘iz grafik bilan ham o‘ziga xos sanaladi. Masalan Tokaydo liniyasida bir kunda 340 dan oshiq reyslar bor, har uch minutda poyezdlar qatnovi ham kuzatiladi.

Poyezdlar tozaligi — alohida masala. Masalan, JR East Shinkansen Tokioda bor-yo‘g‘i 12 daqiqa to‘xtaydi. Yo‘lovchilar ikki daqiqa ichida vagonlardan chiqib ketishi kerak, yangilariga esa kirib joylashish uchun uch daqiqa beriladi. Qolgan yetti minutda esa maxsus tozalik brigadalari poyezdlarni tez va sifatli tarzda tozalab, yangi yo‘lovchilar uchun taxt qiladilar.

Cinkansen evolyutsiyasi bugungi kunda ham davom etmoqda. Japan Railways Central 2015 yilda chiziqli liniyada qurilishni boshladi, u soatiga 500 kilometr tezlikka erishish uchun magnitli levitatsiya texnologiyasidan foydalandi, bu esa Tokiodagi Shinagavadan Nagoyaga atigi 40 daqiqada borish imkonini beradi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, magnitli levitatsiya bu magnit bosimi yordamida har qanday tezlikni kuchaytirish texnologiyasidir.

Ayni paytda, yangi avlod Alfa X poyezdini ishlab chiqmoqda. Poyezd soatiga 360 kilometr tezlikda tijorat maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan va dunyodagi eng tez magnit levitatsiya texnologiyasi ishtirok etmagan poyezd bo‘ladi.

Tezlik borasidagi ilk katta rekord 2015 yilda qayd etildi. O‘shanda magnit yostiqchasi yordamida dastlab soatiga 590 kilometr, keyinroq 603 kilometrlik masofa bosib o‘tildi. Lekin bular faqat tajriba edi. Tajribani o‘tkazgan JR Central kompaniyasi ushbu tarkiblarni 2027 yilda ishga tushishi kutilayotgan Tokio-Nagoya yo‘nalishida sinashni reja qilgan.

Hatto Yaponiya AQShdek qudratli davlatga Vashington va Nyu-York o‘rtasidan o‘ta yuqori tezlikdagi temiryo‘l magistrali qurishda yordam taklif etishni reja qiladi.

Xitoyning javobi

Texnologiya va boshqa sohalarda dunyoni hayratda qoldirayotgan Xitoy temiryo‘l sohasida ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Jumladan, ikki yil avval, ya’ni 2021 yilda magnit yostiqchasi ishtirokidagi yangi poyezd namoyish etildi. U soatiga 600 kilometrgacha yo‘l bosib o‘tgani ma’lum qilindi.

Yangi poyezd o‘ntagacha vagonni tortish imkoniga ega va 1500 kilometrdan uzoq manzillarga qatnovchilar uchun ayni muddaoga ega edi. Loyiha bosh muhandisi Din Sansanga ko‘ra, poyezd bir vaqtning o‘zida 1000dan ortiq yo‘lovchilarni tashiy oladi.

Yangi poyezd nimasi bilan muhim edi? Masalan Shanxay va Pekin o‘rtasidagi masofa 1067 kilometrni tashkil etadi. Bu masofani oddiy poyezdda besh soatda (qarang, oddiy poyezd ham chakana emas), samolyotda esa uch soatda bosib o‘tish mumkin. Yangi poyezdda esa bu muddat 2,5 soatgacha qisqaradi.

Ta’kidlash mumkinki, yangi yaratilayotgan poyezdlar hatto samolyotlar bilan ham raqobatlashmoqda. Xitoy o‘zining muvaffaqiyatli taraqqiyotida tezyurar poyezdlar masalasini muhim qism sifatida qayd etgan. Chunki tezkor poyezdlar iqtisodning jadal rivojlanishi omilidir.

Bundan tashqari CR400 «Fuxing» (magnit levitatsiyasisiz) poyezdi jahondagi eng tezkor poyezdlardan sanaladi. U maksimal soatiga 350 kilometrgacha yo‘l bosa oladi. Sinovlarda uning tezligi 420 kilometrgacha chiqqan. Texnologik bazasi avvalgi tezyurar poyezdlar, jumladan Yaponiya va Yevropa texnologiyalari asosida shakllantirilgan.

Suratdagi Xitoy poyezdlari deposi bu mamlakatning temiryo‘l sohasidagi yutuqlarini yaqqol ifodalaydi.

Yaponiya va Xitoyni hisobga olmaganda ham, o‘ta yuqori tezlikdagi poyezdlardan muvaffaqiyatli foydalanayotganlar bor. Bular Germaniya, Fransiya kabi davlatlardir.

Jumladan, Gemaniyaning InterCity Express (ICE), Fransiyaning Train a Grand Vitesse poyezdlari Yevropaning eng tezyurar tranpsportlari sirasiga kiradi. Ular soatiga 320-330 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekistondagi «Afrosiyob» poyezdlari maksimal 250 km/s masofani bosib o‘ta oladi.

Poyezdmi yoki samolyot?

Tezyurar poyezdlar borasidagi muvaffaqiyatlar samolyotlar bilan ham raqobatni vujudga keltirmoqda. Garchi poyezdlar reaktiv havo laynerlari kabi 900 km/s tezlikka yetmagan bo‘lsalar ham, ayrim yo‘lovchilar poyezdlarni afzal ko‘rmoqda. Bunga qator sabablar bor:

  1. Odatda poyezd vokzallari shahar markazlarida, aeroportlar esa shovqin va tirbandlik sabab chetroqda quriladi;
  2. Samolyotga ro‘yxatdan o‘tish, uchish vaqtini kutish va qo‘nish ham ancha-muncha vaqtni oladi. Poyezdlarda esa bu jarayon osonroq;
  3. Poyezdlar samolyotlarga qaraganda ancha xavfsiz va qulay.

Yuqoridagi omillar va yetakchi davlatlar erishayotgan muvaffaqiyatlar temiryo‘l sohasi cho‘kmasligini va qaytanga yorqin kelajakka erishish ehtimolini kuchaytiradi.

Abror Zohidov, Kun.uz

Mavzuga oid