Jahon | 19:11 / 04.07.2023
39791
8 daqiqa o‘qiladi

«Alloh ko‘rib turibdi, vijdonim toza». Grozniyda sud Zarema Musayevaga hukm chiqardi

Zarema Musayeva - chechenistonlik sobiq sudyaning rafiqasi va huquq faollarining onasi - firibgarlik ayblovi bo‘yicha sud qilindi. Ramzan Qodirov uning oilasini terrorchilar deb atagan. Huquq faollarining fikricha, bu hukm - siyosiy motivga ega.

Foto: YELENA AFONINA/TASS

Qora kurtkali erkaklar yengil kiyingan ayolni poldan ko‘tarib, liftdan sudrab, pod’yezddan sovuq havoga olib chiqishadi. Zarema Musayevaning 2022 yil 20 yanvarida qo‘lga olinishi shunday ro‘y bergandi.

Checheniston IIV xodimlari uning Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga bostirib kirishgan va kuch bilan Grozniyga olib ketishgan. Musayevaga kiyinishiga ham, doimo qabul qilib turishi kerak bo‘lgan insulinni (ayol diabetga chalingan) olishga ham imkon berilmaydi.

Keyingi bir yarim yilni Zarema tergov izolyatorida o‘tkazdi. 4 iyul kuni Grozniyning Axmatov rayoni sudida hukm o‘qildi: u endi besh yarim yilni umumiy tartibli koloniyada o‘tkazishi kerak.

Musayevaning turmush o‘rtog‘i — chechenistonlik sobiq federal sudya Saydi Yangulbayev. Ularning farzandlari Abubakar va Ibragim — huquq faollari va muxolifatchilar. Zarema va Saydi 2017 yildayoq Chechenistondan ketishga majbur bo‘lishgan. Checheniston huquq-tartibot organlari xodimlari Qodirovning tanqidchilarini tutish uchun o‘z nazoratidan tashqarida bo‘lgan hududga kelishi o‘sha vaqt uchun noyob va shokka tushiradigan pretsedent bo‘lgandi.

«Bu oilani yo qamoqda, yoki yer ostidagi joy kutmoqda»

Checheniston hukumati Yangulbayevlarni 1ADAT harakati (muxolifatchi ruhdagi telegram-kanal nomi bilan atalgan) bilan aloqador hisoblaydi, bu harakat a’zolari Qodirovni ochiqchasiga tanqid qiladi va o‘zlarini «Chechenistonni deokkupatsiya qilish tarafdorlari» sifatida namoyish etadi. Harakat Rossiyada taqiqlangan, ularning sayti bloklangan. Abubakar — huquq faoli, u «Qiynoqlarga qarshi jamoa»ning Kavkaz bo‘limi huquqshunosi bo‘lib ishlaydi. U ham, otasi ham 1ADAT bilan aloqalarga ega emasligini ta’kidlaydi: faqatgina Ibragim o‘zining bu harakatdagi ishtirokini tasdiqlagan.

Checheniston uchun Ramzan Qodirovning tanqidchilariga ularning qarindoshlari orqali bosim o‘tkazish odatiy holga aylangan. Qodirov esa bu oiladan qattiq jahli chiqqan. Zarema Musayeva hibsga olinishidan oldin Chechenistonda Yangulbayevlarning 15 qarindoshi yo‘qolib qolgandi.

Zaremani Grozniyga olib kelishgach, uning ishi shov-shuvga aylanib ketganidan keyin Qodirov Yangulbayevlarga ochiq tahdid qila boshladi. «Bu oilani yo qamoqda, yoki yer ostidagi joy kutmoqda. Va bu endi menga bog‘liq emas. Men jamoatchilik kayfiyatidan boxabarman, — degandi o‘shanda u. — Hech bo‘lmaganda birgina chechen tirik ekan, bu oila a’zolari hayotdan bemalol bahra ololmaydi, chunki xalqimizning har bir vakilining sha’niga katta zarar yetkazilmoqda».

Qodirovning maslahatchisi va Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov esa shunchaki oilani qatl etish bilan tahdid qilgandi.

Shundan keyin Saydi Yangulbayev va o‘g‘illari Rossiyani tark etishadi.

Grozniyda esa muxolifatchilar oilasiga qarshi miting uyushtiriladi. Rasmiylar buni «stixiyali» (odamlar o‘zi uyushtirgan) deb ko‘rsatishadi, ammo o‘z-o‘zidan boshlanadigan ko‘p ming kishilik mitinglar Chechenistonga xos emas. «Kavkazskiy uzel»ning yozishicha, amalda uni respublika rasmiylari Moskvaga xalq Qodirovning chiqishlarini yoqlayotganini ko‘rsatish uchun uyushtirgan.

Abubakar Yangulbayev Chechenistondagi qarindoshlari yo‘qolib qolgani haqida xabar berganidan bir yarim oy o‘tib, ularni qo‘yib yuborishganini aytadi. Huquq faoli ularni ortiq xavf ostida qoldirmaslik uchun shundan keyin ular bilan aloqaga chiqmaydi: chunki ularni Yangulbayevlar oilasidan voz kechishlari evaziga qo‘yib yuborishganiga amin edi.

«Odamni qamoqda shunchaki o‘ldirishmoqda»

Avvaliga Zarema Musayevaga politsiyachini haqorat qilish aybi bilan 15 kunga hibsga olish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llangandi. Nafaqat Chechenistonda, balki Rossiyada ham shunday amaliyot mavjud — kimnidir qamoqqa tashlash rejalashtirilgan bo‘lsa, jinoiy ishga material yig‘ishga ulgurish uchun. Musayevaga qarshi ham jinoiy ish qo‘zg‘atiladi: go‘yoki 52 yoshli ayol protokol tuzayotgan uchastka noziriga hujum qilib, Qodirov aytganidek, «ko‘zidan mahrum qilishiga bir baxya qolgan». Keyinroq Musayevaning ishiga firibgarlik bo‘yicha ayblov ham tirkaladi.

«Ular da’vo qilayotgan bu [politsiyachiga] hujum, ularning ritorikasiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida yoki yo‘lda sodir bo‘lgan. Ammo bu endi bu boshqa hududiy yurisdiksiya va boshqa hududiy tergov ishi. Chechenistonda uni hech kim javobgarlikka tortishi mumkin emas», degandi uning o‘g‘li Abubakar Yangulbayev «Nastoyashcheye vremya» bilan suhbatda.

Musayevaning sog‘ligida jiddiy muammolar bor: yaqinlari uning umurtqa churrasi va ikkinchi darajali diabeti borligini aytishgan. U sog‘ligi tufayli uy qamog‘iga o‘tkazishlarini so‘ragan, ammo sud bu iltimosni rad etgan.

2022 yilda sud chog‘ida Musayevaning ahvoli yomonlashadi va u polga yiqiladi. O‘g‘li Abubakar Yangulbayevning so‘zlariga ko‘ra, belidagi og‘riq kuchayayotgani tufayli Musayeva amalda yura olmay qolgan va qamoqdagi sayrlardan foydalana olmagan. «Odamni qamoqxonada shunchaki o‘ldirishmoqda. Va bu hech qanday aybi bo‘lmagan holda», — deya yozgandi u.

Advokatlar Musayevaga tibbiy ekspertiza tayinlashni so‘rashgan - uni shifoxonaga joylashtirish zarurligini isbotlash uchun. Ammo sud ularga rad javobini bergan. 2023 yil iyunida uni tergov izolyatoridan shifoxonaga olib ketishadi, ammo ko‘p o‘tmay qamoqqa qaytarishadi.

Musayevaning advokatlari Chechenistonda o‘zlarini kuzatishayotganini payqashgan.

O‘g‘ilni onaga almashtirish

2023 yil yanvarida Abubakar Yangulbayev Ramzan Qodirovga o‘zini onasiga aylantirishni taklif qiladi.

«Men nimanidir qurbon qilish kerakligini tushunaman. O‘z onamni qurbon qilmoqchi emasman. Men uning uchun o‘z hayotimni qurbon qilishga tayyorman. Endi men qat’iy choralargacha boraman», — degandi u «Xolod»ga bergan intervyusida.

«Agar meni yoki ukalarimni terrorizmda ayblab, o‘g‘irlashganida, amalda bunga deyarli hech kim e’tibor qaratmagan bo‘lardi — Rossiya mediasi va huquq tizimi uchun Chechenistondagi navbatdagi odam o‘g‘irligi odatiy ish bo‘lib ko‘rinadi. Onam bilan bo‘lgan ish esa, axloqdan tashqari ish».

Abubakar Checheniston hukumati onasini qo‘yib yuborish orqali jamoatchilik ongida obro‘siga tushgan dog‘ni tozalashi mumkinligiga umid qilgan. Shuning uchun ular o‘zining taklifiga rozi bo‘lishi mumkin deb hisoblagandi.

Lekin Checheniston hukumati bunday almashuvga rozi bo‘lmadi.

Sudda o‘ziga so‘nggi so‘z berilganida Zarema Musayeva ko‘zda yosh bilan shunday dedi: «Men hech qanday jinoyat qilmadim. Odamlar men qanchalik ko‘ngilchan odam ekanimni bilishadi. Alloh ko‘rib turibdi, mening vijdonim pok».

Mavzuga oid