«Bu shou emas, urush» – Zalujniy intervyusida qarshi hujum nega sust ketayotganini tushuntirdi
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy mamlakat armiyasi Rossiya bosqiniga qarshi olib borayotgan qarshi hujumi sust ketayotgani haqidagi gaplardan bezor bo‘lganini aytdi. «Bu shou emas», dedi Zalujniy AQShning The Washington Post nashriga bergan intervyusida.
WP Ukrainadagi muxbiri Izabella Xurshedyan olgan intervyuni «Ukrainalik bosh general snaryad, samolyot va toqat so‘ramoqda» degan sarlavha bilan e’lon qildi. Quyida maqola matni aynan keltiriladi.
***
Havodagi ustunliksiz qarshi hujum
Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, qarshi hujum sur’atini oshirish uchun Ukrainaga barcha turdagi qurollardan yanada ko‘proq kerak. Genaral bu haqda imkon bo‘lgan hammaga aytishga tayyor. Xususan, u amerikalik hamkasbi Mark Milli bilan 28 iyun kuni o‘tkazgan telefon suhbatida Ukrainaga bunday qurollar hozir kerakligini ta’kidlagan.
Zalujniy qarshi hujum sust ketayotgani haqida gaplar uning g‘ashiga tegishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOga a’zo bo‘lgan ittifoqchilar ham havodagi ustunliksiz hujumga o‘tmagan bo‘lishardi. Ukraina esa hamon zamonaviy qiruvchi samolyotlar qo‘lga kiritgani yo‘q. Zalujniy Ukraina bosib olingan yerlarini tezda qaytib oladi, deb o‘ylashlaridan hayron qolishini ta’kidlaydi. AQShda ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchi samolyotlari esa Ukrainaga kuzdan avval yetkazib berilmaydi.
10 baravar ko‘proq snaryad
Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina imkoniyatlarini yaxshilashi uchun kamida dushman tomon ishlatayotgan miqdorda artilleriya snaryadlari otishi lozim, ammo imkoniyatlar cheklangani sabab ruslar 10 baravar ko‘proq snaryad ishlatmoqda.
WP nashri intervyu matnida Ukrainaning qarshi hujumi sust ketayotgani haqida G‘arbdagi rasmiy shaxslar, harbiy tahlilchilar va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham (!) gapirganini keltirgan. Ammo bu yerda tushunmovchilik kelib chiqadi. WP katta ehtimol bilan Zelenskiyning BBC'ga bergan intervyusidagi «Qarshi hujum kutganimizdan sekinroq o‘tmoqda» degan gapiga asoslangan.
Ammo Ukraina prezidenti o‘sha suhbatda qarshi hujum haqida aytgan gaplari Zalujniyning fikrini rad etmaydi: «Ko‘pchilik bu Hollivud filmi deb o‘ylaydi va natija bugunoq ko‘rinishini kutadi. Ammo dovga insonlar hayoti tikilgan. Biz haqimizda nima deyishlaridan qat’i nazar, jang maydonida o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgan ko‘rinishda harakat qilamiz», degandi o‘shanda Ukraina yetakchisi.
«Bu shou emas»
Zalujniy ukrain qo‘shinlari frontda belgilangan reja asosida siljiyotganini aytgan. Garchi ba’zan kuniga 500 metr bo‘lsa ham. «Bu butun dunyo tomosha qilib qimorga tikkandek pul qo‘yadigan shou emas. Har bir kun, har bir qarich yer qon bilan olinmoqda. Yetarlicha qurol-yarog‘siz bu rejalar bajarib bo‘lmas tus olishi mumkin, lekin ular albatta amalga oshadi. Balki «shou tomoshabinlari» kutgan tezlikda emasdir, lekin bu ularning muammosi», deydi Zalujniy.
16 oy davomida 49 yoshli Zalujniy katta ishni amalga oshirib, son jihatdan ko‘p, yaxshiroq qurollangan Rossiya armiyasiga qarshi urushayotgan Ukraina armiyasini boshqarmoqda. O‘tgan yil kuzdagi muvaffaqiyatli qarshi hujumga qaramay, Rossiya hamon Zalujniy himoya qilayotgan vatanining beshdan bir qismini egallab turibdi.
Zalujniy Ukraina armiyasini zamonaviy, NATO taktikalaridan boxabar, sovet davridagi kabi markazlashgan boshqaruvdan xalos bo‘lgan chayir kuchga aylantira oldi. Vaholanki, u harbiy ta’lim olishni boshlagan vaqtida mamlakatda aynan markazlashgan boshqaruv amalda bo‘lgan.
G‘arbdagi hamkorlar qachon Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishi haqidagi savol Zalujniyni har kuni o‘ylantiradi. U ko‘zlagan natijasiga bu samolyotlarsiz erishishini kutish mumkinmi?
Zalujniyning o‘zi do‘st deb biladigan va qoyil qoladigan amerikalik hamkasbi Mark Milliga hafta davomida bir necha marta o‘z xavotirlarini ma’lum qilishini aytadi. Ularning suhbati ba’zan soatlab davom etadi. «U hammasini diqqat bilan eshitadi va menga bu masalani yechishda yordam beradi deb o‘ylayman», deydi Zalujniy AQSh armiyasi shtab boshlig‘i Mark Milli bilan suhbatlari haqida. Zalujniy oxirgi suhbatida ham Milliga oyiga qancha snaryad kerak bo‘layotganini ochiq aytgan.
Valeriy Zalujniy amerikalik hamkasbi bilan ochiq gaplashishini ta’kidladi: «Suhbatlarimiz ochiq kechadi. Biz 24/7 ko‘rinishda aloqada bo‘lishga kelishib olganmiz. Shu sabab kelasi haftada 100 ming snaryad olmasak, 1000 kishi halok bo‘ladi. O‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ring, deb ayta olaman».
«Ammo bizga samolyot berilishini Milli hal qilmaydi. Muammo shundaki, bizga samolyot berish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan har kuni juda ko‘p odam o‘lmoqda. Juda-juda ko‘p. Shunchaki qaror qabul qilinmagani uchun, tasavvur qilyapsizmi?» deydi Zalujniy.
Ammo Ukraina qiruvchi samolyotlar oladi, chunki prezident Bayden ukrain uchuvchilarini F-16'ni boshqarishga tayyorlash va samolyotlarni yuborish rejasini qo‘lladi. O‘q-dori yetishmasligi esa Ukraina uchun boshqa muammolar keltirib chiqaradi. Fevral oyida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainada ishlatilayotgan snaryadlar soni «alyans davlatlari ishlab chiqarish tezligini ortda qoldirayotgani»ni aytgandi. Bu esa urush qanchalik uzoq davom etsa, Ukrainada snaryad muammosi shunchalik jiddiylashishidan dalolat.
«Leopard bu – nishon»
Ukraina nihoyat uzoq kutilgan G‘arbning jangovar tanklarini, xususan, Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard tanklarini qo‘lga kiritdi. Bu oyda G‘arb tanklari jang maydonida debyut qildi. Rossiya ulardan bir nechtasini yo‘q qilishga ham erishdi. Suhbat davomida Zalujniy ham buni tan oldi. «Biz Leopard tanklari paradda yurishi yoki taniqli siyosatchilar u bilan suratga tushishi uchun olmaganmiz. Ular bu yerga urush uchun kelgan. Jang maydonida esa Leopard tanklari bu Leopard emas, nishondir», deydi Zalujniy.
Tahlilchilar Ukraina qarshi hujumdagi asosiy zarbani hali amalga oshirgani yo‘q deb hisoblashmoqda. Ularning fikricha, hozir qarshi hujumga yo‘naltirilgan qo‘shinlar hamon Rossiya armiyasining nozik joyini aniqlash bilan band. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hozirgacha 130 kvadrat kilometr hudud ozod qilingan.
Zalujniy shu o‘rinda NATO kuchlari doktrinasini eslash kerak deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyanikiga o‘xshab yozilgan o‘sha doktrinada yerdagi katta operatsiyalar havodagi ustunlik bilan amalga oshirilishi kerakligi aytilgan.
«Ukraina qarshi hujumga o‘tayotganda qaysi doktrinaga amal qilishi kerak? NATOnikigami? Rossiyanikigami? Yoki bu sizning ishingiz emasmi? Sizda o‘z doktrinangiz bor, tanklar bor, ma’lum miqdorda o‘q-dori bor, yana nimalardir bor, siz buni uddalaysiz, deyish nimasi?» deydi Zalujniy.
Ukraina bosh qo‘mondoni kabinetida osmonda bo‘lgan barcha samolyotlarni ko‘rsatadigan maxsus ekran bor. Unda Ukraina G‘arbidagi NATO samolyotlari, Ukrainaning o‘ziga tegishli bo‘lgan samolyotlar va Rossiya uchoqlari ko‘rinadi. «Bizning g‘arbiy chegaralarimizda patrulda turgan samolyotlar soni Rossiya bizning nishonlarni yo‘q qilayotgan samolyotlardan ikki baravar ko‘p. Nega biz o‘sha samolyotlardan hech bo‘lmasa uchdan bir qismini olib, bu yerga joylashtira olmaymiz?» deya yozg‘iradi Zalujniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Su-35 samolyotlari uzoq masofadagi radiolokatsion va raketa tizimlari bilan ishlashda katta ustunlikka ega. Ukrainadagi eski samolyotlar esa unga raqobat qila olmaydi. Oqibatda quruqlikdagi Ukraina qo‘shinlari oson nishonga aylanadi.
«Biz ertagayoq qayta qurollanib, 120 ta samolyot olishimiz kerak demayapman. Menga 120 ta samolyot kerak emas, axir butun dunyoga tahdid qilmoqchi emasman. Juda cheklangan miqdorda bo‘lsa ham zamonaviy samolyotlar kerak. Chunki dushman boshqa avloddagi qiruvchi samolyotlar ishlatmoqda. Bu xuddi kamon bilan hujumga o‘tishdek gap. Agar biz kamon va o‘q bilan qarshi hujumga o‘tsak, hamma esingiz joyidami degan bo‘lardi, lekin bu holatda hech kim bunday demayapti», deydi general.
Zalujniyning fikricha, o‘tgan hafta Rossiyada «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin amalga oshirgan isyon frontga ta’sir qilmagan. Chunki «Vagner» allaqachon jang maydonini tark etib bo‘lgandi. «Ularning mudofaasi kuchsizlangani yoki boshqa turdagi o‘zgarishni sezganimiz yo‘q», dedi u.
Aftidan, endi Zalujniy Belarus bilan chegaradagi yangi muammo haqida bosh qotirishga majbur, chunki «Vagner» jangchilarining bir qismi xo‘jayini ortidan aynan shu davlatga yo‘l oladi. «Menda juda ko‘p xavotirlar bor, «Vagner» ham ulardan biri. Hozir bu haqda gapirsam, boshim aylanib ketadi. Bizning vazifamiz eng yomon va haqiqatga yaqin xatarga tayyorlanish. Har qanday holatda uning xatari kamroq bo‘lishiga harakat qilamiz», deydi Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni.
Zalujniy tayyor turishi kerak bo‘lgan eng yomon holatlardan biri esa Putinning yadro qurolidan foydalanish ehtimolidir. O‘tgan hafta Zelenskiy mamlakat razvedkasi Rossiya Zaporijjya oblastining bosib olingan qismida radiatsiya chiqarish bilan bog‘liq terrorchilik akti tayyorlayotgani haqida ma’lumot olganini aytdi. Bu shaharda esa Yevropadagi eng yirik – Zaporijjya AES joylashgan.
«Bu narsalar meni to‘xtata olmaydi. Tashqaridan yadro zarbasidan qo‘rqing degan chaqiriqlar kelmoqda. Nima, taslim bo‘laylikmi?» deb so‘zini yakunlagan Valeriy Zalujniy.
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024