“Yashil makon”: 2 mln tup ko‘chat qo‘shib yozilgan, 7,3 mln tup ko‘chat sug‘orilmaydigan joyga ekilgan
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha monitoringda aniqlangan kamchiliklar haqida ma’lumot berdi.
Uning Qonunchilik palatasi majlisida aytishicha, ekilmagan ko‘chatlarni ekildi deb hisobotga yozish holatlari kuzatilgan. Respublika bo‘yicha jami 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgan.
“Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Farg‘ona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ko‘chat qo‘shib yozilgani aniqlangan”, – dedi vazir.
Ma’lum bo‘lishicha, 1,8 million tup ko‘chatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar belgilanmagan. Bu boradagi eng achinarli ahvol Farg‘ona viloyatida. U yerda 415 ming tup ko‘chatga hech qanday mas’ul belgilanmagan. Toshkent viloyatida 355 mingta, Surxondaryoda 331 mingta, Buxoroda 146 mingta, Qoraqalpog‘istonda 136 mingta ekilgan daraxt e’tiborsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, 7,3 million tup ko‘chat sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilgani oydinlashdi.
“Shuncha ko‘chat parvarishlab, daraxtga aylantirish imkoniyati bo‘lmagan joylarga ekilgan. Jumladan, Navoiy viloyatida 3 million tup, Toshkent viloyatida 2 millionta, Surxondaryoda 404 mingta, Xorazmda 338 mingta, Qashqadaryoda 336 ming tup daraxt umuman sug‘orish imkoniyati bo‘lmagan joylarga ekilgan”, – dedi Aziz Abduhakimov.
Ekologiya vaziriga ko‘ra, ko‘plab holatlarda daraxt va butalarni ekishda ularning tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelish-kelmasligiga e’tibor berilmagan. Janubiy hududlarda o‘suvchi butalar shimoliy hududlarga, shimoliy hududlarda o‘suvchi daraxtlar esa janubiy hududlarda ekilgan.
Aziz Abduhakimov ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash choralarini ko‘rish yuzasidan mas’ullarga 10 961 ta majburiy ko‘rsatma berilgani, talablarni bajarmagan 753 nafar huquqbuzarga nisbatan jami 1 milliard 156 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanganini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu monitoring tadbirlarida dronlardan samarali foydalanmoqda.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
09:24 / 12.12.2024
Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari boshlandi
15:20 / 03.12.2024
IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi
11:59 / 29.11.2024