Jahon | 10:52 / 11.07.2023
24565
11 daqiqa o‘qiladi

G‘arb Ukrainani tokaygacha qo‘llab-quvvatlaydi: NATO sammitidan ko‘p narsa kutmayotgan Kiyev

Bugun Vilnyusda NATO sammiti ochiladi. Undagi asosiy masala Ukrainadagi urush bo‘lishi tabiiy. Biroq, Volodimir Zelenskiy sammitda ishtirok etishga ikkilanayotgandi.

Bryussel. 2023 yil 7 iyul. NATO bosh qarorgohi oldida Ukrainani tezlashtirilgan tartibda alyansga a’zo qilishni qo‘llab uyushtirilgan piket. Foto: IMAGO / Philip Reynaers

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byornsning Kiyevga xufiyona tashrifi, u yerda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikkisi Rossiya bilan sulh kelishuvini muhokama qilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqdagi axborotni 30 iyun kuni The Washington Post nashri chop etdi, shundan so‘ng uni ayrim ukrain nashrlari ko‘chirib e’lon qilgan.

AQSh nashridagi maqolaning mohiyati shundan iboratki, Ukraina Donbassning qandaydir qismi, Shimoliy Qora dengiz bo‘yi va Azov dengizi sohillarini qaytarib olib, Rossiyaning okkupatsiya ostidagi Qrim bilan «quruqlikdagi yo‘lagi»ni uzib, shundan so‘ng muzokaralar uchun tayyor bo‘ladi.

Byornsning Kiyevga tashrifi va Zelenskiy bilan muzokaralari haqidagi xabar oshkor bo‘lishi Ukraina prezidentini jahllantirdi va u OAVda bunday xabarlar paydo bo‘lganidan «taajjubda» ekanini ta’kidladi. CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida u shunday dedi: «Mening MRB rahbari bilan aloqalarim doimo parda ortida bo‘lishi kerak».

Zelenskiyning jahlini chiqargan narsa Byornsning tashrifi oshkor bo‘lganigina emas, muzokaralarning Ukraina jamoatchiligi uchun oshkor etilishi lozim bo‘lmagan detallari ham sizdirilgani bo‘ldi.

Kiyevning rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, urush Ukrainaning 1991 yilgi qonuniy e’tirof etilgan chegaralariga chiqish bilan yakunlanishi kerak. Shu sababli Zelenskiy yana bir bor ta’kidladi: «Toki Qrim rossiyaliklarning okkupatsiyasi ostida qolar ekan, bu faqat bir narsani bildiradi: urush hali tugamaganini».

Biroq, ko‘rinib turibdiki, Ukraina Qrimni o‘z harbiy salohiyati Rossiyaning harbiy salohiyatiga teng bo‘lsagina okkupatsiyadan xalos etishga qodir bo‘ladi, deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin.

Ha, bugun Rossiya qurol-yarog‘ va o‘q-dori ishlab chiqarishda katta muammolarga duch kelmoqda. Buyuk Britaniya qurolli kuchlari qo‘mondoni admiral Toni Radakin Financial Times nashriga bergan intervyusida «Rossiya o‘z armiyasining jangovar qudratining yarmini yo‘qotgani»ni ta’kidlagan: «2022 yilda Rossiya 10 mln artilleriya snaryadi ishlatgan, biroq eng yaxshi holatda ularning o‘rnini to‘ldirish uchun yiliga 1 mln snaryad ishlab chiqarishi mumkin. Rossiya 2500 ta tankidan ayrilgan, eng yaxshi holatda yiliga 200 ta tank ishlab chiqara oladi».

Ehtimol, admiral haqdir, balki vaziyat shundaydir. Lekin shu holatda ham Ukraina Rossiyadan bir qator asosiy, birinchi navbatda hujumkor qurol-yarog‘lar borasida ortda qolmoqda. Bu qurol-yarog‘larsiz, birinchi navbatda harbiy samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarisiz, u albatta uzoq vaqt urush olib borishi mumkin, lekin 2022 yilning 24 fevraligacha nazorati ostida bo‘lgan hududlarni ham qaytarib olishga qodir bo‘lmaydi. Qrim va Sharqiy Donbassni-ku, qo‘yaturing.

Urush boshlanganidan bir yarim yil o‘tib, Amerika isteblishmenti vakillari uzoq sukut va to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etishlardan so‘ng Ukrainaga 1970-yillar oxirida ishlab chiqarila boshlagan to‘rtinchi avloddagi F-16 qiruvchi samolyotlari berilishini va’da qilishdi. Ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash iyun oyida boshlanishiga ham kelishildi. Biroq, bu muddatga ham rioya qilinmadi. Tayyorlashni o‘z zimmasiga olgan Yevropa davlati (dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘nlab F-16 samolyotlarini beshinchi avloddagi ko‘rinmas F-35 samolyotlariga almashtirayotgan Daniya) kechikishni texnik sabablar bilan tushuntirgan. Go‘yoki, nimaningdir hisobini o‘z vaqtida olishmagan.

LBC radiosiga bergan intervyusida NATOning harbiy qo‘mitasi rahbari admiral Rob Bauer ham shunga o‘xshash gapni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «pilotlarni o‘qitish, texnikalarga o‘rgatish, samolyotlarning safda bo‘lishini ta’minlovchi moddiy-texnika ta’minotini tashkillashtirishni qarshi hujum tugaguniga qadar amalga oshirib bo‘lmaydi».

Ukrainlar sabablar siyosiy emas, chindan texnik ekanidan umid qilishmoqda. Ukraina harbiylari esa Byornsni kuzgacha Qrim chegaralariga chiqishlariga ishontirishgan. Lekin osmondan qo‘llov bo‘lmagani sharoitida minalar bilan to‘ldirib tashlangan ochiq makonda olg‘a ilgarilash, raqibning eshelonlangan mudofaasini qadamba-qadam yorib o‘tish Ukraina katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lishiga olib keladi.

Afsuski, ikkinchi variantni ham inobatdan soqit qilmaslik kerak. Qiruvchi samolyotlarning Ukrainaga o‘z vaqtida yetkazilmayotgani sababi texnik emas, siyosiy bo‘lishi ham mumkin. Siyosat deganlari «bir joyga jamlangan iqtisodiyot»ni bildirishini unutmaslik kerak.

Kiyevning NATO bo‘yicha ayrim asosiy ittifoqchilari, eng avvalo asosiy homiy — Vashington vakillarining bayonotlari shunday o‘ylashga undaydi.

Masalan, AQSh prezidenti Jo Bayden 16 iyun kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning a’zolik bo‘yicha reja deb ataluvchi uzoq yo‘lni chetlab o‘tib, Ukrainaga NATOga soddalashtirilgan yo‘l bilan a’zo bo‘lishni taqdim etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytib o‘tdi. Ertasi kuniyoq Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini yengillashtirishga roziligi borasidagi jurnalist savoliga javob berar ekan, Bayden shunday dedi: «Yo‘q. Buning uchun Ukraina zarur standartlarga javob berishi kerak. Shu sababli buni osongina amalga oshira olmaymiz».

NATO bo‘yicha ittifoqchilar orasida Ukrainani alyansga qabul qilish borasidagi ikkilanishlar Zelenskiyni shu qadar xafa qildiki, 3 iyul kuni (Byornsning Kiyevga tashrifidan bir necha kun o‘tib) u Vilnyusda o‘tadigan «tarixiy» sammitga borsammi-bormasammi deya omma oldida aytib yubordi. «NATOning ayrim davlatlari Rossiyadan shu qadar qo‘rqishadiki, ular Ukrainani blokda ko‘rishga ham tayyor emas. Agar bizni u yerda ko‘rishni xohlashmasa, Vilnyusda bu borada biror ishora berishmasa, Ukrainaning bu sammitda qiladigan ishi yo‘q, deb hisoblayman», degan Ukraina yetakchisi.

Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov ham bu borada skeptik kayfiyatda. «Men oddiy bir sabab bilan NATO sammitini yuqori baholay olmayman: bizning jamiyatimizning kutilmalari qanoatlantirilmaydi. Bilaman, qandaydir so‘zlar aytiladi, lekin undan ortiq emas. Men gap nimalar haqida borishini bilaman, nutqlarning qoralamalarini ko‘rdim», — degan u.

Ukraina ittifoqchilarining ikkilanishlari tushunardi. Ukrainaga qarshi Rossiya ochgan urush, boz ustiga, bunday keng miqyosdagi urush — qimmatbaho ish. Biroq ukrainlar G‘arb tomonidan lendliz uchun to‘langan yuzlab milliard dollardan ham ortiq narsani to‘lov qilishdi va qilishmoqda — o‘n minglab insonlar jonini.

Agar g‘arblik ittifoqchilar o‘z biznesi va Moskvaning yo‘rig‘idan yuradigan bo‘lsa, ya’ni Ukrainaga yordamni kamaytirib, uni Kreml bilan muzokara olib borishga majburlaydigan bo‘lishsa, «paydo bo‘lgan realliklardan kelib chiqib» bu nima bilan tugashini tasavvur etish qiyin emas.

Birinchidan, bir ozdan so‘ng shunday hujum tahdidi ostida Rossiya atrofidagi kichik davlatlar — Gurjiston, Armaniston va Belarus qoladi, neft va gazga boy Turkmaniston va Qozog‘iston ham qurbon bo‘lishi ehtimolli. Toki Putin hokimiyat tepasida ekan, u to‘xtamaydi. Qandaydir abstrakt ambitsiyalari tufayli emas, aslo. Shunchaki u yashab qolishi, hokimiyatini saqlab qolishi uchun urush kerak. U hokimiyatini faqat elektoratiga qo‘rqmas va muvaffaqiyatli ekanligini isbotlab tursagina saqlay oladi.

Bundan tashqari, Ukrainadagi urush tugaganidan keyin ham Rossiyadagi iqtisodiy ahvol faqat yomonlashishda davom etadi. Kreml reparatsiyalar to‘lashga tayyor ekaniga shama qildi (Kremlning rasmiy propagandachisi Margarita Simonyan og‘zi bilan), Yevropa bilan neft va gaz savdosini avvalgi hajmlarda tiklash amalda imkonsiz. Bularning barchasi aholi noroziligi va ichki muammolarni faqat navbatdagi urush bilan hal qilish mumkinligini bildiradi.

Ikkinchidan, Ukrainani G‘arb tomonidan sulh imzolashga majburlash shunaqangi Pandora qutisini ochib yuboradiki, buni hozir tasavvur etish ham qiyin. Bir qator demokratik bo‘lmagan va kichik bo‘lmagan davlatlar «shunday qilish mumkin ekan», degan xulosaga keladi. Ya’ni qo‘pol kuch bilan o‘z qo‘shnilari o‘rtasidagi hududiy bahslarni hal qilib, mamlakat ichida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga kirishishadi. Xitoyning Yaponiyaga hududiy da’volari borligini eslash kifoya. Nafaqat Yaponiyaga nisbatan. Hindiston va Pokiston, Argentina va Buyuk Britaniya va boshqa bir qator davlatlar o‘rtasida hududiy bahslar bor. Ularning bir qismi yadroviy qurolga ega barqudrat davlatlar.

Bularni to‘g‘ri anglash boshqacha niyatlarda yoki qo‘rqqanidan Kreml yo‘rig‘iga yurib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechmoqchi bo‘lganlarni yana bir qur o‘z harakatlarini o‘ylab ko‘rishlariga umid qilishgina qolmoqda. Chunki bunday belgilar sekin-asta bo‘y ko‘rsatmoqda.

Nima bo‘lganda ham NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg «prezident Zelenskiy bilan Ukrainadagi so‘nggi voqealar borasida va NATO sammitiga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari haqida juda yaxshi suhbat qurgani, Vilnyusda ittifoqchilar uzoq muddatli istiqbolda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, Ukrainani NATOga yaqinlashtirish bo‘yicha siyosiy aloqalarni mustahkamlash borasida qarorlar qabul qilishi» haqida ta’kidlab o‘tgan.

Zelenskiy esa ABS nashriga bergan intervyusida Vilnyusga «shunchaki aylanib kelish uchun» borishni istamayotgani, sammitda Ukraina alyansga taklif olishi, NATO a’zosiga aylanguncha bo‘lgan muddatda xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishini kutayotganini aytib o‘tgan. 

Mavzuga oid