O‘zbekiston | 13:44 / 04.07.2023
22223
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “moyka” ishchisi mijozning qimmatbaho mashinasini mast holatda boshqarib, “avariya” sodir qildi

Samarqandda avtomobil yuvish shoxobchasi ishchisi mijozning qimmatbaho mashinasini o‘zboshimchalik bilan boshqarib, yo‘l transport hodisasi sodir etgani haqida xabar berilgandi. U ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda u ikkita mashinani zararlab, voqea joyidan qochib ketgani aks etgan.Holat bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumot berdi.

IIBga ko‘ra, 2023 yilning 24 iyun kuni fuqaro X.Z “Hyundai Santafe" mashinasini yuvdirish maqsadida Samarqand shahridagi avtomobil yuvish shoxobchasiga boradi. U o‘sha yerda ishlovchi tanishi B.A.ga mashina va kalitini qoldirib ketadi. B.A. yuvish uchun qoldirilgan mashinani o‘zboshimchalik bilan boshqarib, “Epica” va “Lacetti” mashinalarini borib uradi va yo‘l transport hodisasi sodir etadi.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tergov-tezkor guruhi chiqib, voqea joyi ko‘zdan kechirilib, mashinalar jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar boshqarmasining qo‘shimcha qilishicha, “Hyundai Santafe"ni o‘zboshimchalik boshqargan shaxs ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Avtomobillarga yetkazilgan zarar bo‘yicha ekspertiza tayinlangani ma’lum qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 2023 yilning 3 iyul kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan. Avtomobil yuvish shoxobchasida qoldirilgan «GENTRA»ni olib qochishga uringan shoxobcha ishchisini to‘xtatish uchun ichki ishlar xodimlari qurol ishlatishga majbur bo‘lgani aytilmoqda.

Mavzuga oid