Jahon | 21:23 / 23.06.2023
17438
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketini e’lon qildi

Yangi cheklovlar to‘plami RFning sanksiyalarni aylanib o‘tish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan: zarur hollarda, sanksion ro‘yxatga kiritilgan Yevroittifoq tovarlari va texnologiyalarini Rossiyadan boshqa uchinchi davlatlarga eksport qilish ham to‘g‘ridan to‘g‘ri cheklab qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, RFning yana qator kompaniyalari va shaxslari qora ro‘yxatga qo‘shildi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Rossiyani Ukrainada urush boshlagani sabab jazolash maqsadidagi sanksiyalarining 11-paketini e’lon qildi.

Yangi cheklovlar to‘plami, kutilganidek, bunga qadar o‘rnatilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi choralarni o‘z ichiga oladi. Xususan, endilikda Yevroittifoqning tegishli organlari sanksiya ostidagi tovarlarning Rossiyaga uchinchi davlatlar orqali kirib borishiga qarshi taqiqlarni kengaytirishi mumkin bo‘ldi.

Yangi sanksiyalarga Rossiyaning bir qator kompaniyalari va shaxslari, shuningdek, xorijiy kompaniyalar ham kiritildi.

Jumladan, Rossiyaning axborot xavfsizligi sohasidagi eng yirik kompaniyalaridan biri Positive Technologies sanksiyalar ostida qoldi. Shuningdek, DXR va LXR, Zaporijjya va Xerson viloyatida ish boshlagan «Zvezda» teleradiokompaniyasi, Xalqaro hisob-kitob banki va TsMRBank ham sanksiya ro‘yxatiga kiritildi.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, «Drujba» quvurining shimoliy tarmog‘i orqali Rossiya neftini import qilishni ham taqiqladi.

Shu bilan birga, Rossiya nefti va neft mahsulotlarini dengiz orqali tashish taqiqini buzganlikda gumon qilingan tankerlar ham Yevropa Ittifoqi portlariga kiritilmaydigan bo‘ldi.

YeI, shuningdek, Rossiyadan tirkamalar va yarim tirkamalarni olib kirishni butunlay taqiqladi va ikki tomonlama maqsadli ayrim tovarlarni (jumladan, ilg‘or texnologiyalar, aviatsiya materiallari) Rossiya orqali tranzit qilish taqiqini kengaytirdi.

Bundan tashqari, hashamatli avtomobillar eksportiga taqiq barcha elektr va gibrid modellarga nisbatan joriy qilindi.

Rossiya metallidan tayyorlangan po‘lat buyumlar va mahsulotlarini YeIga a’zo mamlakatlarga import qilish taqiqlandi.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, bir qator rossiyaliklarga, jumladan, sobiq bosh prokuror Yuriy Chaykaning o‘g‘illari Igor va Artyom, Krasnoyarsk o‘lkasi sobiq gubernatori Aleksandr Uss o‘g‘li Artyom, teleboshlovchi va «Rosneft» davlat kompaniyasi matbuot kotibi Mixail Leontev, siyosatshunos Sergey Karaganovga qarshi ham sanksiyalar kiritdi.

Rossiyaning bir qancha viloyatlari gubernatorlari ham cheklov choralariga tushib qoldi: Aleksandr Gusev (Voronej viloyati), Vladimir Vladimirov (Stavropol o‘lkasi), Veniamin Kondratev (Kuban), Sergey Nosov (Magadan viloyati), Vladimir Solodov (Kamchatka).

Bir qator xorijiy kompaniyalar ham sanksiyalar ostida qoldi: Armanistonning TakoLLC, O‘zbekistonning ikkita kompaniyasi (Alfa Beta Creative LLC va GFK Logistics Asia LLC), Birlashgan Arab Amirliklarining ikkita kompaniyasi (Success Aviation Services FZC va I Jet Global DMCC), Suriyaning I Jet Global DMCC kompaniyasi va Eronning 8 ta kompaniyasi. Bundan tashqari, YeI Honkongning uchta kompaniyasiga sanksiya joriy qildi: Asia Pacific Links Ltd., Tordan Industry Limited va Alpha Trading Investmens Limited.

Mavzuga oid