O‘zbekiston | 18:50 / 15.07.2023
9743
4 daqiqa o‘qiladi

Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘tkazilgan reydlarda 327 mlrd  so‘m zarar undirilgani ma’lum qilindi

Bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishida prokuratura organlarining 2023 yil I yarim yillik faoliyat yakunlari haqida hisobot berildi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

15 iyul kuni videoselektor rejimida o‘tkazilgan yig‘ilishda prokuratura organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish akademiyasi, bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hay’at majlisida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruza qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarining to‘liq va qat’iy bajarilishini ta’minlash prokuratura organlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi ekanligini alohida ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, insonning huquq va erkinliklari qonunlar va davlat organlari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi haqidagi konstitutsiyaviy qoida prokuratura organlari faoliyatini tashkil etishning eng asosiy tamoyiliga aylanadi.

Yig‘ilishda barcha sohalarda nazorat faoliyatini amalga oshirishda, eng avvalo, Konstitutsiyaning davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi uqtirilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

“Shu bilan birga, Konstitutsiya normalarini tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qo‘llashning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, bu faoliyatni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklari, shaxsiy va oilaviy siri, uy-joy va mol-mulki daxlsizligini qat’iy ta’minlash, ulardan mahrum qilish yoki cheklashga faqatgina qonuniy asoslarga ko‘ra va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi har bir xodim e’tiboriga yetkazildi.

Shaxsni asossiz ushlash, qamoqqa olish, javobgarlikka noqonuniy tortish, qiynoq va boshqacha tarzdagi tazyiq holatlariga yo‘l qo‘ymaslikning zarur choralarini ko‘rish, bunday qonunbuzilishlarga nisbatan keskin munosabat bildirib borish barcha darajadagi prokurorlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi qayd etildi.

Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari faoliyatida bundan keyin keskin o‘zgarishlar bo‘lishi zarurligi belgilandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Hay’at yig‘ilishida prokuratura organlarining 2023 yil I yarim yillik faoliyat yakunlari haqida alohida so‘z yuritilgan. Ta’kidlanishicha, prokuratura organlari tomonidan o‘tgan yarim yilda aniqlangan qonun buzilish holatlari 91 mingdan ortiq nazorat hujjatlarini qo‘llash orqali bartaraf etilgan, 225 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,3 trln so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan. Nazorat faoliyati bilan birgalikda bevosita prokurorlar sa’y-harakati bilan qisqa muddatda 120 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, qariyb 157 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid choralar doirasida 19 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, qariyb 18 ming nafarining muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan, natijada 12 469 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishilgan.

Prokurorlar ko‘magi bilan dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan qurilish, yoqilg‘i-energetika, ekologiya sohalarida tashkil etilgan yangi tuzilmalar faoliyati ham hay’at tomonidan muhokama qilingan. Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 6 003 ta obektni o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 1,4 trln so‘m mablag‘lar tejalishi, 27,5 mlrd so‘mlik budjet pullari talon-toroj qilinishining oldi olinishi ta’minlangan.

Yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan 113 mingta reyd tadbirlari davomida, 31 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 327 mlrd so‘m zarar undirilgan.

Mavzuga oid