Jahon | 13:34 / 15.07.2023
30813
11 daqiqa o‘qiladi

Taqdir g‘aroyibotlari: samolyotning old oynasidan chiqib ketgan uchuvchi qanday tirik qolgandi?

1990 yilda Britaniyadan Ispaniyaga uchayotgan samolyotning old oynasi uzilib ketadi. Uchuvchilar kabinasiga kirgan kuchli shamol ekipaj komandirini tashqariga tortib ketadi. Uchuvchi samolyotdan chiqib ketar ekan oyog‘i shturvalga ilinadi, tanasi fyuzelajga yopishib qoladi. Shu paytda soniyalar ichida bort kuzatuvchi uning oyog‘idan tutib qoladi. Samolyotni qo‘ndirishganida uchuvchi tirik qolgan, biroq tanasining aksariyat qismini sovuq urgandi

Aviatsiya tarixida juda ko‘p turli hodisalar yuz bergan. Ularning ayrimlari fojia bilan tugab, odamlar halok bo‘lgan. Boshqalarida esa yo‘qotishlar bo‘lmay, barchasi yaxshilik bilan tugagan.

1990 yilda Britaniyadan Ispaniyaga parvoz qilgan BAC 1-11 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa ham qayg‘uli yakun topishi, samolyot uchuvchilarsiz qolib halokatga uchrashi va undagi barcha o‘lib ketishi mumkin edi.

Biroq barchasi yaxshilik bilan tugaydi va ekipaj komandiri hamda bort muhandisi tanasining bir qismini sovuq urganini hisobga olmasa, boshqa yo‘qotishlar bo‘lmaydi.

Samolyot

BAC 1-11 reaktiv samolyoti o‘rta masofalarga uchishga mo‘ljallangan bo‘lib, uni Britaniyaning British Aircraft Corporation kompaniyasi 1960-yillar boshida ishlab chiqara boshlagan.

Samolyotning dastlabki sinov parvozi 1963 yilda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. 1965 yildan boshlab unda yo‘lovchi tashishni boshlashgan.

BAC 1-11 samolyotlaridan jami 244 dona ishlab chiqarilgan bo‘lib, undan asosan Britaniyaning British Airways va AQShning American Airlines aviakompaniyalari foydalangan.

Samolyot 80-90 nafar atrofida yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan va ularga asosan olti nafar ekipaj a’zosi xizmat ko‘rsatgan.

BAC 1-11 samolyotlari Rolls Royce kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita dvigatel bilan harakatlangan. Uning maksimal tezligi soatiga 871 kilometr bo‘lib, samolyot 10 670 metr balandlikkacha ko‘tarila olgan.

Britaniyadan Ispaniyaga parvoz qilgan BAC 1-11 1971 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, u hodisa sodir bo‘lgan kungacha 37 724 soat parvoz qilgan edi.

2019 yilda British Airways BAC 1-11 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatgan. Biroq dunyoning juda ko‘p davlatlarida undan foydalanishda davom etishmoqda.

BAC 1-11  samolyoti / Foto: commons.wikimedia.org

Hodisa

1990 yil 10 iyun kuni Britaniyaning British Airways aviakompaniyasiga qarashli BAC 1-11 samolyoti Birmingemdan Ispaniyaning Malaga shahriga qarab parvoz qiladi. O‘sha kuni uning bortida 81 nafar yo‘lovchi, 6 nafar ekipaj a’zolari bor edi.

Samolyot Birmingem aeroportidan soat 7:20 da havoga ko‘tariladi. Oradan 13 daqiqa o‘tgach samolyot Oksfordshir grafligida joylashgan Didkot shahri tepasida 5273 metr balandlikda ucha boshlaydi.

Ekipaj komandiri Tim Lankaster va ikkinchi uchuvchi Alastar Atchinson xavfsizlik kamarini taqib bemalol bo‘lishadi. Bort kuzatuvchilari esa yo‘lovchilarga ovqat tarqata boshlashadi.

Shu paytda samolyot kabinasining chap tomonidagi old oyna fyuzelyajdan ajralib chiqib ketadi. Uchuvchilar kabinasiga kirgan kuchli shamol xavfsizlik kamarini taqib o‘tirgan ekipaj komandirini kreslosidan yulib oladi va tashqariga tortadi.

Shu paytda uchuvchining oyog‘i shturvalga ilinib qoladi. Ana shu holat uchuvchining samolyotdan uchib chiqib ketishiga to‘sqinlik qiladi va uni muqarrar o‘limdan saqlab qoladi.

Kuchli shamol Tim Lankasterni fyuzelajning tom qismiga, uchuvchilar kabinasi tepasiga yuzi tepaga qaragan holda yopishtirib qo‘yadi. O‘sha paytda uchuvchilar kabinasida bo‘lgan bort kuzatuvchisi Nayjyel Ogden darhol uchuvchining oyoqlariga yopishadi.

Foto: natgeotv.com

U kuchli sovuq shamol esayotganiga qaramasdan ekipaj komandirining oyoqlarini qo‘yib yubormaydi.

«Men kuchli shovqin eshitdim va darhol uchuvchilar tomonga qaradim. Samolyotning chap tomonidagi oynasi yo‘q, ekipaj komandiri Tim Lankasterning faqat oyoqlari ko‘rinib turardi. Darhol uning oyoqlariga yopishdim», degan edi keyinchalik Nayjyel Ogden.

Vaziyat juda tahlikali edi. Ekipaj komandirining oyog‘i Nayjyelning qo‘lidan chiqib ketishi yoki ularning har ikkalasini ham tortib ketishi mumkin edi. Shamol hatto ikkinchi uchuvchining samolyotni boshqarishiga xalal berishi mumkin edi.

Bunday holatda samolyot halokatga uchrab undagi barcha odamlar halok bo‘lishi tayin edi. Vaziyat qaltisligini anglab turgan bort kuzatuvchisi Nayjyel matonat bilan ekipaj komandirining oyog‘ini mahkam ushlab turadi.

Biroq o‘sha paytda samolyotga kirayotgan kuchli sovuq shamol unga urilar, Nayjyel bunday holatga uzoq dosh bera olmasligi aniq edi. Shu sababli ikki nafar bort kuzatuvchilari darhol unga yordamga yetib kelishadi. Boshqalari esa yo‘lovchilarni tinchlantirib, barcha xavfsizlik kamarlarini taqib olishi lozimligini ayta boshlashadi.

«Men Timni ushlab turar ekanman, kuchli shamol unga qo‘shilib meni ham tortib keta boshladi. Shu paytda bort kuzatuvchilaridan biri darhol kamarimdan mahkam ushlab meni tutib qoldi. Shunda ham Timni uzoq vaqt ushlab tura olmasdim. Bort kuzatuvchisi uning to‘pig‘idan kresloga bog‘lab qo‘ydi. Shu paytda uchuvchilar kabinasi eshigi oldida turgan bort kuzatuvchilaridan biri «Uni qo‘yib yuborishimiz kerak» dedi. «Men hech qachon bunday qilmayman. Bunday qilsam uning oila a’zolarining ko‘ziga qanday qarayman?» deb javob berdim», deya eslagandi hodisani Nayjal Ogden.

Hodisa avvalida kuchli shamol ekipaj komandirini tortib ketar ekan, shu paytda aloqa uskunasiga zarar yetadi. Oqibatda uchuvchilar va dispetcherlar o‘rtasidagi aloqa uzilib qoladi.

Bu paytda samolyot uchayotgan balandlikda havo harorati qariyb 20 daraja sovuq bo‘lib, kuchli shamolda fyuzelaj tepasiga yopishib qolgan ekipaj komandirining tirik qolishi dargumon edi.

U fyuzelajga yopishib qolgan zahoti ustidagi kiyimlarini shamol yulqib tortib ketgan, egnida faqat shimi qolgan edi. Bunday sharoitda u sovuq havoga uzoq dosh bera olmasdi. Shu sababli ekipaj komandirini ushlab turgan bort kuzatuvchilari uni halok bo‘ldi deb o‘ylay boshlashadi.

Foto: wiadomosci.gazeta.pl

Ikkinchi uchuvchi hodisa sodir bo‘lgan paytdayoq o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va darhol boshqaruvni qo‘lga oladi. So‘ng avtopilotni yoqib, avariyaviy qo‘nishni amalga oshirish uchun samolyotni ortga qaytarib pastlay boshlaydi.

Ikkinchi uchuvchi dispetcherlar bilan bog‘lana olmagach darhol ogohlantirish signali yuboradi va Londondagi Gatvik aeroportiga qo‘nishga ruxsat so‘raydi. Unga samolyot uchayotgan joyga eng yaqin bo‘lgan Sautgempton shahri aeroportiga qo‘nishga ruxsat berishadi.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib samolyot Sautgempton aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘nadi. Darhol yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish ishlari boshlanadi. Eng avval ekipaj komandirini shifoxona olib ketishadi.

Joni qattiq uchuvchi

Og‘ir vaziyatga tushib qolganiga qaramasdan ekipaj komandiri tirik edi. Uni darhol shifoxonaga yetkazib borishadi. Tekshirib ko‘rilganda uchuvchi tanasining ko‘p qismini sovuq urgani oydinlashadi.

Bundan tashqari, uning o‘ng qo‘li, chap qo‘lidagi bir nechta barmog‘i singan, tanasining bir nechta qismi jarohatlangan edi.

Ekipaj komandiri bir necha oy davolanadi va hodisadan olti oy o‘tib yana o‘z ishiga qaytadi va samolyotlarni boshqarib parvoz qila boshlaydi. Bir necha yildan so‘ng Tim Lankaster 55 yoshga to‘lganda aviakompaniya uni nafaqaga chiqaradi.

Shifoxonada davolanayotgan ekipaj komandiri hamkasblari bilan Foto: www.alamy.com

Ekipaj komandirini oyog‘idan ushlab turgan bort kuzatuvchisi Nayjyel Ogdenni tekshirib ko‘rishganda uning yelkasi chiqib ketgani, yuzi, quloqlari va ko‘zini sovuq urgani oydinlashadi.

Umumiy hisobda kabina oynasi chiqib ketgandan samolyot ortga qaytib qo‘nguncha 22 daqiqa vaqt o‘tgan va Tim Lankaster shuncha vaqt qariyb 20 daraja sovuqda, soatiga 700-800 kilometr tezlikda uchayotgan samolyot fyuzalejga yopishgan holda o‘tkazadi. Bunday holatda uning tirik qolishi mo‘jiza edi.

Hodisa yuzasidan tekshiruv

BAC 1-11-528FL samolyoti bilan sodir bo‘lgan salbiy hodisa yuzasidan Britaniya aviatsiya hodisalarini taftish qilish bo‘limi tomonidan surishtiruv olib boriladi.

Surishtiruv davomida samolyotga 27 soat oldin yangi old oyna qo‘yilgani, Birmingem-Malaga qatnovi yangi oyna qo‘yilgandan keyingi ilk parvoz bo‘lgani aniqlanadi.

Uchuvchilar kabinasidagi oynaning o‘rni tekshirib ko‘rilganda uni fyuzelajga o‘rnatishda ishlatilgan 90 ta boltdan 84 tasi belgilangandan kichik o‘lchamda bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Eng qizig‘i eski old oyna ham o‘sha boltlar bilan qotirilgani va samolyot shu tarzda 4 yil parvoz qilgani oydinlashadi.

Hodisani taftish qilgan bo‘limning yakuniy xulosasida hodisaga British Airways aviakompaniyasining Birmingem aeroportidagi texnik xizmat ko‘rsatish bazasi boshlig‘i aybdor ekani ko‘rsatiladi. Yangi old oyna uning bo‘limi tomonidan o‘rnatilgan edi.

Baza boshlig‘i parvozdan oldin samolyotni ko‘rikdan o‘tkazishda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan deb topiladi. Jumladan, parvozdan oldin yangi old oyna qo‘yilgan paytda baza boshlig‘i uni qotirish uchun kichik razmerli boltlar ishlatilayotganiga e’tiborsizlik qilgan.

Ko‘p o‘tmay ikkinchi uchuvchi Alastar Atchison, bort kuzatuvchilari Nayjyel Ogden va unga yordam bergan Syuzan Gibbins mukofotlanadi. 1992 yilda Alastar Atchison xalqaro uchuvchilar uyushmasining maxsus mukofoti bilan taqdirlanadi.

AMERICAN AIRLINES foydalangan BAC 1-11 samolyoti. Bu samolyotlarda ikkita dvigatel qanotlarga emas, uning dum qismiga o‘rnatilgan. Foto: www.surclaro.com

Shu hodisadan so‘ng British Airways aviakompaniyasi BAC 1-11 samolyotlaridan foydalanishni butunlay to‘xtatadi. Kompaniya bu turdagi samolyotlarning barchasini sotib yuboradi.

Keyinchalik mazkur voqea haqida hujjatli filmlar ishlanadi. Britaniyalik taniqli yozuvchi Steyenli Styuart esa «Favqulodda holat: samolyot kabinasidagi noxush hodisa» asarini yozib chop ettiradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid