Jahon | 20:19 / 19.06.2023
19389
2 daqiqa o‘qiladi

Musaffo osmondagi turbulentlik global isish bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi

Samolyotlar so‘nggi o‘n yilliklarda ochiq havoda ham turbulentlikka duch kelayotgani iqlimi o‘zgarishi bilan bog‘liq ekani aniqlandi.

Foto: Luis Robayo/AFP via Getty Images

Transatlantika parvozlari kabi muhim yo‘nalishlarda samolyotning turbulent oqimlarga tushib qolish ehtimoli yarim baravardan ko‘paygan. Bu haqda Geophysical Research Letters ilmiy jurnalida chop etilgan Reding universiteti olimlari tadqiqotida aytiladi.

Uning mualliflari 1979 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan iqlim ma’lumotlarini tahlil qilib, global o‘zgarishlarning sayyoradagi «turbulent» zonalarga ta’siri haqidagi taxminni tasdiqladi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, parvoz paytida turbulentlikka duch kelish ehtimoli ko‘proq Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shimoliy Atlantika osmonida ko‘paygan, bu joylar dunyodagi eng tirband havo yo‘llari hisoblanadi.

Shunday qilib, Shimoliy Atlantikaning o‘rta nuqtasida musaffo osmondagi kuchli turbulentlikning umumiy yillik davomiyligi 55 foizga oshdi - 1979 yildagi 17,7 soatdan 2020 yilda 27,4 soatgacha. Xuddi shu hududda o‘rtacha turbulentlik 37 foizga (70,0 dan 96,1 soatgacha) va yengil turbulentlik 17 foizga (466,5 dan 546,8 soatgacha) ko‘paygan.

Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Atlantika okeanida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Aksincha, so‘nggi 40 yil ichida Xitoy, Rossiya va Janubiy Osiyoda turbulentlik hodisalari soni kamaygan.

Maqola mualliflari sayyoradagi turbulentlikning global manzarasi o‘zgarishini global isish bilan bog‘laydi: iliq havo yuqori havo oqimlarida shamol tezligining keskin o‘zgarishiga olib keladi. Bu zonalar turbulentlik jihatidan eng xavfli hisoblanadi.

«Turbulentlik parvozlarni noqulay, ba’zan xavfli qiladi. Aviakompaniyalar ko‘payib borayotgan turbulentlik bilan qanday kurashish haqida o‘ylashi kerak, chunki faqat Qo‘shma Shtatlarda bu yiliga 150 milliondan 500 million dollargacha tushadi. Turbulentlikda o‘tkazilgan har bir qo‘shimcha daqiqa samolyotning eskirishini, shuningdek, yo‘lovchilar va styuardessalarning jarohat olish xavfini oshiradi», dedi tadqiqot mualliflaridan biri, meteorolog Mark Prosser.

Mavzuga oid