«Arsenal»da supertransferlar va tarkibi yangilanayotgan «Siti». So‘nggi transfer xabarlari
So‘nggi kunlarda amalga oshirilgan asosiy transferlar, kutilayotgan o‘tishlar va keng tarqalgan mish-mishlar.
Yana bir yulduzli futbolchi Saudiya Arabistoniga ketishi kutilmoqda, Lukaku esa barchasini o‘zi barbod qildi.
«Arsenal» supertransfer amalga oshirdi
APLda yangi transfer rekordi o‘rnatildi. Bu ertami kechmi ro‘y berishi tayin edi, ammo bunda kim bunday xarajat qilgani paradoksli vaziyat keltirib chiqaradi. Bu «Manchester Siti» yoki «Nyukasl»ning arab shayxlari ham, «Chelsi»ning pullarini behuda sarflaydigandek taassurot qoldirayotgan xo‘jayini Todd Boeli ham emas, balki uzoq yillar ziqnalik va ehtiyotkorlik so‘zlarining sinonimiga aylangan «Arsenal» bo‘ldi.
«Kanonirlar» muqaddam shunday omillar tufayli ko‘plab yulduzlaridan ayrilgandi, o‘tgan mavsumda esa dramani boshdan kechirdi va qo‘lidagi sovrinni boy berib qo‘ydi, shu tufayli yozda tarkibni kuchaytirishga qaror qildi. Angliya milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan bo‘lgan Deklan Rays «Vest Hem»dan bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda rekord miqdordagi 105 million funt sterlingga (122 mln yevro) sotib olindi va londonliklarning bu yozdagi «Chelsi» forvardi Havers (71 mln yevro) va «Ayaks» himoyachisi Timberdan (42 mln yevro) keyingi uchinchi xaridiga aylandi.
Tomas Parti o‘rniga tayanch yarimhimoyasida ham, Jaka o‘rniga hujumkor yarimhimoyachi vazifasida ham o‘ynay oladigan ushbu 24 yoshli futbolchi bungacha butun faoliyatini «Vest Hem»da o‘tkazgandi va yangi klubida ham o‘zining sevimli 41-raqamida to‘p suradigan bo‘ldi.
«Milan» AQSh milliy jamoasining bosh yulduzin transfer qildi
«Milan» rasman «Chelsi» vingeri Kristian Pulishichni o‘z safiga qo‘shib oldi. Transfer qiymati 20 mln yevro va qo‘shimcha bonuslardan iborat. Pulishich 2027 yil yoziga qadar shartnoma tuzdi va unda bu kelishuvni yana bir yilga uzaytirish huquqi bo‘ladi. Kristian «Milan»da 11-raqamni o‘ziniki qildi. Amerikalik vinger 2019 yildan buyon «Chelsi» safida o‘ynab kelayotgandi, undan oldin esa Dortmundning «Borussiya» klubi a’zosi bo‘lgandi.
Aaron Remsi uyga qaytdi
«Arsenal»ning sobiq yarimhimoyachisining faoliyati yakunlanib bormoqda. «Yuventus»da ishlari yurishmagan futbolchi Remsi endi «Nitssa»ni ham tark etdi va kutilganidek erkin agent sifatida «Kardiff Siti»da paydo bo‘ldi. Bu klub 32 yoshli futbolchi uchun qadrdon klub sanaladi — u aynan shu klubda tarbiyalangandi va faoliyatini boshlagandi. Aaron bilan shartnoma ikki yilga mo‘ljallangan.
«Leypsig» Yevropaning istiqbolli forvardlaridan birini qo‘lga kiritdi
Lua Openda haqida butun o‘tgan mavsum davomida gapirildi va asosiy intriga uning kelajagi borasida edi. Top-klublar haqida ham gaplar yurgandi, ammo «Leypsig» barchadan aniqroq taklif bilan chiqdi. Nemislar xasislik qilmadi va «Lans»ga ushbu 23 yoshli hujumchi uchun 43 mln yevro to‘ladi — bu ikki klub uchun ham rekord miqdordagi summa hisoblanadi. Shartnoma besh yil muddatga mo‘ljallangan, Openda Bundesligada 17-raqamda harakat qiladi.
Uolker «Bavariya»ga o‘tishga rozilik berdi
Transfer deyarli hal bo‘lgan. «Manchester Siti»ning 33 yoshli himoyachisi trebldan keyin kelajagi borasida uzoq o‘yladi va Florian Plettenbergning ma’lumotiga ko‘ra, baribir «Bavariya»ga o‘tishga rozilik berdi. Myunxendagilar angliyalik futbolchining qaroridan xabardor va endi transferni tezroq rasmiylashtirish ustida ishlashmoqda. Klublar ham barchasini kelishib olishgan, shunday ekan bu transfer yakunlanish bosqichida turibdi, transfer qiymayti esa 15 mln yevro va qo‘shimcha bonuslardan iborat bo‘ladi. Bu transferda asosiy rolni «Bavariya» ustozi Tomas Tuxel bajargan.
Top-klublar Pavar uchun kurashmoqda
Fransiya milliy jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan va anchadan buyon «Bavariya»dan ketishni o‘ylab yurgan himoyachi katta ehtimol bilan shu yozda maqsadiga erishadi. Kerri Hauning tasdiqlashicha, Benjamenga bir necha top-klublar qiziqish bildirmoqda, ular orasida «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Yuventus» ham bor. 27 yoshli futbolchi yangi haftada yakuniy qarorni qabul qilishi mumkin. «Bavariya» Pavar uchun kamida 30 mln yevro olishni mo‘ljallagan.
«Barselona» ham uzoq vaqt davomida Pavar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib turgandi, ammo moliyaviy muammolari tufayli poygada ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.
Fabritsio Romanoga ko‘ra, «Manchester Siti» Kayl Uoker «Bavariya»ga ketadigan bo‘lsa, uning o‘rniga Benjamen Pavarni olib kelishni maqsad qilgan. Yaqin vaqtlar ichida klublar muzokaralarni boshlaydi.
«Inter» Lukaku bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi
Romelu uchun yomon yangilik bor. Fabritsio Romanoning yozishicha, «Inter» bosslari belgiyalik hujumchining «Yuventus» bilan muzokaralaridan xabar topib, darg‘azab bo‘lishgan va endi uni transfer qilish fikridan qaytishgan. Yaqin vaqtlar ichida italyan klubi «Chelsi»ni kelishuvdan chiqqani haqida xabardor qiladi. Bungacha «Inter» uni 30 mln yevroga sotib olmoqchi bo‘layotgani haqida xabarlar bor edi.
Endi 30 yoshli futbolchida ikki variant qolgan — «Yuventus» yoki Saudiya Arabistoni. Turinliklar faqat Dushan Vlahovichni sotsagina, Romeluni xarid qilishi mumkin. Serbiyalik hujumchiga ayni vaqtda «PSJ»dan jiddiy qiziqish mavjud.
«MYu» ikki transfer bo‘yicha ishlamoqda
Sky Spors nashri xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» «Inter» bilan 27 yoshli darvozabon transferining barcha jihatlarini kelishib bo‘lgan. 17 iyul kuni yakunlanadigan kelishuv shartiga ko‘ra, italyan klubi 50 mln yevro oladi, shuningdek bonuslar ham ko‘zda tutilgan.
The Athletic xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» «Atalanta» forvardi Rasmus Hoylund transferi ustida ham ishlarni davom ettirmoqda. Ingliz klubi rahbariyati ushbu transfer doirasida Fred va Donni van de Bekni ham almashishni ko‘zlagan. Ammo «Atalanta» ushbu futbolchilarga qiziqish bildirmayapti. Bergamoliklar jamoasi bosslari Hoylund uchun 100 mln yevroga yaqin mablag‘ ishlashni istamoqda va bunda transferga qo‘shimcha futbolchilar qo‘shilishiga qarshi. Bundan avvalroq «MYu» Meyson Grinvud va Amad Dialloni ham ushbu transferga qo‘shmoqchiligi xabar qilingandi.
«Barsa» o‘ng qanot himoyasi uchun yulduz futbolchi topdi
Gap Joau Kanselu haqida bormoqda. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, katalonlar klubi 29 yoshli portugaliyalikni o‘ng qanot himoyachi pozitsiyasi uchun ustuvor variant sifatida belgilab olgan. Kanselu hozirga qadar «Manchester Siti»ga tegishli va ingliz klubi uni sotishni istamoqda. O‘tgan mavsumda Joauning Pep Gvardiola bilan munosabatlari buzilgandi va qishda uni «Bavariya»ga ijaraga berib yuborishgandi. Myunxenliklar uni sotib olishni istamadi va futbolchi uchun yangi klub topish kerak.
Qayd etishlaricha, «Barsa» uchun Kanselu — narx va sifat borasida eng adekvat variant bo‘ladi. Klub shuningdek «Valyadolid» futbolchi Ivan Fresnedaning variantini ham ko‘rib chiqqan, ammo bu klub futbolchisi uchun 20 mln yevro so‘raganidan keyin kataloniyaliklar fikridan qaytgan.
Yoz avvalida «Manchester Siti»dan Ilkay Gundo‘g‘anni erkin agent sifatida qo‘lga kiritgan «Barsa» «shaharliklar»ning yana bir futbolchisiga qiziqmoqda. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, klub Bernard Silvani o‘z safiga qo‘shib olishni ko‘zlagan. Kataloniyaliklar portugaliyalik yarimhimoyachini 2024 yil yozida sotib olish huquqi bilan ijaraga olmoqchi. «Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Silva shu yozda ketishni istasa, qo‘yib yuborishini va’da qilgan. «Barsa» esa bundan foydalanmoqchi, chunki Bernardu ham aynan shu klubga o‘tishni istaydi.
«Nyukasl» Xvicha bo‘yicha megataklif yo‘lladi
Kvaratsxeliya Yevropa top-ligalaridan birida o‘ynay boshlaganiga bir yil bo‘ldi, ammo u barchani o‘z o‘yini bilan hayratga sololdi va endi uning transferi uchun katta pul sarflashga tayyor jamoalar bir talay. Tuttomercatoweb Saudiya Arabistonidagi manbaga tayanib yozishicha, «Nyukasl» «Napoli»ga ushbu 22 yoshli gurjistonlik vinger uchun 95 mln yevro taklif qilgan.
Lekin Angliya klubining imkoniyatlari katta emas. «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis o‘zining asosiy aktivini sotmoqchi emas — klubdagilar u bilan shartnomani yangilash ustida ishlamoqda.
Mahrez Saudiya Arabistoniga ketishga tayyor
Aftidan, Yevropa futboli tez orada yana bir yulduzli futbolchidan ayriladi. Fabritsio Romanoning yozishicha, Riyoz Mahrez «Al-Ahli»ning taklifini qabul qilishga tayyor, bu klub unga 2026 yilga qadar shartnoma va yiliga 20 mln yevrolik maosh taklif qilgan. Saudiyaliklar «Manchester Siti»ga rasmiy taklif yuborish va shundan keyin 32 yoshli jazoirlik vinger tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Yangi haftada bu transfer bo‘yicha hal qiluvchi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Mourino Moratani ko‘zlagan
«Roma» ham tarkibni kuchaytirishga harakatlarini davom ettirmoqda. Calciomercato manbasiga ko‘ra, Alvaro Joze boshqaruvidagi jamoaga o‘tish uchun maoshi miqdori kamayishiga ham rozi. Morata «Atletiko» bilan hozirgi shartnomasiga ko‘ra, yiliga 6 mln yevro maosh oladi, Italiyada esa unga yiliga 4,5 mln yevro to‘lashlari mumkin. Mourino, shuningdek Paulo Dibala ispaniyalik futbolchini «Roma»ga o‘tishga ko‘ndirish uchun qo‘ng‘iroq qilgan.
Asosiy muammo: «Atletiko» 30 yoshli hujumchisi uchun qancha pul talab qilishida. Taxminlarga ko‘ra, bu 10 mln yevrodan 25 mln yevrogacha bo‘lishi mumkin. Eng yomon holatda «Roma» uni ijaraga olishga harakat qilib ko‘radi.
Mavzuga oid
14:17 / 06.09.2024
Transfer oynasi sarhisobi: Top-15 klublarning yozgi kampaniyasi reytingi
18:33 / 30.08.2024
Yevropada dedlayn. So‘nggi soatlarda kutilayotgan transferlar
18:13 / 28.07.2024
«MYu» katta pul sarflamoqda, «Milan» ispaniyalik yulduzni qo‘lga kiritdi. Yevropadagi so‘nggi transferlar
21:05 / 26.07.2024