O‘zbekiston | 20:43 / 18.07.2023
10952
5 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Jurnalist va ikki matbuot kotibi ustidan sud jarayoni boshlandi

Telegram'dagi kanal orqali tovlamachilik qilish va boshqa jinoyatlarda ayblanayotgan to‘rt nafar sudlanuvchi ustidan sud jarayonlari yopiq tarzda kechadigan bo‘ldi. Kun.uz bu boradagi savollar bilan Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovga murojaat qildi.

18 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida Telegram'dagi Kompromatuzb kanali orqali davlat amaldorlariga tovlamachilik qilganlikda gumonlanayotgan to‘rt kishi ustidan sud jarayonlari boshlandi.

Dastlab ochiq tarzda, OAV vakillari ishtirokida boshlangan protsess, sudlanuvchilardan ba’zilarining iltimosiga ko‘ra, yopiq ko‘riladigan bo‘ldi.

Bu jinoyat ishi haqida 27 yanvarda ma’lum bo‘lgan, o‘sha kuni Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev (sudlanuvchi), sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari sayt ofisidan olib ketilgan edi. Davlat xavfsizlik xizmati qo‘lga olinganlar Telegram'dagi “Kompromatuzb” va boshqa kanallar orqali qilingan tovlamachilik jinoyatlariga aloqadorlikda gumonlanayotganini bildirgandi. Keyinroq jinoyat ishiga sobiq mehnat vazirining matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva hamda sobiq “O‘zbekneftgaz” raisining matbuot kotibi Siyovush Hoshimov gumonlanuvchi sifatida jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.

Muslim Mirzajonovning 18 iyul kuni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, uni qo‘lga olingan kuni kechqurun qo‘yib yuborishgan. U Human.uz saytining “Kompromatuzb” Telegram-kanaliga aloqasi yo‘qligi, saytning muassisi hisoblanuvchi korxonaga moliyaviy taqiq tushgani ortidan ko‘plab xodimlarni ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri kelgani, loyiha 2-3 kishi ishtirokida davom ettirilayotganini aytdi.

“Agar jurnalist sifatida aytadigan bo‘lsam, sud jarayoni albatta ochiq bo‘lishini istagandim. Chunki shaffof bo‘lsa, vaziyatni hamma ko‘rib tursa, biz uchun ham, jurnalistlar uchun ham, tinglovchi uchun ham yaxshi. Lekin o‘zining shaxsiyati nuqtayi nazaridan ayrim ayblanuvchilar yopiq bo‘lishini istadi. Bu narsaga baho berishim qiyin. Sud adolatli o‘tishini kutamiz”, – dedi Muslim Mirzajonov.

Sud jarayoni yopiq ko‘rilishi yuzasidan Kun.uz'ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov izoh berdi.

“Dastlab sudda OAV vakillari ham ishtirok etayotgan edi, to‘g‘ri. Ko‘rganingizdek, sud tomonidan ochiq yoki yopiq tarzda ko‘rilishi so‘ralganda, sudlanuvchilarning ayrimlari uni yopiq tarzda ko‘rilishini istashdi. Shuningdek, bunda prokuror va advokatlarning iltimosnomasi ham inobatga olindi”, – dedi u.

Aziz Obidovga ko‘ra, agar yopiq ko‘rilishini so‘ragan sudlanuvchilarning iltimosi inobatga olinmaganda, ularning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazilishi mumkin edi.

Oliy sud vakili bu jinoiy ishning katta lavozimdagi amaldorlarga aloqadorligi faktining ish yopiq ko‘rilishiga daxli yo‘qligini qayd etdi. “Yo‘q, bunday farazlar noto‘g‘ri. Bu masala siz aytayotgan odamlarning mansabi bog‘liq emas. Sudlanuvchilar iltimosiga ko‘ra bo‘ldi”, – dedi Obidov.

Aziz Obidov sudlanuvchilardan biriga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi – tanosil yoki OITS/OIV kasalligini tarqatish ayblovi ham qo‘yilgani Oliy sud tomonidan ochiqlangani bo‘yicha e’tirozlarga munosabat bildirdi.

“Avtomatik tarzda yopiq ko‘riladigan ishlar kategoriyalari bor. JKning 113-moddasi esa bu turkumga kirmaydi. Hayotga va sog‘liqqa xavf soluvchi jinoyatlar turkumiga kirib, yopiq tarzda ko‘rilishi belgilanmagan bu modda. Bunday tarzda sud tomonidan ayblov e’lon qilish aybsizlik prezumpsiyasini buzish hisoblanmaydi. Hali ko‘rib chiqiladigan ish sifatida ko‘riladi”, – dedi Oliy sud matbuot xizmati rahbari.

Mavzuga oid