«Muammolarni ochiqchasiga va juda keskin aytdim». Rossiyaning yirik armiyasi qo‘mondoni chetlatildi
58-armiya qo‘mondoni Ivan Popov qo‘mondonlikka «zamonaviy urushdagi asosiy fojia» to‘g‘risida hisobot berganidan keyin lavozimdan chetlatilganini ma’lum qildi.
RF 58-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni, general-mayor Ivan Popov «katta boshliqlar» bilan mojaro haqida xabar berdi. Popovning, katta ehtimol bilan faqat o‘z qo‘li ostidagilar uchun mo‘ljallangan murojaatini Davlat dumasi deputati, o‘tmishda 58-armiyaga qo‘mondonlik qilgan Andrey Gurulev o‘z telegram-kanalida e’lon qildi. Popov murojaatida, xususan, «yuqoridagi boshliqlar bilan murakkab vaziyat yuzaga kelgani, bunda tilni tiyib, qo‘rqoqlik qilish va ular istagan narsalarni gapirish yoki barcha narsani o‘z nomi bilan atashga to‘g‘ri kelgani» haqida gapirgan. Popov jim turmaslikka qaror qilgan.
General, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, rahbariyatga Rossiya armiyasidagi «jangovar ish» va ta’minotga taalluqli bo‘lgan muammolarni «keskin» so‘zlar bilan ifodalagan. «Men zamonaviy urushdagi asosiy fojiaga e’tibor qaratdim — bu kontrbatareya kurashi yo‘qligi, artilleriya razvedkasi stansiyalari yo‘qligi va og‘a-inilarimiz raqib artilleriyasidan yoppasiga halok bo‘lishi», — degan Popov.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov 4 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlarining mamlakat janubidagi yurishning yangi bosqichidagi birinchi galdagi vazifasini aytgandi — «[artilleriya olovi bilan] Rus armiyasining jonli kuchlari, texnikalari, yonilg‘i va o‘q-dori omborlari, qo‘mondonlik punktlari, artilleriya va havo hujumidan mudofaa tizimlarini maksimal darajada yo‘q qilish. So‘nggi kunlar [bu borada] ayniqsa serhosil bo‘ldi». Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan 58-armiyaning ham front ortidagi pozitsiyalariga artilleriya zarbalari yo‘llangani aks etgan o‘nlab videolar namoyish etilgandi.
Shundan keyin Popovni lavozimidan chetlashtirishgan. Generalning so‘zlariga ko‘ra, uni ishdan olib tashlash to‘g‘risidagi buyruq «juda tez, shu kunning o‘zida» tayyor bo‘lgan. «Bizning armiyamizga Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari front chizig‘idan o‘tib kirib kela olmadi, bizga orqadagi katta boshliqlarimiz zarba berdi, eng og‘ir va keskin pallada xiyonatkorona va razillik bilan armiyani boshsiz qoldirdi», — degan u.
Popov qo‘mondonlik qilgan 58-armiya RF qurolli kuchlaridagi eng yirik va jangovar tuzilmalardan biridir. Rossiya qo‘shinlarida armiya — bo‘linmalar (diviziyalar, brigadalar, kuchaytirish va xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari)dan tarkib topgan operativ birlashma bo‘lib, armiya iyerarxiyasida undan yuqorida faqat harbiy okrug turadi. 58-armiya 2008 yilda Janubiy Osetiyadagi harbiy nizoda faol ishtirok etgan, Ikkinchi chechen urushida esa asosiy birlashgan guruh bo‘lgan. RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshida 58-armiya Dniproning o‘ng sohiliga va Mariupolga yorib o‘tishni amalga oshirgan asosiy qo‘shinlar bo‘lgan, 2023 yil yozida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumining asosiy zarbalari aynan shu armiya mudofaalanayotgan hududda berilayotgandi.
RF mudofaa vazirligi 58-armiya qo‘mondonligi rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqida rasman xabar bermadi. Ammo RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin RF qurolli kuchlaridagi kadrlar o‘zgarishlari to‘g‘risida rasmiy xabar yoki kechikib beriladi yoki bu haqda boshqa yo‘llar orqali ma’lum bo‘ladi. Xususan, mudofaa vazirligi Popov 58-armiya qo‘mondoni lavozimiga tayinlangani haqida e’lon qilmagan, ammo 2023 yil iyunida u vazirlikning svodkalarida aynan shu rutbada tilga olina boshlagan. RF mudofaa vazirligi hozircha Popovning murojaati yuzasidan izoh bermadi.
General-mayor Ivan Popov «Spartak» chaqiruv belgisidan foydalanadi, o‘z qo‘li ostidagilarni shunga mos ravishda «gladiatorlar» deb atagan. 48 yoshli Popov Shimolyi-Kavkaz harbiy okrugida vzvod komandiridan boshlab turli lavozimlarda xizmat qilgan. 2016 yilda 33-alohida motoo‘qchilar brigadasi komandiri etib tayinlangan. U haqda ochiq rasmiy manbalarda ma’lumot juda kam. «Voyenkor» Vladislav Shurigin Popov «urushning ilk kunlaridanoq o‘z askarlari bilan bo‘lgani, og‘ir jarohat olgani, ammo safga qaytgani»ni eslab o‘tgan.
Harbiy muxbirlar Popov chetlatilganidan qattiq norozi. Shurigin bu hodisani «butun armiyaga berilgan dahshatli zarba» deb ta’rifladi. Aleksandr Kots esa Popovning qo‘li ostidagilardan u haqda «ijobiy fikrlar» eshitganini aytgan, «vaziyatning kelib chiqish tafsilotlaridan bexabarligi»ni qo‘shimcha qilgan va 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni boshqa yuqoriroq lavozimga tayinlanishi mumkinligini taxmin qilgan. Roman Saponkov bu voqeani «armiyadagi ruhiyatga qarshi dahshatli terakt», «diversiya» deb baholagan va «baliq ko‘zli yuzsiz odamlar jangovar generalni ishdan olgani» haqida yozgan. «Rybar» telegram-kanali muallifi Mixail Zvinchuk Popov «shaxsiy tarkib tomonidan ulkan qo‘lloviga ega bo‘lgani» va «oddiy» halol general Popovning chetlatilgani haqidagi yangilik «oldingi chiziqdagi jangchilarning ruhini cho‘ktirishi» haqida fikr bildirgan.
Siyosatchilar va propagandachilar esa Popovning murojaati e’lon qilib yuborilganidan norozi. Senator Andrey Turchak Popovning murojaati omma uchun bo‘lmaganini qayd etgan. Turchakning so‘zlariga ko‘ra, murojaat 58-armiya jangchilari va komandirlarining yopiq chatiga joylashtirilgan, «deputat» (uning postida bu so‘z qo‘shtirnoqda keltirilgan) Gurulev esa qandaydir tarzda qo‘lga kiritgan va «bundan siyosiy shou yaratgan». «Ivan [Popov]ning vijdoni toza. Vatan bunday komandirlar bilan faxrlanishi mumkin», — deya yozgan senator. Turchakning postini propagandachi Margarita Simonyan ham o‘z telegram-kanalida forvard qilgan.
Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasidagilar Popovning bayonotini «o‘rganib chiqish kerak» deb hisoblaydi. «Bu shaxsiy xarakterdagi bayonot, unda turlicha fikrlar mavjud, harbiy harakatlar esa davom etmoqda», — degan Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, general-polkovnik Viktor Zavarzin. «Har bir holat individual yondashuvni talab etadi. Balki xulosalarda, balki baholarda xatolik bo‘lishi mumkin. Biz buni aniqlab olishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u. Uning parlament qo‘mitasidagi hamkasbi Andrey Kartapolov ham Popovning murojaati «tinglangani, ko‘rib chiqilgani va vakolatli odamlar tomonidan choralar ko‘rilishi»ni aytgan.
Popovning murojaatiga munosabat bildirganlarning ko‘pchiligi u yoki bu tarzda Prigojinning isyonini yodga olgan. Xususan, «Rybar» telegram-kanalini yurituvchi Mixail Zvinchuk «Prigojinning isyonidan keyin „jodugar ovi“ boshlangani va „muammo haqida aytgan — dushman“ prinsipi» yana stolga qaytganini yozgan. Zvinchukning ma’lumotiga ko‘ra, Popovning murojaatidagi «katta boshliq» — bu RF bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovdir. Uni Prigojin ham ochiqchasiga tanqid qilgandi. «Popov va Gerasimov o‘rtasidagi ziddiyat asosiy muammoga chiroq tutadi: RF qurolli kuchlarida birdamlik yo‘qligiga», — deya qayd etgan u.
Mavzuga oid
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024