Jahon | 11:43 / 10.07.2023
7323
3 daqiqa o‘qiladi

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi: Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi kerak

«Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi kerak va bo‘ladi - sharoitlar imkon bergan zahoti», - deydi Kristof Hoysgen. Ammo bu bosqichda uni qabul qilish mumkin emas.

Foto: Tayfun Coskun/AA/picture alliance

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi Kristof Hoysgen Shimoliy Atlantika alyansining Vilnyusdagi sammiti arafasida Ukrainaning NATOga qo‘shilishi tarafdori ekanini aytdi. Hoysgen 10 iyul, dushanba kuni Der General-Anzeiger Bonn va Die Rheinische Post nashrlariga intervyu berdi.

«Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi kerak va bo‘ladi - sharoitlar imkon bergan zahoti», dedi sobiq kansler Angela Merkelning tashqi siyosat bo‘yicha sobiq maslahatchisi. Shu bilan birga, Ukrainaning ushbu bosqichda qabul qilinishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas, chunki bu Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi bo‘yicha Kiyevga yordam ko‘rsatish majburiyati fonida ittifoqni to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga olib keladi. «Biroq Vilnyus sammiti Ukrainaning NATO oilasiga tegishli ekanligini aniq ko‘rsatishi kerak. Biz keyingi bosqichda Ukrainaning to‘liq a’zo bo‘lish shartlarini muhokama qilish uchun NATO-Ukraina kengashidan foydalanishimiz lozim», - deya ta’kidladi Hoysgen. 

Konferensiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev o‘zini himoya qilish uchun barcha zaruriy harbiy vositalar bilan ta’minlanishi kerak, «aks holda Ukraina mavjud bo‘lishni to‘xtatadi». Kiyevning NATOga a’zoligi «mamlakatni qayta qurish uchun zarur bo‘ladigan ulkan sarmoya uchun» eng yaxshi sug‘urta, deya qo‘shimcha qildi u. «Umid qilamanki, AQShda ishlab chiqarilgan F16 qiruvchilarining rejalashtirilgan yordami Ukraina havoda Rossiyaning agressiyasidan yaxshiroq himoyalanishi uchun taqdim etiladi», - dedi forum rahbari. «F16 qiruvchilariga ega bo‘lmagan Germaniya logistika va o‘quv mashg‘ulotlarida yordam berishi mumkin», - dedi u. 

Kristof Hoysgen, shuningdek, rossiyalik harbiylar va «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi yollanma askarlarining «aql bovar qilmaydigan shafqatsizligidan so‘ng» Ukrainaning betaraf bo‘lish imkoniyatini endi tasavvur qilmasligini qo‘shimcha qildi. Bu fonda Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy «NATO himoya soyaboni ostiga kirishga harakat qilmoqda», dedi nashrlar suhbatdoshi. 

11-12 iyul kunlari Vilnyusda NATO sammiti bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid