Jahon | 12:12 / 17.07.2023
21972
6 daqiqa o‘qiladi

«Dengizlar ramzi» ulkan layneri sayohatga tayyor. U nimasi bilan hayratlanarli?

“Dengizlar ramzi” deb nomlangan “Titanik”dan 5 barobar katta layner 2024 yildan sayohatni boshlaydi. Mayamidan to Sharqiy va G‘arbiy Karib dengizini 7 kun aylanish narxi 3000 dollardan 15 000 dollargacha yetadi. Suzib yuruvchi ulkan mehmonxonada hatto golf o‘ynash, teatr tomosha qilish mumkinligi aytilyapti.

Foto: Getty Images

“Cruise ship” o‘zbek tilida “sayohat kemasi” ma’nosini beradi. Bunday kemalarning yuk tashuvchi laynerlardan farqi faqat sayohat uchun mo‘ljallanganida. Shunday laynerlardan biri “Icon of the Seas”(Dengizlar ramzi) o‘z sayohatini boshlash arafasida.

Icon of the Seas

“Dengizlar ramzi” nimasi bilan hayratlanarli?

Finlandiyadagi Meyer Turku zavodida ishlab chiqarilgan “Dengizlar ramzi” 22 iyun kuni o‘zining ochiq dengizga ilk sinov suzishini yakunladi. Ma’lum bo‘lishicha, sinovlar davomida “Icon of the Seas” yuzlab kilometr yo‘l bosib o‘tgan. Uning dvigatellari, korpus, tormoz tizimlari, rul boshqaruvi, shovqin va tebranish darajalari tekshiruvdan o‘tkazilgan. Oktyabrda sayohatini boshlashi kerak bo‘lgan kema shamol tufayli 2024 yilning yanvarida safar qiladigan bo‘lgan.

Royal Caribbean International kompaniyasiga tegishli bo‘lgan bu layner sayohatchilar orasida yaxshigina shov-shuvlarga sabab bo‘lyapti. Chunki u ayni vaqtda dunyodagi eng katta “suzuvchi mehmonxona” deb e’tirof etilyapti.

Uzunligi 365 metr, og‘irligi 250 tonna 800 kilogramm. Ulkan layner 5610 yo‘lovchi va 2350 nafar ekipajni o‘z ichiga oladi. Kema 20ta palubadan iborat, 8ta mahallaga ega.

Turar joy qismi dengizdagi eng katta suv parki bo‘lishi kutilyapti. Kema ichida “Category 6” deb nomlangan 6ta suvli attraksion bor.

Royal Caribbean International kompaniyasi bunday kemalar qurish tajribalarini 50 yildan beri amalga oshirib keladi. “Dengizlar ramzi” layneridan oldin kompaniyaning “Wonder of the Seas” layneri dunyoning eng katta sayohat kemasi sifatida tanilgandi.

Layner ichida nimalar bo‘ladi?

Kema 1 yil davomida Mayamidan boshlab Sharqiy va G‘arbiy Karib dengiziga 7 kunlik ta’tilga chiqadi. Laynerda sayohat qilish narxi joyiga qarab 3,408 dollardan boshlanib, 15386 dollargacha boradi. Qanchalik yaqin sanalarda chipta olsangiz, shuncha qimmatroq to‘laysiz. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, chiptalar kunlik rekord darajada tez sotilyapti. 

Sayohat davomida ovqatlanish, turli ichimliklar ishish va 40dan ortiq ko‘ngilochar usullarda hordiq chiqarish, golf o‘ynash ham mumkin. Kemada 28 xil turdagi turar joylar bor. Ko‘proq joy oilaviy sayohatga chiqqanlar uchun ajratilgan.

Ayni damda 2600ga yaqin ishchi kemani suzish uchun tayyorlamoqda. Ikkinchi sinov sayohati 2023 yilning oxirida bo‘lishi kutilyapti.

Kema dizayni haqida odamlar fikri

Kompaniya kema dizaynini e’lon qilganda, bu Twitter foydalanuvchilari orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar laynerning tashqi ko‘rinishini qo‘pol va beso‘naqay deb hisoblagan.

“U xuddi dahshatli tushga o‘xshaydi”, – degan bir foydalanuvchi. Boshqasi esa uni ko‘rganida qo‘rqqanini yozgan.

Yana boshqalar bu rasm Pixar kompaniyasi multfilmlarini eslatib yuborishini yozgan bo‘lsa, kimdir kemani Titanikka o‘xshatgan.

“Menimcha bu filmni oldin ko‘rganman. Yakun Jyekka yoqmagan”, – deb yozgan boshqasi. 

“Dengizlar ramzi” yagona emas

Bunday ulkan kemalarning dengiz sayohatiga chiqishi 1990 yillardan boshlangan. 2000 yillardan boshlab har yili 9-10ta kruiz dengiz sayohatiga kirib keladi. Ular xuddi suzuvchi mehmonxonaga o‘xshaydi. Mehmonxona taqdim qiladigan barcha qulayliklarga ega. Mega kemalarda verandali palubalardan tortib, teatrlar, mazali taomlarga ega restoranlar tarmog‘i, kurort zonalar, fitnes markazlari, kazinolar, sport inshootlari va hattoki attraksionlarni ham uchratish mumkin.

“Icon of the Seas” laynerigacha eng katta sayohat layneri “Wonder of the Seas” deb atalib, u ham Royal Caribbean International kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. 2022 yilda dengizga kirib borgan bu kema uzunligi 362 metr, og‘irligi 236 857 tonnani tashkil qilgan. 18 palubadan iborat. Eng ko‘pi bilan 6988 yo‘lovchini sig‘dira oladi.

Unda mehmonlar uchun 16 ta paluba, 20ta restoran, 4ta basseyn va 2867ta kabina, bolalar maydonchasi, basketbol maydoni bor. Bu laynerda konkida ham uchsa bo‘ladi. Uning 1400 o‘rinli teatri, 30 o‘rinli ochiq suv teatri va 10 mingdan ortiq o‘simlik va gullarga ega bo‘lgan parklari bor.

Bundan tashqari, Royal Caribbean International’ning “Symhony of the Sea” (2018), “Hormony of the Sea ”(2016), “Allure of the Sea” (2009) kabi loyihalari dengizdagi eng katta mehmonxonalar o‘rnini bo‘shatmay kelyapti.  

Mavzuga oid