Sport | 14:46 / 11.07.2023
17433
3 daqiqa o‘qiladi

Baydarka va kanoeda eshkak eshish. O‘zbekistonlik yoshlar jahon chempionatidan medallar bilan qaytishdi 

Italiyaning Auronzo shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazildi. 

Unda o‘zbekistonlik sportchilar 6ta medalni qo‘lga kiritishdi. Yakkalik bahslarida Vladlen Denisov (2ta) va Arina Tanatmisheva kumush, Shohsanam Sherzodova bronza medal sohibiga aylanishdi. Juftlikda esa Vladlen Denisov va Xonzoda Erkinova kumush, Shohsanam Sherzodova va Rustamjon Xolmamadov bronza medalga sazovor bo‘lishdi. 

Sovrindorlar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Kutib olish jarayonidan so‘ng sovrindorlarni suhbatga tortdik. 

Juftlikda kumush medalni qo‘lga kiritgan Xonzoda Erkinova ilk medalini qo‘lga kiritganidan xursand: «Bu kunlarni kutgandik. Juda ko‘p tayyorlangandik. Keyingi musobaqalardan, xususan, sentabr oyida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlaridan oltin medallar bilan qaytishga harakat qilamiz.

2019 yildan buyon yoshlar o‘rtasida ko‘plab musobaqalarda qatnashganman. Bu — o‘smirlar toifasida ilk medalim».

Yakkalik va juftlikda jami 3ta kumush medalga sazovor bo‘lgan Vladlen Denisov oltin medal uchun biroz omad yetishmaganini aytdi: «Moldova, Ispaniya, Germaniyadan qiyin raqiblar bor edi. 1-o‘rin uchun harakat qildik, imkoniyat bor edi, biroz omad yetishmadi.

Endi Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga tayyorlanamiz va medallar uchun bor kuchimizni beramiz». 

Yakkalik va juftlikda bronza medallarini qo‘lga kiritgan Shohsanam Sherzodova quyidagi fikrlarni bildirdi: «Albatta, o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi. Avvalo, murabbiyimizga rahmat. Juftlikda 500 metr masofada Vengriya va Ukrainadan keyin 3-o‘rinni egalladik.

Bu — ikkinchi jahon chempionatim. 2022 yil Vengriya o‘tkazilgan jahon chempionatida 9-o‘rinni egallaganman». 

Arina Tanatmisheva oldindagi Osiyo o‘yinlarida ham g‘alabani ko‘zlaganini yashirmadi: «200, 500, 1000 metrga masofalarda qatnashdim. 1000 metrda kumush medalni qo‘lga kiritdim. 

Jahon chempionatida kuchsiz raqib bo‘lmaydi. O‘tgan yili 8-o‘rinni olgandim, bu safar ikkinchi bo‘ldim. Chempiondan 3 soniyaga ortda qoldim. Osiyo o‘yinlarida ham, albatta, medallar uchun kurashamiz». 

Muxbir — A’zamjon Izzatillayev, 
Tasvirchi — Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid