O‘zbekiston | 19:45 / 22.06.2023
7035
2 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2023: abituriyentda telefon raqami bilan muammo bo‘lsa, buning qanday yechimlari bor? 

OTMga onlayn hujjat topshirishda abituriyent ro‘yxatdan o‘tadigan telefon raqami muhim ahamiyatga ega. Bunda abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari u kiritgan telefon raqamiga biriktiriladi. Lekin abituriyentda telefon raqami bilan muammo bo‘lsa-chi? 

Foto: Kun.uz

Shunday holatlardan biriga Bilim va malakalarni baholash agentligi izoh berdi.

Qabul boshlanguncha my.uzbmb.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamini yo‘qotgan talabgorlar yangi telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bunda talabgor yangi telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)ni kiritganda uning barcha ma’lumotlari yangi telefon raqamiga biriktiriladi.

Yana bir holatda telefon raqami bilan muammo bo‘lishi mumkin:

Qabul boshlangandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tgan abituriyent shu telefon raqamini yo‘qotib qo‘ysa, bu ham muammoli holat sanaladi. Lekin bu holatga tushishi mumkin bo‘lgan abituriyentlarga yordam beriladi.

“Masalan, bugun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyent ertasiga telefon raqamini yo‘qotib qo‘ysa, unda u Bilim va malakalarni baholash agentligining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishi kerak.

Uning abituriyent ekaniga ishongach, agentlik xodimi platformaga kiritgan telefon raqamini o‘zgartirib beradi. Bunday holatda uning o‘zi raqamni o‘zgartira olmaydi”, deb tushuntirdi agentlik xodimi Jamshidbek Odilov qabulga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Hududiy bo‘limlar manzillari Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid