Sport | 01:31 / 16.06.2023
22080
6 daqiqa o‘qiladi

Futbol va iqtisodiyot: Yevropa futboli pandemiya oqibatlarini yengib o‘tdi va o‘sishga qaytdi

Foto: Reuters

Yevropa klub futboli nihoyat pandemiyaning barcha oqibatlarini yengib o‘tdi va o‘sishga qaytdi. 2021/22 yilgi mavsumda qit’a futbol bozori ishtirokchilarining daromadi 29,5 milliard yevroga yetgan va bu mutlaq rekorddir. O‘sish dvigatellari odatdagidek, katta futbol beshligi mamlakatlari - Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya ligalari edi.

Deloitte kompaniyasi Yevropa futbolining moliyaviy holati bo‘yicha yillik Football Finance hisobotini e’lon qildi, unda 2021/22 yilgi mavsumda soha nihoyat COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yengib o‘tgani va moliyaviy o‘sish trayektoriyasiga qaytgani ta’kidlanadi.

Qayd etilishicha, Yevropa futbol bozori ishtirokchilari (bu nafaqat klublar, balki milliy federatsiyalar va UYeFA tashkilotini ham o‘z ichiga oladi) tomonidan yaratilgan umumiy daromad 29,5 milliard yevroni tashkil qilgan. Bu 2020/21 yilgi mavsumdagidan deyarli 1,9 milliard yevro va 2019/20 yilgi mavsumdagidan 4,3 milliard yevroga ko‘p.

Qayd qilish joiz, aynan mana shu mavsumlarda pandemiya yuzaga kelgan, klublar chipta sotishdan tushgan daromadlarini amalda yo‘qotgan, o‘yin o‘tkazmagani uchun telekompaniyalarga pullarni qaytarishga majbur bo‘lgan edi. Shunday ekan, ko‘rsatkichlarni solishtirish to‘g‘riroq bo‘ladigan davr - pandemiyadan oldingi 2018/19 mavsumi bo‘ladi. Bu davrda Yevropa futbol bozori 28,9 milliard yevro daromad olgan edi.

Daromadning asosiy ulushi, har doimgidek, katta beshlik davlatlarining yuqori divizionlari klublariga to‘g‘ri keldi. Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya klublari birgalikda 17,2 milliard yevro ishlab topdi. Bu ham rekord ko‘rsatkich bo‘lib, yuqorida qayd etilgan 2018/19 yilgi mavsumda erishilgan ko‘rsatkichdan 200 million yevro ko‘pdir.

Bunday sezilarli o‘sish tomoshabinlarning stadionlarga qaytishi bilan izohlanadi. Qolaversa, masalan, Angliya Premer-Ligasida (APL) tomoshabinlar soni umuman rekordga aylandi: o‘yinlarga o‘rtacha 39950 tomoshabin kirdi. Bu Germaniyadan keyin ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich, bu yerda o‘yinlarga o‘rtacha 42 837 muxlis kirgan.

Hozir APL klublari kattaroq stadionlarga sarmoya kiritishni o‘ylamoqda, albatta bu bejiz emas. Yetakchi liga klublari o‘z daromadlarining 12 foizini matchday ko‘rinishida olgan (o‘yin kuni muxlislar tashrifidan). Agar mutlaq qiymatlar haqida gapiriladigan bo‘lsa, Premer-Liga klublari tomoshabinlardan 901 million yevro yig‘gan.

Deloitte ma’lumotlariga ko‘ra, «Katta beshlik» klublarining tijoriy daromadlari (homiylik shartnomalaridan tushumlar, klub ramzi tushirilgan tovarlarni sotish va boshqalar) birdaniga 17 foizga o‘sib, 6,3 milliard yevroga yetgan. Bu esa teletranslatsiya huquqi tushumlarining kamayishini kompensatsiya qilish imkonini berdi. Ular 12 foizga kamayib, 8,9 milliard yevroga tushgan. Biroq, xavotirli xulosalar chiqarishning hojati yo‘q: pasayish, asosan, pandemiya davridagi mavsum uchun klublar qaytargan mablag‘lar hisobiga sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, gap telekompaniyalarning hisob raqamiga real pul o‘tkazish haqida emas, balki keyingi mavsumlar uchun kompensatsion chegirma berish haqida edi.

Deloitte hisobotida ehtimoliy muammoli omillar ham qayd etilgan. Bunda hech qanday yangilik yo‘q. Gap futbolchilar maoshining ortib borayotgani haqida ketmoqda. Unga 12,3 milliard yevro sarflandi, bu 2018/19 yilgi mavsumdagidan 15 foizga ko‘p.

2019/20 yilgi mavsum bilan taqqoslashning ahamiyati yo‘q, chunki o‘sha paytda ko‘plab klublar futbolchilar maoshini vaqtinchalik qisqartirgan edi.

Demak, Premer-Ligada klublar o‘z daromadining 67 foizini futbolchilar maoshiga sarflamoqda (75 foizdan past bo‘lsa moliyaviy tomondan maqbul hisoblanadi). Biroq, bu ko‘rsatkich Ispaniya chempionatida 73 foizni, an’anaviy tarzda moliyaviy jihatdan eng intizomli bo‘lgan Bundesligada atigi 59 foizni tashkil qiladi. Italiya A Seriyasi (83 foiz) va Fransiya 1-Ligasi (87 foiz) tavsiya etilgan parametrlarga mos kelmaydi.

Agar ligalarni futbolchilar maoshining mutlaq qiymatiga ko‘ra solishtiradigan bo‘lsak, nega hamma Angliyada o‘ynashga ishtiyoqi borligi oydinlashadi. Premer-Liga klublari futbolchilar maoshiga o‘rtacha 215 million yevro sarflamoqda. («Manchester Yunayted» maoshlarga eng ko‘p mablag‘ sarflamoqda – deyarli 480 mln yevro). Keyingi o‘rinlarda La Liga (119 million yevro), Bundesliga (103 million yevro), A Seriya (98 million yevro) va Liga 1 (88 million yevro) bormoqda.

Premer-Liganing o‘rtacha ish haqi bo‘yicha deyarli ikki baravar ustunligi Angliya va boshqa ligalar daromadlari nisbati bilan ham to‘liq bog‘liq.

Shunday qilib, hisobot davrida Premer-Liga klublari rekord darajadagi 6,442 milliard yevro daromad olgan, bu 2018/19 yilgi mavsumdagidan deyarli 599 million yevroga ko‘p.

La Liga daromadi 3,277 milliard yevro, Bundesliga 3,149 milliard yevro, Italiya A Seriyasi 2,35 milliard yevro, Fransiya 1-Ligasi 2,026 milliard yevro.

Ko‘rinib turganidek, Angliya Premer-Ligasi Ispaniya va Germaniya ligalarini qo‘shgandan ko‘ra ko‘proq daromad oladi. Deloitte fikriga ko‘ra, bu bo‘shliq yaqin yillarda kamaymaydi.

Hisobotda 2024 yilgacha bo‘lgan daromadlar prognozi ham bor va Premer-Liga 6,7 milliard yevro olishi, La Liga va Bundesliga daromadlari esa 3,55 milliard yevrodan oshmasligi taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid