O‘zbekiston | 22:06 / 24.06.2023
20879
5 daqiqa o‘qiladi

Islom moliyasi O‘zbekistonga yiliga 10 mlrd dollargacha jalb qilishi mumkinligi aytildi

O‘zbekistonliklarning qariyb 20 foizi diniy sabablarga ko‘ra an’anaviy kredit mahsulotlaridan foydalanmaydi, islom moliyasini yo‘lga qo‘yish mamlakatga yiliga 10 mlrd dollargacha jalb qilishi mumkin, dedi Toshkentdagi moliyaviy forumda Apex bank raisi Bahrom No‘monov. Hayot bank raisi Zohid Alimov va xalqaro ekspert Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasi shaffoflik, etika va risklarning adolatli taqsimlanishi bilan ajralib turishini ta’kidladi.

Foto: PLAS-Forum

21-22 iyun kunlari Toshkent shahrida “Fintex, banklar, riteyl” PLAS– forumi bo‘lib o‘tdi. Undagi sessiyalardan biri Markaziy Osiyoda islom moliyasi va uning istiqbollariga bag‘ishlandi.

Forumda so‘z olgan Apex bank boshqaruvi raisi Bahrom No‘monovning fikricha, islom moliyasining tatbiq etilishi O‘zbekistonga har yili 10 milliard dollargacha investitsiya jalb qilishi mumkin. Aholining aksariyati musulmonlar ekani hisobga olinsa, islomiy moliyalashtirish mahsulotlariga talab ortib boradi.

“Butun dunyoda islom moliyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib boryapti. Xususan, ayni paytda jahonda islom moliyasining jami aktivlari qariyb 4 trillion dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonda fuqarolarning qariyb 20 foizi diniy sabablarga ko‘ra an’anaviy kredit tizimidan foydalanmaydi. Mamlakatda islomiy moliyaning rivojlanishi har yili O‘zbekistonga 10 milliard dollargacha jalb etishi mumkin”, – dedi No‘monov.

U ayni paytda mamlakatda islomiy moliyaviy mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun tartibga soluvchi qumdon ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

“Vazirliklar va Markaziy bank islomiy moliya faoliyati uchun qonunchilik bazasini yaratish ustida ishlamoqda”, – dedi Apex bank raisi.

Hayot bank boshqaruvi raisi Zohid Alimov ham O‘zbekistonda islomiy moliyaga bo‘lgan talab yuqori ekanini aytdi.

“36 million aholiga ega O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishning katta istiqboli bor, chunki aholining 90 foizi Islom diniga e’tiqod qiladi. Islomiy moliyaning jozibador jihatlari bu – tizimning shaffofligi va etikasi, kreditlash jarayonlarini taqiqlash hamda xatar va foydaning adolatli taqsimlanishi hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonda islomiy moliya tizimining faoliyat yuritishiga imkon beruvchi qonunchilik ustida ish olib borilmoqda”, – dedi u.

Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti kengashi a’zosi Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasini “zamonaviy moliyaviy iqtisodiyotning detoksi” deb atadi. Uning tushuntirishicha, islom moliyasining asosida inson qadr-qimmati va mulkining daxlsizligi yotadi.

“Bu tizimda kredit foizsiz bo‘lishi, moliyaviy risklar adolatli taqsimlanishi kerak. Bunday yondashuv har qanday dunyoviy mamlakatga moliyaviy inklyuzivlik beradi”, – dedi u.

Uning ta’kidlashicha, aynan moliyaviy inklyuzivlik bag‘ishlagani uchun ham islom moliyasi butun dunyoda rivojlanib bormoqda.

O‘zbekistonda islom moliyasi

O‘zbekiston rasmiylari bank sektori va tashqi savdoni rivojlantirish maqsadida islom iqtisodi boshqaruvi va islom moliyaviy institutlarini joriy qilish niyati haqida 2017 yildan buyon aytib keladi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning Ipak yo‘li banki Islom taraqqiyoti korporatsiyasidan 2006 yili 2 million, 2010 yil 5 million, 2017 yilda esa 14 million dollar mablag‘ olgan.

2018 yil iyul oyidan boshlab yana ikki bank: Trastbank va Invest Finance Bank Islom taraqqiyoti korporatsiyasi bilan moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, Islom taraqqiyoti korporatsiyasi O‘zbekistondagi 6ta institut: Kapitalbank, Asakabank, Turonbank, Hamkorbank, O‘zsanoatqurilishbank, Asia Alliance bank bilan shar’iy-moliyaviy masalalar bo‘yicha shartnoma imzoladi.

2021 yilda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov banklarda islom darchalarini ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

2021 yil 1-4 sentabr kunlari Toshkentda Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammitda ITB guruhi va o‘nta a’zo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollarga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanishi kelishildi.

Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining yig‘ilishida O‘zbekiston uchun Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi tuzilgan, shu bilan birga, ITBning to‘lov tizimi ishga tushdi.

2022 yilda islom moliyasi bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot – Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatgan.

Shuningdek, 2022 yil 20 aprel kuni imzolangan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda, mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida qarzlar berishi mumkinligi belgilandi.

Mavzuga oid