Yozning asosiy turniri. Yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati boshlanmoqda
U21 jamoalari o‘rtasidagi turnir Gurjiston va Ruminiya maydonlarida o‘tkaziladi. Quyida asosiy favoritlar, nomdor futbolchilar va faktlar haqida.
Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati ortidan Yevro U21 turniri start olmoqda. Bu turnirda ikki yil oldin boshlangan saralash bosqichidan o‘tgan 16 jamoa ishtirok etadi. Shu tufayli Yevro U21 odatiy qoidalar bo‘yicha kechadi: jamoalar uchun 23 yoshli futbolchilar ham o‘ynashi mumkin: 2000 yil 1 yanvaridan keyin tug‘ilgan barcha futbolchilar. Bu esa turnirda qator megatalantlar, masalan, Italiya yoshlar jamoasiga zayavka qilingan Sandro Tonali kabi futbolchilarni ko‘rish imkoniyatini beradi.
Bugun birinchi tur doirasida to‘rt o‘yin bo‘lib o‘tadi: Belgiya—Niderlandiya, Ukraina—Xorvatiya, Gurjiston—Portugaliya, Ruminiya—Ispaniya.
Fransiya — asosiy favoritmi?
Argument — ular turnirning eng qimmatbaho tarkibiga ega: Transfermarkt bu tarkibni qariyb 416 mln yevroga baholagan. Bu tarkib kattalar o‘rtasidagi jamoalar orasida ham o‘nlikka kiradi.
Asosiy yulduzlar: Rayan Sherki («Lion»), Maykl Olise («Kristal Pelas»), Bredli Barkola («Lion»), Kuadio Kone («Borussiya» M), Enso Le Fe («Loryan») — va bular bir qismi. Fransiya sovringa ega chiqish uchun jiddiy kurash olib boradi.
Aslida bu futbolchilarning ko‘pchiligi nimanidir isbotlashiga hojat yo‘q — ular allaqachon asosiy jamoada ham o‘ynab ko‘rishgan. Ammo bu turnirdagi yaxshi ishtirok top-klubga o‘tish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin. Masalan, Kone va Kefren Tyuramni «Liverpul» kuzatmoqda, Ele Vaiga esa Yevropaning yarmi ko‘zini tikkan.
Germaniya chempionlikni himoya qilish uchun kelmoqda
2021 yilda nemislar finalda Ispaniyani yenggan va uchinchi bor shu turnir g‘olibi bo‘lishgandi. Bu Yevroda qatorasiga to‘rtinchi bor finalga chiqqan holda rekord o‘rnatish imkoniyati bor.
Fransiya bilan taqqoslaganda, zayavkadan u qadar ko‘p yulduzli futbolchilar o‘rin olmagan, ammo o‘yinini kuzatib borish kerak bo‘lganlar topiladi. Masalan, Yussuf Mukoko («Borussiya» D) va «Brentford» klubi tarixidagi eng qimmatbaho xarid bo‘lgan (u «Frayburg»dan 25 mln yevro evaziga transfer qilindi) Kevin Shade.
Yana bir qiziqarli nom — 22 yoshli markaziy himoyachi Yann Aurel Bissekk: Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, u 7 mln yevro evaziga Daniyaning «Orxus» klubidan «Inter»ga o‘tmoqda. Unda dastlab ko‘zga tashlanadigan jihat — ulkan bo‘yi — 196 sm. Ha, Yann havoda to‘p uchun kurashda juda zo‘r.
Ispaniya — an’anaviy favorit! Trebl uchun imkon bor
2019 yilda ispanlar Luis de la Fuente bilan chempion bo‘lishgan, endi esa boshqa murabbiy bilan turnirga kelishdi: de la Fuente endi asosiy jamoaga ustozlik qilmoqda va yoshlar jamoasida uning o‘rnini Santi Deniya egallagan. Yangi kouchda bir avlod bilan trebl qilish imkoniyati bor: u 2017 yilda U17 jamoasi bilan, 2019 yilda U19 jamoasi bilan Yevropa chempionatlarida g‘olib bo‘lgandi, o‘sha futbolchilar endilikda hozirgi turnirga kelgan jamoa o‘zagini tashkil etadi.
Ispanlar tarkibida balans mavjud: Abel Ruis («Braga»), Arnau Tenas («Barsa Atletik»), Ugo Gilyamon («Valensiya») va Xuan Miranda («Betis») kabi kattalar futbolida faoliyat boshlaganiga ancha bo‘lganlar ham, yakunlangan mavsumda kashfiyotga aylanganlar ham bor: Gabriel Veyga («Selta»), Aleks Baena («Vilyarreal»), Aymar Oros («Osasuna») va Arnau Martines («Jirona»).
Darvozabon Tenasning tarkibga chaqirilishi mojaro keltirib chiqardi, chunki uni Segundaga chiqish uchun kechadigan muhim o‘yin oldidan olib qo‘yishdi. «Barselona» o‘rinbosarlari Arnausiz o‘ynab, «Real Kastilya»ga mag‘lub bo‘lishdi.
Angliyalik yulduzlar bu asrdagi ilk sovrinni olishga harakat qilishadi
Bu o‘rinda ham It's coming home iborasi mos tushadi: yoshlar jamoasi ham 1980-yillardan buyon yirik turnirlarda g‘olib bo‘lmagan. Lekin Angliya yoshlari qatorasiga to‘qqizinchi bor Yevropa chempionatiga tashrif buyurishdi.
Tarkibda yulduzlardan muammo yo‘q: Levi Kolvill («Chelsi»), Jyeykob Remsi («Aston Villa»), Noni Madueke («Chelsi»), Emil Smit-Rou («Arsenal») va Harvi Elliott («Liverpul»). Li Karsli shogirdlari nomlar borasida Fransiyadan qolishmaydi.
Chempionshipda to‘p suruvchi futbolchilar ham bor – masalan, bir necha yildan buyon «Norvich»ning asosiy tarkibi a’zosi bo‘lgan Maksimilian Aarons. Bu turnirda o‘zini ko‘rsatish orqali u kuchliroq jamoaga o‘tishi mumkin.
Sirli toychoq — Isroil
Isroil so‘nggi yillarda yaxshi taassurot qoldirmoqda. O‘tgan yili U19 bo‘yicha Yevropa chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritishgandi, bu yil esa — yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiligida bronza.
U20 bo‘yicha JCh yakunlanishi bilanoq tarkibning besh nafar futbolchisi Yevropa chempionatiga yo‘l oldi — o‘sha jamoa yetakchilari: Dor Turgeman («Makkabi» Tel-Aviv), Tomer Tsarfati («Makkabi» Netaniya), Roy Revivo («Hapoel» Iyerusalim), Stav Lemkin («Hapoel» Tel-Aviv) va Anan Halayli («Makkabi» Hayfa). Ularga klubi jahon chempionatiga yubormagan — Oskar Glux qo‘shiladi — u jamoa yetakchisi hisoblanadi. O‘tgan yili havbek U19 jamoasini Yevro finaliga olib chiqqandi, qishda esa uni «Zalsburg» o‘z safiga qo‘shib oldi. Jamoa bu turnirda ham katta shov-shuv ko‘tarishi mumkin.
Yulduzlardan kimlar turnirni o‘tkazib yuboradi?
Gurjistonlik muxlislarning kumirlari Xvicha Kvaratsxeliya va Jorj Mikautadze ham mamlakat mezbonligidagi turnirda ishtirok etishi kutilayotgandi. Ular kengaytirilgan zayavkadan o‘rin olishgandi, ammo yakunda ularning ikkisi ham tig‘iz mavsum tufayli (ular asosiy jamoa bilan Yevro-2024 saralashida ham qatnashmoqda) tarkibdan tushib qoldi.
Jarohat tufayli fransiyalik o‘ng qanot himoyachisi Sasha Boe turnirni o‘tkazib yuborishga majbur. U «Galatasaroy»da porladi va turnir tufayli top-chempionatlardan biriga yo‘l olishi mumkin edi. Shuningdek, belgiyalik iste’dodli tayanch yarimhimoyachi Artur Vermeren (mahalliy chempionatda mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan) va Romeo Lavia ham jarohat tufayli turnirga kela olmadi. Xuddi shu sabab muxlislar germaniyalik Ansgar Knauff va Portugaliya jamoasi sardori, «Arsenal» a’zosi Fabiu Viyeyrani o‘yinlarda ko‘rishmaydi.
«Seltik» esa Liel Abaduni Isroil jamoasi ixtiyoriga qo‘yib yuborishni istamadi. Jamoa ushbu vingerni yozda transfer qilmoqchi va shuning uchun uning jarohat olishini istamaydi. PSV vingeri Joan Bakayoko ham turnirga kelmadi: uni Belgiyaning asosiy jamoasiga jalb etishgan, Yevro U21 turniriga esa chaqirishmadi.
Eng qiziqarli holatlar — Moyze Kin («Yuventus») va Jyeremi Frimpong («Bayyer») bilan kuzatildi. Ularning birinchisi Italiyaning turnir uchun zayavkasidan o‘rin olgandi, ammo keyinroq uni Vilfred Niontoga almashtirishdi. Italiya nashrlariga ko‘ra, Moyze shunchaki Yevro U21 turnirida ishtirok etishdan bosh tortgan. Forvard esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda bu ma’lumotni rad etib chiqdi.
Frimpong Yevroda o‘ynashdan bosh tortdi va umuman Niderlandiya yoshlar jamoasida o‘ynamoqchi emas. Sababi — Ronald Kuman uni asosiy jamoaga chaqirmaganidan xafa bo‘lgan.
Guruh bosqichining eng qiziqarli bahslari
Yevroda U21 jamoalari to‘rt guruhga ajralgan, pley-offga har bir guruhdan ikkitadan jamoa chiqadi. Keyin – chorakfinal, yarimfinal va final. A kvarteti — «o‘lim guruhi». Undan Portugaliya, Belgiya, Niderlandiya va Gurjiston o‘rin olgan. Gurjistonliklar autsayder bo‘lib ko‘rinmoqda, ammo ularni erta hisobdan chiqarish kerak emas – ular uyda o‘ynashadi. Guruhdagi boshqa jamoalarning o‘zaro o‘yinlari shiddatli kechishi shubhasiz:
- 1-tur: Belgiya — Niderlandiya, 21 iyun;
- 2-tur: Portugaliya — Niderlandiya, 24 iyun;
- 3-tur: Portugaliya — Belgiya, 27 iyun.
Qolgan kvartetlarda asosiy o‘yinlar yaqqol favoritlar o‘rtasida kechadi:
- D guruhi, 1-tur: Fransiya — Italiya, 22 iyun;
- B guruhi, 2-tur: Ispaniya — Xorvatiya, 24 iyun;
- C guruhi, 3-tur: Angliya — Germaniya, 28 iyun.