Fan-texnika | 21:03 / 19.06.2023
75246
2 daqiqa o‘qiladi

Google qidiruv tizimi foydalanuvchilariga pul to‘lashga rozi bo‘ldi

To‘lov faqat amerikaliklar uchun. Uning miqdori katta emas - atigi 7,7 dollar.

Foto: Kun.uz

Amerikaning Google korporatsiyasi 2010 yilda Qo‘shma Shtatlar aholisi tomonidan qo‘zg‘atilgan jamoaviy da’voni kelishuv orqali hal qilishga rozi bo‘ldi va 23 million dollar tovon to‘laydi. Bu haqda SFGate xabar berdi.

Sud jarayonida IT giganti qidiruv so‘rovlari haqidagi ma’lumotlarni uchinchi tomonga berish orqali shaxsiy hayotni buzganlikda ayblangan. Biroq, umumiy tovon puli katta miqdorda bo‘lsa-da, har bir foydalanuvchi uning juda kichik qismini oladi.

2006 yil 25 oktyabrdan 2013 yil 30 sentabrgacha Google qidiruv tizimidan foydalangan har bir shaxs 31 iyulga qadar da’voga qo‘shilishi mumkin.

SFGate ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda bir nafar da’vogar uchun tovon miqdori taxminan 7,7 dollarni tashkil etadi (joriy kurs bo‘yicha taxminan 88 ming so‘m). Buning sababi, kompensatsiya puli advokat xizmati uchun to‘lov amalga oshirilganidan keyin, barcha ariza beruvchilar o‘rtasida teng qismlarga bo‘linishi kerak. Kompensatsiya 2023 yil oktabr oyidan to‘lanishi kutilmoqda.

2022 yil noyabr oyida Google kompaniyasi amerikaliklarning geolokatsiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha da’vosini hal qilish uchun deyarli 392 million dollar to‘lashga rozi bo‘lgan edi.

Shu davrda foydalanuvchilar manzilini kuzatish muammosi Android mobil operatsion tizimida ishlovchi 2 milliard qurilmaga, shuningdek, Google xizmatlaridan foydalanuvchi yuzlab million iPhone foydalanuvchilariga ta’sir qilgan edi.

Mavzuga oid