DXX qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan joylarda qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, qirg‘izistonlik narkokurerlar kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan 9 kg 57 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, Farg‘ona shahri tomon harakatlanmoqchi bo‘lgan vaqtida Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ayol ushlandi.
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 2 kg “opiy” va 550 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikistondan keltirilgan ushbu moddani Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi shaxs ham ushlandi.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroga tegishli dala hovli xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 1 kg 390 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ushbu fuqaro 12 ming AQSh dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, daromad topishni rejalashtirgan.
DXX Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalliy fuqaro 974 gr “gashish” moddasini 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u moddani hamshaharidan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi. Ushbu narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
12:21 / 11.10.2024
DXX Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan narkotik moddalarni musodara qildi
13:30 / 09.10.2024
Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish davlat komissiyasi vakolatlari belgilandi
11:50 / 09.10.2024
Toshkentda giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatish holatlari fosh etildi
15:11 / 05.10.2024