Iqtisodiyot | 19:10 / 12.07.2023
36563
2 daqiqa o‘qiladi

Dizel narxi arzonlashdi

12 iyuldan birjada sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isi bir tonnasining boshlang‘ich narxi 10 116 972 so‘mdan 9 499 953,08 so‘mgacha arzonlashtirildi. Yarim sintetik dizel yoqilg‘isining ulgurji narxi ham pasaydi.

Foto: Depositphotos

Joriy yilning 12 iyulidan boshlab Respublika tovar-xomashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isi narxi pasaydi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sintetik dizel yoqilg‘isi bir tonnasining boshlang‘ich narxi 10 116 972 so‘mdan 9 499 953,08 so‘mgacha arzonlashtirilgan.

“Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ yarim sintetik dizel yoqilg‘isining narxi bir tonna uchun 13 488 974 so‘mdan 11 673 687 so‘mgacha pasaytiriladi.

"GTL" dizel yoqilg‘isi “Yevro-6” standartining Yevropa sifat darajasiga javob beradigan zamonaviy va yuqori sifatli yoqilg‘idir”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, "GTL" dizeli “Yevro-4” va undan yuqori standart yonilg‘ida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, shuningdek, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan katta gabaritli va maxsus dizel yonilg‘ili transport vositalariga mos keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda O‘zbekistonda dizel narxi yarim yilda 1,5 barobarga oshgandi. Benzin narxlarining sezilarli ko‘tarilishi bilan parallel ravishda dizelning qimmatlashuvi 50 foizga yetdi. Jamoatchilik GTL zavodi ishga tushgan bo‘lsa-da, dizel narxi pasaymaganiga e’tibor qaratgandi.

Shundan keyin “O‘zbekneftgaz” noyabrdan GTL zavodining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan dizel narxi pasaytirilishini ma’lum qildi. Tovar-xomashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isi bir tonnasining boshlang‘ich narxi 12 998 420 so‘mgacha arzonlashtirildi. Kompaniya ishlab chiqarish hajmi oshirilishi bilan narx pasaytirilib borilishini ta’kidlagandi.